
AGMK yangi legioner bilan 3 yillik shartnoma tuzilganini e’lon qildi
Turkiyada qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazayotgan AGMK jamoasi o‘z safiga gruziyalik chap qanot vingeri Irakli Ruxadzeni qo‘shib oldi.
Sxaltubo shahrining «Samgurali» klubi a’zosi bo‘lgan Ruxadze AGMK murabbiylar shtabi nazariga tushganiga ancha bo‘lgandi. Uning jamoasi ham hozirda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini Turkiyada tashkil etmoqda. Aynan o‘sha erda tomonlar muzokaraning yakuniy bosqichini o‘tkazdilar va Olmaliq klubi Irakli Ruxadzening trasfer huquqini to‘laligicha sotib oldi hamda gruziyalik legioner AGMK bilan 3 yillik shartnoma imzoladi.
1996 yilning 28 oktyabrida tug‘ilgan ushbu futbolchi o‘z paytida Gruziya yoshlar terma jamoasiga jalb etilgan. Uning statistikasiga e’tibor qaratsak, Irakli o‘tgan mavsum Gruziya chempionatida 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi (Gruziya chempionatida 2-ko‘rsatkich) hamda sheriklariga 2 ta golli pas berdi. Butun faoliyati davomida esa futbolchi 138 ta uchrashuvda 38 ta gol urgan va 12 ta golli uzatma bergan, - deya xabar bermoqda AGMK matbuot xizmati.
Fikrlar