Aziz G‘aniev: O‘yindan oldin murabbiyimiz gol urishimni aytgandi

  • 11 iyun, 2019, 09:55
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor kuni kecha Andijonda O‘zbekiston hamda Misr olimpiya terma jamoalari o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni uchrashuvda ikkinchi gol muallifiga aylangan Aziz G‘aniev ham o‘yin haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Azizbek, g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yindan qanday taassurotlar oldingiz?

- Biz bu uchrashuvga jamoamiz bilan juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘yindan oldin Misr terma jamoasining o‘yinlarini ko‘rib, tahlil qilgan holda raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib chiqqandik. Natijada murabbiyimizning ko‘rsatmalarini bajarishga harakat qildik. Bugun jamoaviy o‘yin evaziga g‘alaba qozondik deb o‘ylayman.

- Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdingiz va o‘yin oxirlarida jarima zarbasidan gol urdingiz. O‘sha vaziyatda gol urishingizni sezganmidingiz?

- Albatta, gol bo‘lishiga ishonchim komil edi. O‘yindan bir kun oldingi mashg‘ulotlarimizda ham shunga o‘xshash standart vaziyatlardan gollar urgandim. O‘shanda murabbiyimiz ham menga, «sen ertaga gol urasan», deb aytgandi. Qisqasi, menda gol urish uchun ishonch bor edi.

- Misr sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Raqibimiz ajoyib jamoa ekan. Albatta, bugun ularg qarshi qiyin o‘yinni o‘tkazdik. Ikkinchi uchrashuvda ham ularga qarshi yanada yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Stadiondagi muhit haqida nima deysiz?

- Hammasi ajoyib ko‘rinishda bo‘ldi. Muxlislarga bizni boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlashgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bizni yaxshi kutib olib, yaxshi sharoitlarni yaratib bergani uchun tashkilotchilarga ham rahmat aytaman.

- Siz og‘ir jarohat tufayli ancha vaqt futbol o‘ynay olmadingiz. O‘sha paytlarda tushkunlikka berilmadingizmi?

- Albatta, jarohat tufayli maydondan tashqarida bo‘lib qoldim. Lekin jarohat ham futbolning bir qismi. Lekin mana shunday paytda menga yordam berib, qo‘llab-quvvatlagan barcha katta rahmat aytmoqchiman. Xudoga shukrki, jarohatdan hech qanday asorat qolmadi. Bundan buyog‘iga faqat oldinga harakat qilamiz.

- Jarohat tufayli ko‘p narsa yo‘qotdim deb o‘ylamaysizmi? Boisi, o‘sha paytlarda sizda legioner maqomiga aylanish uchun oldingizda yaxshi imkoniyatlar bor edi…

- Hali yoshman va hammasi men uchun oldinda. Hech nima yo‘qotmadim deb o‘ylayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
11/06/2019 13:07
качон жахон чемпионатига чикишимизни хам айтсин мураббийимиз