
Andijonda futbol "jazirama"si boshlanmoqda
Oxirgi paytlarda Andijonda futbol tizimi borasida islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Viloyatning barcha hududlariga futbolni olib kirish va uning ommaviyligini oshirish uchun ichki chempionat tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, endilikda Andijon viloyati ikkinchi liga musobaqasida 22 ta jamoa ishtirok etmoqda. Shuningdek, tez kunlarda Andijon shahri ikkita xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvlariga mezbonlik qiladi. O‘zbekiston U-18 – «Berlin» U-18 hamda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Misr olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar «Sog‘lom avlod» stadionida o‘tkaziladi.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Andijonda terma jamoamiz ishtirokida ilk bor xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilgan bo‘lib, o‘shanda Osiyo o‘yinlari-2018 g‘oliblari – O‘zbekiston olimpiya terma jamosi bilan Keniya olimpiya terma jamoasi bahs olib borishgan va mazkur o‘yinga «Sog‘lom avlod» stadioni mezbonlik qilgandi. O‘shanda andijonliklar uchun katta bayram bo‘lgandi.
Yaqinda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning Andijonga qilgan tashrifi chog‘ida yangi qiyofaga kirgan «Sog‘lom avlod» stadioniga yuqori baho bergandi. Shu boisdan bunday maydonda va ashaddiy ishqibozlar qarshisida terma jamoamiz ishtirokidagi xalqaro o‘yinni tashkillashtirish rejasi borligini ma’lum qilgandi. Shunga asosan endilikda Andijonda birdaniga ikkita xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘taziladigan bo‘ldi va buni andijonliklar katta xursandchilik bilan qarshi oldilar. Yoz fasli boshlanayotgan mahalda Andijonda futbol «jazirama»si boshlanmoqda desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Darhaqiqat «Sog‘lom avlod» stadionida katta rekonstruktsiya ishlari olib borilgan bo‘lib, ayni paytga kelib zamonaviy talablar asosida barcha sharoitlar muhayyo qilindi. Buning natijasi o‘laroq ushbu stadion ham yanada yaxshilangan holatda bemalol terma jamoalarimiz ishtirokidagi o‘yinlarni o‘zida qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunda esa birinchi navbatda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning hissasi beqiyos ekanligini alohida aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Boisi viloyatda futbolning ommaviyligini oshirish hamda rivojlanishida Shuhratbek Qo‘shoqboevichning shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lmoqda. Andijonda futbolning darajasi o‘sib borayotganini futbolimiz rahbarlari ham ko‘rib turishibdi va bunday ishlarni yuqori baholagan holda Andijonga terma jamoalarimiz ishtirokidagi xalqaro o‘yinlarning topshirilayotgani bejiz emas, albatta.
Shunday qilib, andijonliklar ikkita «katta» o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Dastlabkisi 21 may kuni O‘zbekiston U-18 hamda Germaniyaning «Berlin» U-18 jamoalari o‘rtasida o‘tkazilsa, keyingisi 9 iyun kuni Lyubinko Drulovich boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Misr olimpiya terma jamoalari «Sog‘lom avlod» stadionida bellashadilar. Ushbu uchrashuvlarni yuqori darajada tashkillashtirish yuzasidan rahbariyat tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu borada Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasining zimmasiga katta mas’uliyat tushadi. Shu bois assotsiatsiyaning birinchi vitse-prezidenti Bekzod Karimov bo‘lajak xalqaro darajadagi uchrashuvlar oldidan ko‘rilayotgan tayyorgarliklar xususida to‘xtalib o‘tdi.
- Andijonga ikkita katta xalqaro o‘yinni o‘tkazish belgilandi. Bu esa biz andijonliklar uchun bayram, - deb gap boshladi, Karimov. - Viloyatimiz rahbarining futbolga qaratayotgan e’tiborini hamma ko‘rib turibdi. Bu ham O‘FA rahbariyatining Andijonga qaratayotgan e’tiboridan darakdir. «Sog‘lom avlod» stadioni rekonstruktsiyadan chiqarildi va 17 milliardga yaqin pul sarflandi. Xullas, viloyatimizda futbolning nufuzini oshirishga qaratayotgan say’-harakatlarni inobatga olib, bizga ikkita xalqaro o‘yinni o‘tkazishni ishonib topshirishdi.
O‘FA mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda 21 may kuni «Berlin» U-18 bilan O‘zbekiston U-18 terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinni 18:40 da boshlanishini belgiladik. Ramazon oyi munosabati bilan odamlarning ro‘za tutayotganliklarini hisobga olib, birinchi bo‘limdan keyin iftorlik qilishlari uchun sharoit yaratib bermoqchimiz.
Terma jamoamizning esa Andijonga 19 may kuni kechki payt etib kelishi kutilmoqda. Mehmonlar esa 20 may kuni etib kelishi aytilgan va ikkala jamoani ham yuqori darajada kutib olish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Viloyat hokimi esa ushbu o‘yinlarni o‘tkazishda tashkiliy masalalarni yuqori darajada hal etish yuzasidan topshiriqlar bergan va shunga asosan chora-tadbirlarni tayyorlayapmiz. O‘yindan keyin futbol akademiyasida master-klass o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Qolaversa, ikkala jamoa murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilishi ham rejamizda bor.
9 iyun kuni esa Misr olimpiya terma jamoasi Andijonda terma jamoamiz bilan o‘yin o‘tkazadi. Hozirgi kunda Misr olimpiya terma jamoasi Afrikada ko‘zga ko‘ringan jamoalardan biri. O‘zbekiston U-18 hamda «Berlin» U-18 jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni o‘tkazib bo‘lganimizdan so‘ng olimpiya terma jamoamizning o‘yiniga tayyorgarlikni boshlaymiz. O‘yin oldidan kontsert dasturi ham uyushtiriladi, - deya so‘zini yakunladi, Bekzod Karimov.
Fikrlar