
Alik Frolov: "Hasanboy Do‘smatov Vasiliy Lomachenkodan keyingi eng yaxshi havaskor bokschi"
Rossiyaning “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi asta-sekin jahon professional boksida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Quvonarlisi, ushbu promouterlik kompaniyasining o‘zbekistonlik bokschilarga bo‘lgan ishonchi yuqori darajada. Bunga bir qator hamyurtlarimiz bilan hamkorlik qilayotganligi ham misol bo‘la oladi. Shubhasiz, o‘zbek charm qo‘lqop ustalarining faoliyatida ushbu kompaniya menejerlaridan biri Alik Frolovning roli muhim sanaladi, deb aytsak yanglishmagan bo‘lamiz. U o‘z ishining ustasi va ajoyib insondir.
Biz ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, “Mir boksa” tarkibidagi o‘zbekistonlik bokschilar faoliyatiga oid va boshqa savollar bilan murojaat qildik.
Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
-Assalomu alaykum. Sizdan O‘zbekistonning sportga ixtisoslashgan sayti Sports.uz uchun intervyu olish niyatida edik?
- Salomlar. Albatta, xech qanday muammo yo‘q.
- Xursandmiz. Demak, boshlasak bo‘ladi?
- Tayyorman.
- O‘zbekistonlik bokschilar bilan hamkorlik qilishni boshlaganingizdan keyin sizni yaxshi menejer sifatida kashf qildik va tanidik. Lekin bor ma’lumotimiz shu xolos…
- Nima demoqchi bo‘lganligingizni tushundim. Bilasizmi, men O‘zbekistonda boksning ashaddiy muxlislari juda ko‘pchilikni tashkil qilishini allaqachon his qildim va guvoh bo‘ldim. Ular boksni juda yaxshi ko‘radilar. O‘zlarining sportchilarini kuchli tarzda qo‘llab-quvvatlashadi. Hattoki, bizga ham ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqaga chiqib, faoliyatimizga omadlar tilab turishadi. Albatta, bunday iliq munosabatlar bizni xursand qiladi.
Men asli Ukrainaning Odessa shahridanman. Hozir AQShda yashayman va ishlayman. Professional boksga meni Vadim Kornilov olib kirgan. Hozir u bilan birga menejmentni rivojlantirib, o‘zimizdan chiqqan yoshlarni yuqori darajaga olib chiqish ustida ish olib bormoqdamiz.
-Umuman olganda, o‘zbek bokschilarining mentaliteti sizda qanday taassurot qoldirmoqda yoxud qaysi xarakterlari sizni hayron qoldirdi?
- Bu borada men hayron qoldim, deb ayta olmayman. Sababi, bizlar bir-birimizga yaqin tarzda tarbiya olganmiz. Chunki barchamiz Sobiq Ittifoq mamlakatlaridanmiz. Hamma uchun javob bera olmaymanku, biroq biz bilan hamkorlik qilayotganlarning barchasi tarbiyali yigitlardir. Ular o‘z dinini, oilasini va do‘stlikni qadrlaydi. Biz shartnoma tuzishdan avval insoniylik taraflarini ham o‘rganamiz. Muloqot qilamiz va ma’qul kelsa, shartnoma tuzamiz.
-Qachondan boshlab o‘zbekistonlik bokschilariga qiziqishinglar ortgandi?
- Qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, biz jahonning eng kuchli havaskor bokschilarini kuzatib borishga harakat qilamiz. O‘zbekistonlik bokschilarga qiziqish Rio Olimpiadasidan so‘ng boshlandi. O‘shanda o‘zbek bokschilari qanday kuchga ega ekanligini butun jahonga namoyon qila olgandilar. Ular yosh va mahoratli bokschilar edi. Shuning uchun qiziqishimiz ortdi va o‘z takliflarimizni bera boshladik. 2017 yil yana bir bor o‘zlarini ko‘rsatganlaridan keyin, biz Shahram G‘iyosov bilan bog‘landik.
- Ehtimol, biz u qadar ma’lumotga ega emasdirmiz. O‘zbekistonlik bokschilardan tashqari Rossiya va Ukrainadan ham istiqbolli yoshlar bilan hamkorlik qilasizlarmi?
- “Mir boksa” bu - Andrey Mixaylovich Ryabinskiy boshchiligidagi promouterlik kompaniyasi hisoblanadi. Shuningdek, bizda ishonchli hamkorlar ham mavjud. Oskar De La Xoyaning “Golden Boy”, Bob Arumning “Top Rank”, Eddi Xirnning “Matchroom” hamda Tom Braunning PBC promouterlik kompaniyalarini shular sirasiga kiritishimiz mumkin. Bizning mijozlarimiz jahonning turli promouterlik kompaniyalari tarkibida faoliyat yuritadi. Biz har bir vakilimiz bilan individual tarzda yondoshib, unga ma’qul keladigan promoushenni tanlashga harakat qilamiz. Ko‘plab promouterlarning mijozlarimizga qiziqishi yuqori va shundan kelib chiqib, menejment jamoasi ular uchun eng yaxshi variantni tanlaydi.
- Bilamizki, Bahodir Jalolov Lu Dibella bilan hamkorlik qiladi. Biroq, u hozir yanglishmasam, “Mir boksa” lagerida mashg‘ulotlar olib bormoqda. Ehtimol, unga oid ham rejalar bordir?
- Bahodir Jalolov professional boksga o‘tganidan so‘ng, biz bilan hamkorlikni boshlagan. Boshida, u o‘zi xohlagani uchun boshqa bazalarda mashg‘ulotlar o‘tkazib yurdi. “Mir boksa”da unday lager yo‘q. Bu baza aka-uka Diaslarga tegishli. U erda Joel va Antonio Dias bosh murabbiy bo‘lib faoliyat yuritadi. Bahodir ham ularning qo‘l ostida mashg‘ulot olib bormoqda. Qolaversa, Marat Qurbonov boshchiligida O‘zbekiston terma jamoasi va Dimitriy Bivol jamoasi safida murabbiy Gennadiy Mashyanov bilan ham shug‘ullanyapti.
- Hasanboy Do‘smatovning ham sizlar bilan bog‘liqlik joyi borligini inobatga olsak, ehtimol, u haqida biror yangilik ayta olarsiz?
- Hasanboy Do‘smatov Vasiliy Lomachenkodan keyingi eng yaxshi havaskor bokschi… Uning viza bilan bog‘liq muammolari bor. Butun dunyoda hukm surayotgan vaziyatdan kelib chiqib, unga jang tashkil qilishga harakat qilyapmiz. Katta ehtimol bilan, bu voqea dekabr oyining so‘ngida amalga oshishi mumkin.
- Yuqorida ta’kidlab o‘tganingizdek, birinchi Shahram bilan tanishgansizlar va u sizlarga yana bir qator bokschilarimizni tavsiya qilgan ekan. Jumladan, Iqboljon Xoldorovni… Unga bo‘lgan qiziqish qay darajada?
-Ha, Shahram birinchi bo‘lgan, o‘sha paytda u havaskor boks olamidagi eng yorqin va eng mashhur ism edi. Shuning uchun barcha e’tibor unga qaratilgandi.
Iqbol yuqori darajadagi bokschi va biz uni juda qadrlaymiz. U to‘g‘risida nafaqat Shahram, balki To‘lqin Qilichevning ham ijobiy bahosi va fikrlari inobatga olingan. Dunyodagi pandemik holat yanada yaxshilanganidan keyin, biz avvalgi rejimga qaytamiz va yangi bokschilar bilan shartnomalar tuzishda davom etamiz.
- Barcha yaxshi anglab turibdiki, Isroil Madrimov hamda Bektemir Meliqo‘ziev yaqin vaqtlar mobaynida eng nufuzli titullar uchun jang o‘tkazadi. Shahram bilan bunday katta janglarni qachon ko‘rishimiz mumkin?
- Bu erda barchasi ko‘ringanidek oson emas. E’tibor bersangiz bizning mijozlarimiz havaskor yo‘nalishda o‘zini ko‘rsatib, yulduz darajasiga ko‘tarila olgan sportchilar hisoblanadi. Shuning uchun biz ular bilan jiddiy ravishda ish olib borib, reytingda tez sur’atlarda ko‘tarilishiga harakat qilamiz. Tezlik bilan eng kuchlilar bilan jang tashkil qilishga intilamiz va shuning uchun diviziondagi boshqa iste’dodlarga nisbatan bizning bokschilarimizda tezroq titul uchun jang qilish imkoniyati hosil bo‘ladi. Biroq bu masalada vazn toifasidagi holat juda ham muhim rolni belgilaydi. Shahramning vazn toifasidagi vaziyat biroz jumboqli, deyishimiz mumkin. Hozir u vazndagi ikki chempion 2021 yil kamarlarni birlashtiruvchi jang o‘tkazishi kerak. Bizning rejamizga ko‘ra, da’vogar bo‘lishi uchun Shahramga yana bir jang kerak bo‘ladi.
- O‘zbekistonlik boshqa professional bokschilarni ham kuzatib borasizlarmi? Qudratillo Abduqahhorov, Azizbek Abdug‘ofurov, Shohjahon Ergashev kabi reytingda ham yuqori o‘rinlarni egallab turgan bokschilarimiz bor. Biroq promouterlari ularga jiddiy janglar tashkil qilib berishda oqsayapti. Mabodo, amaldagi promouter bilan shartnomasini bekor qilsa, ular bilan hamkorlik qilgan bo‘larmidinglar?
- Albatta, reytingdagi kuchli bokschilarni kuzatib boramiz. Reyting haqidagi tasavvurga ega bo‘lish uchun ham bu ishlarni amalga oshiramiz. Ammo ularning promouterlari bilan bo‘layotgan vaziyatlariga qiziqmaymiz. Biz shunchaki, kuchli bokschilarni kuzatib borishdan zavq olamiz. Yana bir marotaba ta’kidlab o‘taman: boksdagi vaziyatlar ko‘ringanidan ancha qiyin.
- Murodjon Ahmadalievning himoya jangi O‘zbekistonda o‘tkazilishi borasida gap-so‘zlar bo‘lyapti?
- Hozircha, bu aniq emas. Baribir birinchi navbatdagi variant AQSh bo‘lib turibdi. Biroq biz Murodjonning himoya jangini O‘zbekistonda o‘tkazishni maqsad qilganmiz. Bu O‘zbekiston uchun juda katta voqelik bo‘lardi.Tarixda birinchi bor jahon chempionlik kamarining himoya jangi o‘tkazilishi va yana bir qator jahon darajasidagi bokschilar O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin. Butunjahon bo‘ylab translyatsiyalar amalga oshirilishi barobarida o‘zbekistonlik muxlislar uchun ham bu ajoyib hodisa bo‘lardi. O‘ylaymanki, yaqin vaqtlar mobaynida yurtingiz bokschilarining ko‘pchiligi mashhurlikka erishadi va undan keyin, O‘zbekiston o‘ziga xos professional boks mamlakatiga ham aylanadi. Tabiiyki, o‘shanda katta boks kechalarini tez-tez o‘tkazish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Nasib qilsa, O‘zbekistonga borish niyatimiz bor. Murodjon Ahmadalievning himoya jangini yurtingizda o‘tkazish imkonini qo‘lga kiritsak juda ajoyib ish bo‘lardi.
- Biz uchun vaqt ajratganingizdan minnatdormiz va o‘z o‘rnida O‘zbekistonga kelganingizda siz bilan yana batafsil suhbat quramiz, degan umiddamiz!
- E’tibor uchun rahmat. Albatta, bundan xursand bo‘laman!
Fikrlar