
Bahrom Haydarov: "Biror yangilik o‘ylab topishimiz kerak"
Superliganing 17-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Neftchi” (1:2) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Juda gapirish qiyin bo‘lyapti. Biror yangilik o‘ylab topishimiz kerak. Yomon o‘ynaganimizda ham alam bo‘lmasdi. Alamli mag‘lubiyatlarimiz ko‘payib ketyapti. Bahona emas. Futbolchilar mehnat qilyapti, ammo alamli mag‘lubiyatlar juda achinarli. Har bir uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrashga haqli emas. O‘zbekistonni eng kuchli klublaridan biriga qarshi maydonga tushdik. O‘ylaymanki, munosib o‘yin ko‘rsatdik. O‘yin mobaynida yaxshi imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Raqibda saviya, mahorat evaziga biroz tashabbus bo‘ldi. Ammo umumiy ma’noda bizdan kuchli ko‘rinmadi. Echinish xonasida hech kim hech nima deya olmayapti. Gapirish qiyin bo‘lyapti. Har bir gapimiz bahonaga o‘xshab qolyapti. Hayot davom etadi, bir kun bu narsa “ochilib” ketishi kerak. Hamma narsani yakuni bo‘lishi lozim. Mag‘lubiyatli seriyamiz qachondir tugashi kerak.
- “Neftchi” bilan hamkorlikda ishlasa bo‘ladimi? Masalan, ulardan Shoxruh Gadoev olindi, bugun yaxshi o‘ynadi...
- Hamkorlikni har bir klub bilan qilsa bo‘ladi. Boz ustiga ular bilan bitta viloyatdanmiz. Biroq sport jihatidan olganda, baribir maydonga chiqqanda ming bitta viloyat jamoalari bo‘lgan taqdirda ham ikkala tomon bir-biriga qarshilik ko‘rsatib futbol o‘ynashimiz kerak. Boshqa masalalarda, o‘yinchilar oldi-berdisida nafaqat “Neftchi”, balki boshqa jamoalar bilan ham hamkorlik qilsak yaxshi bo‘lardi.
- Yozgi selektsiyada yangi o‘yinchilar olindi. Abdug‘ofur Haydarov “Surxon”da zaxiradan o‘tirgan futbolchi edi. O‘tgan yili yaxshi o‘ynagan...
- Bu bolaga kelsak, o‘tgan yili yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, bu yil ham yomon o‘ynamayotgandi. “Surxon”dan olgan ma’lumotimizga qaraganda, yil boshida yaxshi o‘ynadi. Keyinchalik, yoshlarda baribir o‘zgarishlar bo‘lib turadi, yosh toifasida terma jamoaga tushdi. Keyinchalik klubda Ali Abdurahmonovni hujumga qo‘yishganidan keyin u ham asosiy tarkibda o‘ynab ketdi. Shu jihatdan raqobatda yutqazib qo‘ydi. Ammo Abdug‘ofur yosh bo‘lishiga qaramasdan mahoratli o‘yinchi. Kutyapmiz, shuning uchun ham oldik. Andijonda yomon o‘ynamadi, bugun ham omadi kelmadi. Zarbalari to‘singa tegdi. Eng asosiysi, futbol o‘ynashga qo‘rqmaydi. Bunday o‘yinchi albatta jamoaga foyda keltiradi. Oldinda hali uchrashuvlarimiz ko‘p. U albatta “Qo‘qon-1912” uchun foyda keltiradi. Unga ishonaman.
- Levchenko maydon yaxshi emasligi haqida gapirdi. Fikringiz qanday?
- Albatta, yaxshi maydonda o‘ynashni xohlaymiz. O‘zbekistondagi deyarli barcha maydonlar ideal darajaga keltirilgan. Bizni maydonni bunday holatga kelib qolganligini sababini topishyapti. Bunday maydon hozirgi holatga O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi. Rahbariyatimiz, maydonga javob beradiganlar harakat qilishyapti. Yaqin orada yaxshi holatga keladi.
Fikrlar