
Asror Aliqulov: "Aral Samali" o‘yin oxiriga qadar chuqur himoyaviy taktikasidan voz kechmadi"
Pro-Liga 24-turidan o‘rin olgan "Sho‘rtan" - "Aral Samali" (3:0) uchrashuvidan so‘ng jamoamiz bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob berdi.
- "Aral Samali" jamoasi so‘nggi uchrashuvlarni mehmonda o‘tkazmoqda va o‘z darvozasidan ko‘p to‘p olib chiqmoqda. Biz bugun raqibdan qarshi hujumga asoslangan himoyaviy o‘yinni kutgandik. Ular shu taktika asosida harakat qilishdi. Biz tezkor gol kiritishimiz shart edi. Birinchi bo‘limda uchta gol kiritdik. Ikkinchi bo‘limda futbolchilarimiz osoyishtalikka berilishdi. Biz yana ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Lekin ularni golga aylantira olmadik. "Aral Samali" jamoasi uchrashuv so‘ngiga qadar chuqur himoyaviy taktikasidan voz kechmadi. Asosiysi, g‘alaba qozondik, lekin ikkinchi bo‘limda gol kiritmaganimiz meni qoniqtirmadi.
- Ikki o‘yindir-ki Muhriddin Zoirov asosiy tarkibdan o‘rin olmayapti. Buning sababi nimada?
- Oldingi bellashuvda biz Asad Samariddinovning o‘yinidan qoniqish hosil qilgandik. Shu sababli bugun ham unga imkoniyat berishga qaror qildik. U bugun gol urmagan bo‘lsa ham raqib himoyachilarini bosim ostida ushlab turdi. Muhriddinni ikkinchi bo‘limda tushirdik. Chunki raqib himoyachilari birinchi bo‘limda toliqishlarini bilardik. Lekin Zoirov bugun o‘zining yaxshi o‘yinini o‘ynadi, deb ayta olmayman.
- Bekzod Suvonov anchadan buyon zaxirada edi. Oxirgi o‘yinlarda unga imkoniyat beryapsiz va u buni oqlamoqda...
- Bekzodni uyg‘otishga ko‘p vaqt sarfladik. Uning oxirgi o‘yinlaridan qoniqish hosil qilyapmiz. So‘nggi ikki oy davomida mashg‘ulotlarda ham o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqda. Suvonov o‘zining mehnatlari evaziga asosiy tarkibdan joy olmoqda.
"Sho‘rtan" futbol klubi matbuot xizmati.
Fikrlar