"Andijon" ham Superligani "yondiradimi" yoxud Ro‘ziqul Berdiev "Nasaf"ning mag‘lubiyatiga to‘g‘ri tashxis qo‘ygan o‘yin haqida

  • 5 mart, 2023, 10:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yilgi futbol mavsumi boshqacha boshlandimi-a? Superliganing startidagi natijalar ko‘pchilikning taxminini oqlamayapti. Ilk turdanoq siz-u, bizga shunday o‘yinlar taqdir etilyaptiki, joriy chempionatda Superliga jozibasi butkul boshqacha ko‘rinishda o‘tadigandek, go‘yo.

Tecno

Avvaliga amaldagi chempion “Paxtakor” o‘z uyida “Olimpik” klubiga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi. Bu yoqda esa vodiy jamoalari “yondirishyapti”. “Neftchi” Bekobodda javobsiz uchta gol urdi. “Navbahor” esa Namanganda “Qizilqum”ga javobsiz 3 ta gol urdi. Hammadan ham “Andijon”ning Qarshida kimsan “Nasaf”dek kuchli raqib ustidan g‘alaba qozonganiga nima deysiz?!

andijon qarshi

Superligaga qaytishini “Andijon” “Mavsum-2023”da super g‘alaba bilan boshladi. O‘yinni bevosita stadionda kuzatish orqali etarlicha tasavvurlarga ega bo‘ldik. Bu Qarshidagi yangi futbol mavsumining ochilish uchrashuvi bo‘lgani sababli Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ham stadionga keldi va ochilish marosimida nutq so‘zlab ishtirokchilarga omad tiladi va ayniqsa, bu yil “Nasaf”dan chempionlik kutishini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev o‘yinga yaxshi tashxis qo‘ya oldi. Ya’ni, u uchrashuv “Andijon”ning rejasi asosida o‘tganini aytdi va u bu gapni gapirganida haq edi. Raqib ustozi Aleksandr Xomyakov bu o‘yinda yutdi. Uning tuzib chiqqan rejasi amalda ish berdi. “Nasaf” bilan o‘yinda, boz ustiga Qarshidagi stadionda kim ham ochiq futbol o‘ynay oladi? Xomyakov esa eng to‘g‘ri va aqlli yo‘lni tanladi. Shunda ham “Andijon” kuchli raqibga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, qarshi hujumlarda o‘z imkoniyatini kutdi va bunga erishdi ham. “Nasaf” esa o‘zi yaratgan imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Mehmonlar darvozaboni Eldor Adhamovning ajoyib o‘yini va seyvlari “Andijon”ning g‘alabasida muhim omil bo‘ldi.

andijon qarshi2

Himoyada tartibli harakat, to‘p bilan muomala qilish va kurashlarda faollik ko‘rsatish kabi sifatlarda ham “Andijon” ancha o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Bu tarixiy g‘alaba bo‘ldi. Shu paytgacha mazkur klublarning o‘zaro o‘yinlardagi statistikasida katta ustunlik “Nasaf” tarafida bo‘lgan. Bunga qadar “Andijon” Qarshida faqat bir marta – 1999 yilgi mavsumda g‘alaba qozongan. O‘shanda 1:2 hisobi qayd etilgan. 2007 yilda esa jangovar 4:4 natijasi kuzatilgandi. Oradan 24 yil o‘tganidan so‘ng “Andijon” jamoasi “Nasaf” maydonidan g‘alaba bilan qaytdi.

Xomyakovning topqirligi ham ish berdi. Uning zaxiradan maydonga tushirgan o‘yinchilari o‘zini oqladi. Oxirgi daqiqalarda “Nasaf”ning hujumi muvaffaqiyatsiz chiqqach, mehmonlar darhol qarshi hujumga otlandi. Albaniyalik legioner Rubin Xebay to‘pni egallashi zahoti qanot bo‘ylab oldinga harakatlanayotgan Sardor Abdunabievga uzatdi. Tezkorlik bilan oldinga qarab yugurgan ushbu o‘yinchidan ko‘pchilik to‘pni Xebayga qaytaradi, deb turgan bir vaziyatda, o‘zi qanotdan kirib kelayotganiga qaramasdan oraliq masofa ancha uzoq bo‘lsa-da, aniq, kuchli zarba yo‘llay oldi va darvozabon bu to‘pni qaytarishga ojizlik qildi. Abdunabiev esa golini Andijondan kelgan ishqibozlar bilan birgalikda nishonladi. Bunday golga ochig‘i qanday ta’rif berishni ham bilmay qolasan, kishi. Haqiqatan, “Andijon” o‘yin davomida sabr qildi va imkoniyatini kutdi. Yakunda buning uchun munosib rag‘batlantirildi. Abdunabiev “Andijon”ning mavsumdagi ilk goli muallifiga aylandi.

andijon qarshi4

“Andijon”ning ushbu g‘alabasi avvalo bosh murabbiy uchun ataldi. Chunki 5 mart sanasida Aleksandr Andreevich o‘zining 54 yoshini qarshi olmoqda. Jamoa esa bosh murabbiyning tug‘ilgan kuniga ”Nasaf” ustidan qozonilgan tarixiy g‘alabani sovg‘a qildi. Murabbiy uchun bundan ortiq zo‘r sovg‘a bo‘lmaydi. "Andijon" 2015 yildan buyon ilk bor mavsumni g‘alaba bilan boshladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!