Ashurmatov "Buxoro"da ham "mo‘’jiza" ko‘rsata oladimi?

  • 22 mart, 2019, 11:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavjud muammolar girdobiga tushib qolgan “Buxoro” klubi hozirgi paytda yangi mavsumga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tayyorgarlikni olib bormoqda. Bu yil ham jamoada bir qator o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Bosh murabbiylikka esa Baxtiyor Ashurmatov tayinlandi. Aytish mumkinki, qo‘qonlik mutaxassis yana bir bor qiyin vaziyatdagi jamoani boshqarishga kirishdi. Shu bois unga yangi mavsum davomida qiyin bo‘lishi aniq. Chunki uning oldida hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qator muammolar ham yo‘q emas. Lekin buxorolik muxlislarning ushbu murabbiydan umidi katta. Boisi, o‘tgan yili OKMK jamoasi bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan katta voqelik sifatida qabul qilingandi va murabbiyning bu natijasini hech kim kutmagandi. Shu sababli Ashurmatov bu safar Buxoroda ham yana “mo‘’jiza” ko‘rsata oladimi? Har holda uni mahalliy ishqibozlar yaxshi ko‘rishadi va unga ishonishadi. Kuni kecha Baxtiyor A’zamovich gazetamiz uchun bir qator qiziqarli masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

“Chempionatning dastlabki turlaridan havotirim bor”

“Buxoro” jamoasi bosh murabbiyi dastlab Superliga-2019 uchun tashlangan qur’a haqida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Chempionat davomida hamma jamoalar bilan o‘ynab chiqiladi, lekin shunga qaramasdan har bir murabbiy qur’a natijalarini katta qiziqish va intiqlik bilan kutadi. Baribir O‘zbekiston chempionatida kuchliroq va o‘rtacharoq bo‘lgan klublar bor. Shu bois hamma vaqt qur’a jarayoni istalgan murabbiyga qiziq tuyuladi. Biroq qur’adan oldin bir narsa aniq ediki, har qanday holatda ham biz birinchi turni safarda o‘tkazishimiz aniq edi. Chunki hali maydonimiz mavsum boshlanishigacha tayyor bo‘la olmasdi. Shu sababli qur’a qanday ko‘rinish olishidan qat’iy nazar mehmonda to‘p surishimiz aniq edi. Umuman olganda, 1-turda kimga qarshi o‘ynamaylik, baribir oson o‘yinning o‘zi bo‘lmasdi. Ochig‘i, “Buxoro” uchun har bir bo‘ladigan uchrashuvni finalga tenglashtiramiz. Boisi, biz selektsiya jarayonida oqsab qoldik. Afsuski, tarkibni yaxshi o‘yinchilar bilan to‘ldira olmayapmiz. Shunday omillar sababli menda chempionatning dastlabki turlaridan biroz havotir bor. Lekin chempionat boshlanishiga qadar yana selektsiya ishlarini olib boraveramiz. Imkoni boricha tarkibimizni etarli darajada raqobatbardosh holatga keltirishga harakat qilamiz.

“OKMK OChL guruh bosqichiga chiqish uchun yangi murabbiy va futbolchilarni olib kelgandi”

Aynan Baxtiyor Ashurmatov boshchiligida OKMK o‘tgan yili O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgandi va jamoa sobiq murabbiyining xizmatlari evaziga bu yil Osiyo Chempionlar ligasining saralash bahslarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi. Lekin jamoada katta o‘zgarishlar bo‘lib, yangi murabbiy va futbolchilar olib kelingani bilan OKMK baribir OChLning guruh bosqichiga chiqa olmadi. Olmaliqliklarning sobiq ustozi esa bu haqida shunday dedi:

OKMK jamoasining o‘yinlarini qiziqish bilan kuzatib borganimni yashirmayman. Qishki tayyorgarlik chog‘ida klub rahbariyati OKMKni Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga olib chiqishi uchun tajribaliroq murabbiyni olib kelishgandi. Ular shu maqsad tufayli ham katta o‘zgarishlarga qo‘l urishgandi. Balki ularga vaqt etishmagandir yoki bizda hali chempionat bahslari boshlanmaganligi ham OKMKga ta’sir qilgandir. Lekin men endi OKMKda emasman. Shu bois sobiq jamoamning o‘yinini va murabbiylarining ishini tahlil qilishim noto‘g‘ri. Endi bor e’tiborimni “Buxoro”ga qaratganman. Birinchi navbatda tarkibni tayyor holatga keltirish, muxlislarimizni chiroyli o‘yinlarimiz bilan xursand qilish va buning uchun jangovor jamoa tuzishimiz kerakligi haqida ko‘proq o‘ylayapman. Aytmoqchimanki, OKMK jamoasining muvaffaqiyatsiz qatnashgani yoki ularni muntazam ravishda kuzatib borishdan ko‘ra o‘z jamoamning kamchiliklari ustida ishlaganim yaxshiroq. Shu sababli chetdan turib olmaliqliklar haqida tanqidiy fikrlar bildirishim to‘g‘ri emas. Lekin O‘zbekiston chempionati uchun OKMK misolida kuchli va raqobatbardosh jamoa tashkil qilinganligini aytishim mumkin. Ular mavsum davomida bemalol istalgan raqibiga katta tashvishlarni tug‘dirishi mumkin.

“Surxon” va “Dinamo”dan o‘yinchilarni olmoqchi edim, biroq...”

Endi Superligada 14 ta jamoa ishtirok etadigan bo‘ldi. Qur’a tashlash marosimidan oldin “Surxon” bilan “Dinamo”ning qo‘shilganligi hamma narsani o‘zgartirib yubordi va bu jarayonga har kim o‘z fikrini bildirmoqda. O‘z navbatida “Buxoro” jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovdan ham mazkur masalaga munosabatini bildirishini so‘radik.

O‘tgan yili 12 ta jamoa bilan chempionat o‘tkazilgandi va buning o‘ziga yarasha plyus-minus tomonlari bo‘ldi. Menimcha, rahbariyat bu masalani o‘rganib chiqib, keyin bir qarorga kelgan deb o‘ylayman. To‘g‘risi, “Surxon” bilan “Dinamo”ning Superligaga qo‘shilganligi haqida fikr bildirishdan yiroqman. Chempionatda 12 jamoa qatnashadimi yoki 14 tami, nima bo‘lsa ham biz jangovor jamoani tuzishga harakat qilishimiz kerak. Har qanday holatda ham O‘zbekiston chempionatida munosib ishtirok etishimiz lozim. Faqat men uchun bu jamoalarning qo‘shilganini salbiy tomoni shunda bo‘ldiki, agar “Surxon” jamoasi Superligada qatnashmaydigan bo‘lsa, ularning ikki-uch nafar futbolchisini qo‘lga kiritishni ko‘zlab yurgandim. Shuningdek, “Dinamo” jamoasidan ham ayrim o‘yinchilarni kuzatib yurgandim. Davron Fayziev bilan gaplashib, jamoamizni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ayrim futbolchilarini “Buxoro”ga olib o‘tish yuzasidan gaplashish istagida yurgandim. Lekin endi Superligada 14 ta jamoa qatnashishi aniq bo‘lganidan keyin “Dinamo”dan ham, “Surxon”dan ham futbolchi olish ehtimolimiz yo‘qqa chiqdi.

“Buxoro”ni Superligadan chiqarib yuboriladi degan gap-so‘zlarni eshitgandim”

Qur’adan avval turli gap-so‘zlar avj olganligi rost. Aniqrog‘i, Superligada nechta klub ishtirok etishi, kimlar tushib yuborilishi va kimlar qo‘shilishi yuzasidan bahs-munozaralar sodir bo‘layotgandi. Masalan, “Buxoro” jamoasining ham mavjud muammolari sababli Superligadan chiqarib yuborilishi haqidagi xabarlar yo‘q emasdi. Balki Ashurmatovda ham bu masala bo‘yicha havotir bormidi? Bunga uning o‘zi aniq javob qaytardi.

Gapning ochig‘ini aytsam, bu mavzu bo‘yicha menda havotir bor edi. Nimagaki, bizning kamchiliklarimiz etarli darajada edi. “Buxoro”ni qabul qilib olayotgan paytimdayoq mavjud kamchiliklardan xabarim bor edi. Bunday qiyinchiliklarga tayyor bo‘lgan holda jamoani qabul qilib olgandim. Chunki viloyat va jamoa rahbarlari, shuningdek, buxorolik muxlislar menga katta ishonch bildirishdi. Shu bois menga ishonch bildirishgani uchun qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramasdan bu jamoani ikkilanmasdan qabul qilib oldim. To‘g‘ri, bizga oson bo‘lmaydi. Qolaversa, “Buxoro”da muammolar ko‘p edi. Lekin rahbariyat bularni bartaraf etish uchun tinim bilmayapti. Yaqinda Buxoroga borib, viloyat rahbari bilan uchrashib keldim. Stadionda katta ko‘lamdagi ishlar olib borilayotganiga guvoh bo‘ldim. Shaxsan viloyat hokimi O‘ktam Barnoevning o‘zi stadiondagi ishlarni nazorat qilib bormoqda. Natijada o‘yingohimizda ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Yana shuni ham qo‘shimcha qilib o‘tishim mumkinki, “Buxoro”ning o‘tgan yilgi mavsumdan qarzdorliklari bor edi. Hozirgi kunga kelib deyarli qarzdorliklar masalasi hal etildi. “Buxoro” jamoasining Superligada qatnashishi uchun rahbariyat katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Akademiya masalasini ham hal qilishdi. Aytmoqchimanki, Superligada qatnashishimizga to‘sqinlik qilayotgan barcha muammolarni viloyat rahbariyati hal qila oldi. Buxoroda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun imkoniyatlar yo‘qligi sababli Toshkentda tayyorgarlik ko‘rishimizga sharoitlarni yaratib berishdi. Natijada bir oydan ko‘proq vaqt davomida poytaxtda shug‘ulandik. Buning uchun rahbariyatga oldindan minnatdorchilik bildirgan bo‘lardim. To‘g‘ri, “Buxoro”ning Superligadan chiqarib yuboriladi, degan gap-so‘zlar bor edi. Mana, endi hammasi uzil-kesil hal bo‘ldi va muxlislarimiz ham engil nafas olishyapti. Tarkibimizga esa imkon qadar o‘zimiz istagan o‘yinchilarni qo‘shib olishga harakat qildik. Aytaylik, “Surxon” jamoasi Superligada ishtirok etishini oldindan bilgandek, tarkibini ajoyib o‘yinchilar bilan shakllantirib keldi. Agar familiyalar bo‘yicha solishtiradigan bo‘lsak, hozirgi paytda “Surxon” bizdan ko‘ra ikki barobar kuchliroq bo‘lgan futbolchilarni to‘play oldi. “Andijon”, “Navbahor” kabi jamoalar ham yaxshi selektsiya ishlarini olib borishdi. Ammo biz ham jimgina qarab turganimiz yo‘q va qo‘limizdan kelganicha selektsiyani davom ettiryapmiz. Masalan, Ivan Nagaevni oldik. Salomat Quttiboevni esa tarkibimizda saqlab qoldik. Agarda ushbu o‘yinchilarni qo‘lga kirita olmaganimizda bizga yanada qiyin bo‘lardi. Endi mana shu ikki saviyali futbolchilar atrofida jamoani shakllantirishga harakat qilyapmiz. Rahbariyat esa hamma ishni maksimal darajada bajarishga qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti.

“Selektsiyani o‘zimiz istagan darajada amalga oshira olmadik”

O‘zi shundoq ham bosh murabbiydan tarkib haqida so‘ramoqchi bo‘lib turgandik. Chunki hozirda “Buxoro” chindan ham selektsiya borasida unchalik faol emasligi ko‘zga tashlanib qolmoqda. Shu bois Ashurmatovdan o‘zi xohlagan tarkibni yig‘ishga nima to‘sqinlik qilayotgani haqida so‘radik.

Jamoani qabul qilib olayotganimda ham muammolar etarlicha bo‘lgani haqida boya aytib o‘tdim. O‘tgan yilgi qarzdorliklar qolib ketgandi. Shu bois bu yilgi asosiy maqsadimiz yilni qarzdorsiz yakunlash. Biz ayni paytda smetamizga qarab ish qilyapmiz. Chunki o‘tgan yilgi tarkib yig‘ilganda smeta hozirgidan ikki barobar ko‘proq edi. Hozir esa 50 foizga smetamiz qisqargan. Shu boisdan ichki imkoniyatlarimizga qarab jamoa tuzishga harakat qilyapmiz. Mening ishlash uslubim shundayki, futbolchini jamoaga taklif qildimmi, unga va’da qilingan sharoitni yaratib berishimiz kerak. Natijada qimmatbaho transferlarni amalga oshirishga qiynaldik. Shu bois o‘zimiz istagan selektsiya ishlarini amalga oshira olmadik. Jamoa rahbariyatiga yoki menga ishonib kelgan futbolchilar ertaga “Buxoro” klubida pulimiz qolib ketdi yoki shunga o‘xshash muammolar kelib chiqishini xohlamaganligimiz sababli biz selektsiya jarayonida boshqa jamoalarga yutqazdik. Albatta, boshqa klublarning bugungi moliyaviy ahvolini aniq bilmayman, biroq ayrim klublar selektsiya ishlarida ancha faol bo‘lishganiga guvoh bo‘ldik. Biz o‘zimiz xohlagan futbolchilarni “Buxoro”ga taklif qila olmadik. Biz chaqirgan o‘yinchilarga boshqa jamoalardan ham takliflar bor edi. Balki ular moliyaviy tomondan yaxshiroq bo‘lgan boshqa takliflarni qabul qilishgandir.

“O‘zimizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaymiz”

Hozirgi tarkib va sharoitdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, “Buxoro” klubi yangi mavsumda Superligada jon saqlab qolishining o‘zi ham katta gapdek ko‘rinmoqda. Shundoq ham “Buxoro”ning asosiy vazifasi Superligada qolish uchun kurashadimi? Ashurmatov esa shunday dedi:

Murabbiy sifatida o‘zimizga va jamoaga bo‘lgan ishochni yo‘qotmaymiz. Biz imkon qadar har bir uchrashuvda g‘alaba uchun harakat qilamiz. To‘g‘ri, ishqibozlarimizda tarkib masalasida havotir bor edi. Lekin shuni aytishim mumkinki, legionerlarni jalb qilish orqali tarkibni yanada kuchaytirishga erishyapmiz deb o‘ylayman. Biz yangi mavsumda buxorolik muxlislarni o‘z o‘yinlarimiz va g‘alabalarimiz bilan xursand etish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
23/03/2019 00:01
Муаллиф агмк ни назарда тутган булса, унда кумиковни иши куриниб турганди
&
darwesh
22/03/2019 23:58
Бундан олдин муъжиза курсатганми?