
Ayollar futboli: XVIII O‘zbekiston kubogiga qur’a tashlandi
Bugun, O‘zbekiston Professional futbol ligasi binosida ayollar futboli bo‘yicha 18-bor tashkil etilayotgan Kubok o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Unda mamlakat milliy chempionati oliy ligasida ishtirok etayotgan 15 ta jamoa hamda 1-liga a’zosi “Xorazm” jamoasidan vakillar qatnashdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.
Qur’a tashlashda jamoalarning mavqelariga e’tibor qaratildi. Avvaliga amaldagi chempion “Bunyodkor” hamda Kubok sohibi “Sevinch” jamoalarining musobaqaning dastlabki bosqichlaridayoq bir-biriga ro‘baro‘ kelmasligi oldi olindi – o‘zaro qur’aga ko‘ra biri “setka”ning yuqorisiga, ikkinchisi quyi qismiga joylashdi. Bu tartib navbati bilan “Metallurg” va “Sho‘rtan” klublari bilan ham davom ettirildi. Yakunda ikki mintaqada qatnashayotgan va quyi o‘rinlarda borayotgan jamoalar uchun umumiy qur’a tashlandi.
Qur’aning yana bir ahamiyatli jihati, o‘z mintaqalarida quyi o‘rinlarda borayotgan jamoalar kuchli deya e’tirof etilayotgan klublarni o‘z maydonlarida qabul qilishadi. Bitta o‘yindan iborat bo‘lgan nimchorak final uchrashuvlari g‘oliblari chorak finalga yo‘llanma olishadi.
Nimchorak (1/8) final o‘yinlari taqvimi:
27 iyun (payshanba)
«Navbahor» - «Sevinch»
28 iyun (juma)
«Xorazm» - «So‘g‘diyona»
«Surxon» - «Lokomotiv»
29 iyun (shanba)
«Qizilqum» - AGMK
30 iyun (yakshanba)
«Buxoro» - «Metallurg»
«Andijanka» - «Paxtakor»
1 iyul (dushanba)
«Neftchi» - «Sho‘rtan»
«Dinamo» - «Bunyodkor»
Chorak final o‘yinlari 19-22 avgust kunlariga belgilangan.
Fikrlar