Arman Tsarukyan qanday qilib Den Xukerni engdi?
Xabaringiz bor, "UFC Qatar" turnirining markaziy jangida Arman Tsarukyan va Den Xuker o‘zaro kurash olib bordi.
Quyida ushbu jangning qanday kechganini birozgina tahlil qilib ko‘ramiz.
Jang boshlanishi bilan Arman oyoq zarbalari orqali raqibiga talofat etkazmoqchi bo‘ldi, lekin bir vaziyatda qorin qismiga yollagan zarbasidan keyin Den Xuker uning oyog‘ini ushlab oldi va bir oyog‘ini ushlab teykdaun harakatini amalga oshirishga urindi. Armanistonlik jangchi ilk muvafaqqiyatli himoyasini ana shu vaziyatda bajardi va nafaqat hujumkor, balki himoyaviy uslubda ham qay darajada mohir ekanini isbotlab qo‘ydi. Keyin esa odatdagidek chalg‘itib, teykdaun harakatiga o‘tdi, ammo bu safar Den ortga tisarilib, oktagon panjaralariga qadalib, teykdaundan himoyalandi.

Oktagon markazida davom etgan jang "strayking" borasida ancha qiziq va interaktiv o‘tdi. Ikki tarafdan qo‘l va oyoq zabalar almashinuvi va Den Xukerdan avvaliga "klinch" istagi, so‘ng orqa taraflama nazorat holatida gilyotinga urinish, lekin Arman bu safar parterda himoyalandi va muvafaqqiyatli "eskeyp" harakatini hisobiga yozib qo‘ydi. Ortidan Tsarukyan yon taraflama nazorat holatida "arm trienjl chok" uslubini qo‘llashga urindi, biroq Xuker bunga izn bermadi. Shu tariqa ilk raund nihoyasiga etdi.

Ikkinchi raund boshlandi va Armandan bir oyoqni tutib teykdaun harakatiga urinish, lekin Xuker oyog‘ini yaxshilab erga qadadi va aksincha Armanning bo‘ynidan bo‘g‘ishga urindi, Arman bu gilyotin urinishidan ham chiqib ketdi va parterda "arm trienjl chok"ni o‘zi amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Dastlab, Xuker bardosh berdi, Tsarukyan esa "marraga — bir qadam orqaga va ikki qadam oldinga" qoidasiga amal qilib, erda masofani ushlab, zarbalar berishni boshladi. Endi vaziyat o‘zgardi, bu safar Xuker sabmishn emas texnik nokaut mag‘lubiyati uchun himoya rejimiga o‘tdi. Bu holat Armanning ishiga qo‘l keldi va endi Xuker bir qo‘li va bo‘ynini bo‘g‘ishga ochiq qoldirdi. Tsarukyan esa ilon yanglig‘ o‘lchasini bo‘g‘ib qo‘ydi va "arm trienjl chok" g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Jangdan so‘ng Arman Den Xukerga rahmat aytdi, zero bir yarim yildan beri UFC da jang qilolmayotgan edi, hamma undan qochayotgandi, Xuker soyasida oktagonga kirish imkoniga ega bo‘ldi. Ortidan amaldagi chempion Iliya Topuriyaga "chaqiruv" e’lon qildi va mendan qochishni bas qil, yanvar oxiriga jang qilishga tayyorman, sen bilan jang qilmoqchiman, dedi.
Azizbek G‘OZIY tayyorladi



Fikrlar