Aleksandr Xomyakov: "Mash’al"ga qaytish? Mening barcha o‘y-hayollarim "Andijon" bilan bog‘liq

  • 5 noyabr, 2019, 21:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, o‘tgan haftada «Mash’al» klubi pro-liganing «A» mintaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan holda muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, muborakliklar ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana elitada ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishdi. Tabiiyki, «Mash’al» jamoasining yana o‘z joyiga qaytgani ko‘pchilikni xursand qilgan bo‘lsa ajab emas. Muborakda 10 yil davomida ishlab, shu yilning yarmida klubni tark etgan sobiq bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovning ham «Mash’al»ning elitaga qaytishida baribir hissasi borligini tan olish lozim. Hozirda «Andijon»ni boshqarib kelayotgan rossiyalik mutaxassis ham o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Mash’al»ning Superligaga qaytganidan xursandligini yashirib o‘tirmadi. Shu maqsadda kuni kecha Aleksandr Andreevich bilan gaplashdik. Albatta, o‘zaro muloqot davomida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masalalarga oydinlik kiritdik. Ma’lumki, Xomyakov elitada ishlashni istagani uchun «Andijon» taklifini qabul qilgandi. Endi esa o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Mash’al» ham Superliga a’zosiga aylandi. Bu borada mutaxassisning bildirgan fikrlari ham sizni befarq qoldirmasa kerak.

Tecno

Albatta, «Mash’al»ning Superligaga qaytgani Xomyakovni ham befarq qoldirmagani shubhasiz. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, baribir ushbu mutaxassisning ham mehnati bor. Shu bois Aleksandr Andreevich muborakliklarning elitaga qaytgani xususida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Albatta, men «Mash’al» jamoasi uchun juda ham xursandman, - deya gap boshladi, Aleksandr Andreevich. - Shu munosabat bilan ularni Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgani uchun muborakbod etaman. Sizga to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, u erda ishlayotganimda birinchi davrada Superligaga chiqish maqsadimiz yo‘q edi. Aynan oldimizga katta vazifa qo‘yilmagani sababli biz asosiy urg‘uni asosan yoshlarga qaratishga qaror qilgandik. Natijada tarkibimizdagi futbolchilarning o‘rtacha yoshi 22-23 ni tashkil qiladigan bo‘lgandi. Men ishlayotgan chog‘imda esa «Mash’al» bilan 7 yoki 8 ta o‘yin o‘tkazgandik, yashirmayman, qiyinchiliklar ham bo‘lgandi. Lekin shunday bo‘lsa-da, jamoamizda imkoniyat bor edi. Hech kimga osonlikcha taslim bo‘lmayotgandik. Bolalarning iqtidori ko‘rinib turgandi. Keyin esa rahbarlar jamoani ko‘rib, shunga amin bo‘lishdiki, shu tarkib bilan ham Superligaga chiqish uchun kurashsa bo‘ladi degan qarorga kelishdi. Natijada keyingi bosqichdan jamoa oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yildi va endi shu maqsad uchun kurasha boshlandi. Buning oqibatida tarkibga yangi o‘yinchilar taklif qilindi. Yakunda esa klub o‘z maqsadiga erishdi. Yana bir bor «Mash’al»ni Superligaga qaytgani bilan tabriklayman.

Aytish kerakki, Xomyakov Superligada ishlashni xohlagani uchun Muborakdan ketgandi. Mana, endi «Mash’al» ham Superligada ishtirok etadigan bo‘ldi. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Qiziq, Xomyakovda yana sobiq klubiga qaytish istagi bormikin? Bu borada uning o‘zi shunday dedi:

- Bilasiz, «Masha’l» men uchun oddiy klub emas. Bu mening o‘z jamoamga, ikkinchi uyimga aylangan. Lekin vaziyatning boshqa tomonini qaraydigan bo‘lsak, mening «Andijon» bilan tuzgan amaldagi shartnomam bor. Shuning uchun men o‘rtadagi bitimga amal qilgan holda to‘liq ishlamoqchiman. Shartnomam muddati esa 2020 yilning 31 dekabrgacha o‘z kuchida bo‘ladi. Aynan «Andijon» bilan tuzgan shartnomam borligi uchun hech qaerga keta olmayman. Aslida esa narsalarimni yig‘ishtirib, ketib qolishim noto‘g‘ri ham bo‘ladi. Chunki men shartnomadagi bandlarni bajarishim kerak. Umuman aytganda, mening barcha o‘y-hayollarim faqat «Andijon» bilan bog‘liq.

Xomyakov «Mash’al»dan ketganidan keyin uning o‘rnini Asror Aliqulov egalladi. Natijada muborakliklar ushbu murabbiy boshchiligida manzilga etib kelishdi. Shunga qaramay, Aliqulov «Mash’al»ning muvaffaqiyatida Xomyakovning ham mehnati borligini aytib o‘tgandi. O‘z navbatida rossiyalik mutaxassis ushbu murabbiy haqida ham fikr bildirdi.

- Asror Aliqulov yosh murabbiylardan biri va u bu boradagi faoliyatini yaqindagina boshladi. Menimcha, u faoliyatida ikkinchi klubda bosh murabbiy bo‘lib ishlayapti. Bundan avval adashmasam, «Sho‘rtan»ni ham boshqargandi. «Mash’al» esa Aliqulovning ikkinchi klubi. O‘ylaymanki, Asror to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti. Buning ustiga «Mash’al»da murabbiylar shtabi ham yaxshi yig‘ilgan. Albatta, ular mening uslubim bo‘yicha ishlashda davom etishsa, bundan juda xursand bo‘lardim. Aytishim mumkinki, Aliqulov uchun nihotda mamnunman. Qolaversa, u meni eslab turganidan ham minnatdorman. Shuni ham aytmoqchimanki, «Mash’al»ning Superligaga qaytganida ularning hissalari katta bo‘ldi. Albatta, klubdagilar bilan hamisha aloqada bo‘lib turaman. Har bir o‘yinlarimizdan keyin men ularga yoki ular menga qo‘ng‘iroq qilishadi va g‘alabalardan so‘ng bir-birimizni tabriklaymiz. «Mash’al»dan ketgan bo‘lsam-da, rahbariyat bilan munosabatlarimiz juda yaxshi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Shaxboz Bekmurodov
05/11/2019 21:45
Xamyakov senga raxmat Mashal uchun qilgan ishlaringa, endi senga omad qaytmasangam bo‘ladi Mashal endi medallar uchun kurashish kerak