Alisher Sa’dullaev: Yarim final hindistonlik shaxmatchilarsiz o‘tmoqda. Bu ham shaxmat uchun katta voqelik!
Biroz avval Jahon kubogi doirasidagi Javohir Sindarov - Xose Martines o‘rtasidagi bahs yakunlandi. Ushbu bellashuv o‘zbekistonlik grossmeysterning g‘alabasi bilan tugadi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullaev ushbu g‘alaba va vakillarimizning musobaqadagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"Assalomu alaykum hurmatli do‘stlar! Juda ham katta bayram, xursandchilik, o‘zbek shaxmati uchun juda katta voqelik. Sababi tarixda ilk marta ikkita shaxmatchimiz yarim finalga chiqdi.
FIDE bayrog‘i ostida Esipenko o‘ynaydi, ikkinchi shaxmatchi xitoylik Vey I. Ikkita shaxmatchi Nodirbek Yaqubboev va Javohir Sindarov esa O‘zbekistondan.
Eng qizig‘i musobaqa Hindistonda bo‘lib o‘tmoqda. Yarim final hindistonlik shaxmatchilarsiz o‘tmoqda. Bu ham shaxmat uchun katta voqelik. Nima uchun bu turnir biz uchun muhim? Sababi birinchidan turnirda 3 ta o‘yin 3 ta bilet - ya’ni 3 ta muhim yo‘llanma o‘ynalmoqda. 2 va 3-o‘rinlar sohiblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Nomzodlari turniriga yo‘llanma oladi va katta miqdordagi sovrin jamg‘armasiga ega bo‘ladi.
Nomzodlar turniri nima degani? Nomzodlar turniridan so‘ng Shaxmat Toji uchun FIDEni bir qancha yo‘nalishlari bo‘yicha har xil shaxmatchilar saralanadi. Yil davomida yutgan shaxmatchi, reytingi yuqori shaxmatchi, Jahon kubogida saralangan shaxmatchi. Samarqandda "Grand Swiss" turniri o‘tkazilgandi. Lekin ushbu musobaqada yo‘llanma ololmagandik. Endi juda katta imkoniyatimiz bor. Ikkita yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz mumkin. Bittasi allaqachon naqd. Sababa yarim finalga chiqqach, ikki o‘zbek bir-biri bilan to‘qnashadi. Ulardan biri finalga chiqadi. Final yo‘llanma naqd degani. 3-o‘rin uchun bahsda ham g‘alaba bizga yana bir yo‘llanmani beradi.
Bu g‘alaba bilan hammani tabriklayman. Bu butun o‘zbek shaxmatining g‘alabasidir. Omad shaxmatchilarimizni tark etmasin", deya fikrlarini bildirdi Alisher Sa’dullaev.
Eslatib o‘tamiz, yarim final 21 noyabr, juma kuni boshlanadi.



Fikrlar