
“Barsa” rahbariyati va Xavi de Yong uchun adolatsizlik qilmoqda
Gollandiyalik yarim himoyachi Frenki de Yongning "Barselona"dagi kelajagi hamon noma’lumligicha qolmoqda.
"Manchester Yunayted"dan foydali taklif bo‘lishiga qaramay, de Yong ingliz klubiga o‘tishni qat’iyan rad etmoqda. Bu esa kataloniyaliklarning maoshlarni kamaytirish borasidagi rejalarini buzmoqda.
"Barselona" rahbariyati futbolchiga, agar klubda qolish niyati bo‘lsa, maoshini kamaytirish kerakligini aytgan.
Shuningdek, "ko‘k-anoranglilar" ustozi Xavi yangi mavsum o‘yin vaqti qisqarishi mumkinligi borasida de Yongni ogohlantirgan, deb xabar beradi “Mundo Deportivo”. Nashrning yozishicha, bunday taktika Frenkini Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan ketish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi.
Futbolchi o‘tgan mavsumda La Liga doirasidagi 32 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 3 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar