"Babayanning ketganidan hayron bo‘lmadim, namanganlik muxlislar qo‘ng‘iroq qilishdi" - Baxtiyor Ashurmatov

  • 2 iyul, 2024, 08:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassis Baxtiyor Ashurmatov anchadan beri biror klubda ko‘rinish bergani yo‘q.

Tecno

Yaqinda “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan iste’foga chiqarildi. Uning o‘rniga bir qator nomzodlar tilga olinmoqda. Ularning orasida aynan Baxtiyor Ashurmatov ham bor. Xo‘sh, bu qanchalk asosli? Shu sababli Sports.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu murabbiy bilan bog‘landi va qator masalalarda suhbatlashdi.

- Gapni dangal boshlaymiz. Sizni yana “Navbahor”ga qaytishingiz mumkinligi haqida eshitdik. Bunda haqiqat bormi?

- Gapning ochig‘i, Samvel aka Babayan jamoadan ketganini eshitib xayron bo‘lmadim. Chunki natija bo‘lmasa murabbiy javobgarlikni o‘z bo‘yniga oladi. Namanganlik muxlislar qo‘ng‘iroq qilishdi. Baxtiyor aka aloqaga chiqishdimi sizga, kelsangiz xursand bo‘lamiz deb. Qaysi jamoada ishlagan bo‘lsam xam muxlislar bilan doimo do‘stona munosabatda bo‘lganman. Ayniqsa, namanganlik muxlislar mening qalbimdan chuqur o‘rin olishgan. Men uchun namanganlik muxlislar va qo‘qonlik muxlislar dunyoda eng zo‘r muxlislar. Namanganlik muxlislarga rahmat. Menga ishonishgani va doimo qo‘llab- quvvatlaganlari uchun. Doimo sog‘-salomat bo‘lishsin. “Navbahor”ga murabbiylikka bir nechta nomzod borligini eshitdim. Lekin men “Navbahor” jamoasi rahbarlari bilan muzokara olib borganim yo‘q. Jamoaga qaysi murabbiyni taklif qilish qaroriga kelishsa ham “Navbahor” jamoasi, uning muxlislari uchun xayrli bo‘lsin. Men esa  bor e’tiborimni bolalar futboliga qaratganman. Futbol maktabimizni rivojlanishi uchun izlanishdaman.

- Babayanning Navbahordan ketishini kutganmidingiz?

- Samvel aka Babayanning “Navbahor”dan ketishini kutgandim. Chunki natija yaratib berilgan sharoitlarga yarasha bo‘lmadi. “Navbahor”ning muxlislari O‘zbekistonda eng zo‘rlaridan, ajoyib tarzda jamoani qo‘llab-quvvatlashdi. Rahbariyat ajoyib sharoitlar yaratib berdi. Samvel aka ham yaxshi natija uchun harakat qildi. Lekin natija shunga yarasha bo‘lmadi. Tag‘in ham jamoa muxlislari va rahbariyati sabrli bo‘lishdi. Murabbiylar shtabiga oxirigacha imkoniyat berishdi. Lekin derbidagi “Andijon”ga mag‘lubiyat juda alamli bo‘ldi. Bosh murabbiyga ham bu mag‘lubiyat og‘ir bo‘lganligi aniq. Qo‘shimchasiga Samvel akaning sog‘ligida muammo paydo bo‘ldi. Biroq mening fikrimcha “Andijon”dagi mag‘lubiyatdan keyin murabbiyni almashtirish qaroriga kelingan yoki Samvel aka natija bo‘lmaganligi uchun ketishga qaror qilgan.

- Yana murabbiylikka qaytish istagingiz bormi?

- Rostini aytaman: Superliga jamoalarida ishlashga hozir katta xohishim yo‘q. Hozirgi ishimga bor vujudim bilan kirishganman. Lekin doimo aytganman: men ishlashni xohlagan bir-ikkita jamoa bor. Bu jamoalardan taklif bo‘lsa ko‘rib chiqishim mumkin. Boshqa klublarga bosh murabbiylikka yoki boshqa lavozimga chaqirishsa bu takliflarni o‘ylamasdan ham rad qilaman va bor e’tiborimni hozirgi ishimga qarataman.

- Endi o‘zingizni butunlay bolalar futboliga bag‘ishlaysizmi?

- Ko‘pdan beri futbol maktabi ochishni rejalashtirib yurgandim. Xudoga shukr, jiyanlarim Rustamjon va Nodirjon bilan maslahatlashib birgalikda futbol maktabi ochishga muvaffaq bo‘ldik. “Ashurmatov junior” futbol maktabimiz endi rivojlanmoqda. Shu sababli boshlagan ishimizni oxirigacha etkazmoqchiman. Xudoga shukr mehrim tushgan shogirdlarim bor. Uyimdan uzoqdagi jamoalarda ishlab farzandlarimga ham e’tiborni kamaytirib yuborgan ekanman. Hozir uchta o‘g‘limni o‘zim qo‘shimcha shug‘ullantiryapman. Ular ham ko‘z tegmasin yaxshi tomonga o‘zgarishdi. Shogirdlarimni va boshlagan ishimni  tashlab ketishga ko‘zim qiymaydi. Futbolga boradigan farzandlarim kelajagi uchun ham hozirgi ishim foydaliroq.

- Adashmasam, sizga Qirg‘izistondan ham taklif tushgan ekan-a?

- Mavsum boshida shunaqa gap bor edi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra bu ish amalga oshmadi. Bir yil davomida ishlamadim. Mavsum boshida ayrim jamoalarga o‘rinbosarlar tarkibida bo‘lsa ham ishlash yoki birorta yordamchi lavozimida ishlash taklifi bilan ham ayrim klublarga taklif bilan chiqdim. “Buxoro”da yordamchi bo‘lib ishlash fikri ham bor edi. Lekin bu ishlar ham amalga oshmadi. Xudoga shukr, hammasi yaxshilikka bo‘lgan ekan. Hozirgi ishimdan rohatlanyapman. To‘g‘ri, bir kunda 6-7 soat ishlashga to‘g‘ri kelyapti. Lekin oldiga aniq maqsad qo‘ymagan jamoalarda yoki bosh murabbiylikdan boshqa lavozimda ishlagandan ko‘ra hozirgi ishim yaxshiroq. Vaholanki, qaysi jamoada ishlagan bo‘lsam vijdonan ishlaganman. Byudjeti katta bo‘lmagan jamoalarda ishlaganman. Avvalo Xudo, lekin byudjeti yaxshi jamoalarda ishlaganimda va vaqt berilganda ishonchim komil yaxshiroq natija ko‘rsatgan bo‘lardim, deb o‘ylayman. Mendan doimo katta natijalar kutishgan. Byudjeti kam jamoalarda ishlaganim hech kimni qiziqtirmagan. Byudjeti kam jamoalarda ishlashimga qaramasdan vijdonan va yaxshi natija uchun harakat qilganman. OKMK bilan Kubokdagi g‘alaba, “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan Superligada 5-o‘rin olganimiz, “Turon” bilan o‘tish o‘yinida “Lokomotiv”ni yutib Superligaga chiqqanimiz, “Navbahor” bilan 2014-2015 yilgi mavsumda 4-5 oylab pul olmasdan ham Superliga etakchi jamoalariga munosib qarshilik ko‘rsatganimiz murabbiylik faoliyatimdagi men uchun esda qolarli yutuqlar deb o‘ylayman. Chunki o‘sha yillari “Navbahor”da hozirgi sharoitlarni o‘ndan biri ham yo‘q edi. Shu sababli ham namanganlik muxlislar hozirgacha o‘sha yillardagi jamoani iliq eslashadi. Bundan ortiq natijaga erishish har qanday murabbiyga ham oson bo‘lmasdi. Ishlagan paytimda ko‘p noxolisliklarni ko‘rdim. Shu sababli oldingidek qaysi jamoa rahbari yordam bering desa obdan o‘ylamasdan rozi bo‘lmayman yoki byudjeti kam yuqori o‘rinlarga kurashish imkoniyati yo‘q jamoalar taklifini ko‘rib chiqmayman. Gapni indallosi hozirgi ishimni tashlab ketish niyatim yo‘q. To‘g‘ri, ertaga nima bo‘lishi yolg‘iz Allohga ayon. Boya aytganimdek, men ishlashim mumkin bo‘lgan bir-ikkita jamoa bor. Lekin mavsum boshida men ishlashga tayer bo‘lgan jamoalar meni ishga taklif qilishsa ham bormagan bo‘lardim.

- Umuman, kuchli tarkibga ega bo‘lgan "Navbahor" nega oxirgi paytlarda muvaffaqiyatsiz qatnashyapti, deb o‘ylaysiz?

- Ochig‘i, “Navbahor”ning bu mavsumda bunaqa ko‘p ochko yo‘qotishini kutmagandim. Men uchun ham bu jumboq. Chunki chempionlik uchun jamoada hamma sharoitlar etarli. Ajoyib sharoit yaratib berayotgan rahbariyat, ajoyib muxlislar, yaxshi tarkib bor. Ammo natija qoniqarli emas. Balki murabbiy o‘zgarishi jamoaga yaxshilikka bo‘lar. O‘ylaymanki, bu mavsumda “Navbahor” oxirigacha chempionlik uchun kurashadi. Fikrimcha, bu yilgi mavsumda baribir chempionlikka asosiy da’vogarlar “Navbahor” va “Nasaf” jamoalari deb o‘ylayman. To‘g‘ri bu yil chempionlikka ko‘p jamoalar kurashyapti. OKMK yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. “Neftchi” yaxshi tarkib tuza olgan. Biroq kutilmaganda ko‘p ochkolar yo‘qotmoqda. “So‘g‘diyona” hozir yaxshi holatda. “Andijon” yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Shu sababli chempionlik uchun kurash qizg‘in kechadi. Men uchun esa 1-davraning eng yaxshi jamoasi “Andijon”, eng yaxshi murabbiy Xomyakov, 1-davraning eng yaxshi muxlislari “Andijon” muxlislari. Chempionlik uchun kurashayotgan har bir jamoaga va har bir jamoaning muxlislariga omad tilayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Сафаров Кахрамонжон
02/07/2024 10:53
Хакикатдан хам Бахтиёр Ашурматов халол ва тажрибали сабрли колаверса Узбек футболи учун куп мехнатини сарфлаган ажойиб инсон каерда булса хам Омад унга ёр булсин