
AGMK – “Buxoro”: O‘zaro o‘yinlar tarixiga oid qizqarli ma’lumotlar
2008 yildan boshlab O‘zbekiston milliy chempionatida ishtirok eta boshlagan AGMK jamoasi faoliyati davomida Buxoro shahri jamoasi bilan 20 marta to‘qnash kelgan ekan. Shundan 10tasi o‘z maydonida, 10tasi safarda o‘tkazilgan. Olmaliqliklar o‘z maydonlarida o‘tgan 10 uchrashuvning 5tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, 3 o‘yin durang va yana 2 bahsda raqib g‘olib bo‘lgan. Jamoa o‘z maydonida erishgan 5 g‘alabasidan 2tasida yirik hisobda zafar quchgan (2009 yil – 5:0 va 2011 yil 6:1). Shuningdek, o‘zora o‘yinlardagi duranglarni har uchchalasi ham Olmaliqda o‘tgan bahslarda qayd etilgan. AGMK “Buxoro” bilan 2010 yilgi mavsumda uchrashmagan, sababi buxoroliklar o‘sha mavsumni 1-ligada o‘tkazishgan. Umumiy statistika bo‘yicha jamoa hisobida 9 g‘alaba, 3 durang va 8 mag‘lubiyat mavjud. To‘plar farqi olmaliqliklar foydasiga: 34-23.
Ko‘p yillik to‘qnashuvlar natijasida bu ikki jamoa tarkibi tez-tez o‘zgarib turganligiga guvoh bo‘lamiz. Ortda qolgan 20 o‘yin davomida AGMK tarkibida 117 nafar futbolchi maydonga tushgan bo‘lsa, “Buxoro” safida o‘ynagan futbolchilar 124 nafarni tashkil etadi. Shu futbolchilar orasida har ikki jamoa tarkibida maydonga tushgan futbolchilar 13 nafar ekan. Turli yillarda Shuhrat Musaev, Abdurazzoq Jo‘raev, Georgi Kvesieshvili, Arturas Fomenko, Abduqahhor Hojiakbarov, Ma’ruf Murodov, Dilyaver Abibullaev, Saidkomil Akbarov, Shavkat Mullajonov, Shahboz Erkinov, Shavkat Salomov, Salamat Quttiboev va Arslonmurod Amanov o‘zaro o‘yinlarda ishtirok etishgan. Shu bilan bir qatorda har ikki jamoa tarkibida bo‘lgan ammo AGMK yoki “Buxoro”ga qarshi maydonga tushmagan futbolchilar ham bor. Ular Alisher Samatov, Rahmatullo Berdimurodov, Hasan Asqarov, Qahramon Bahodirov, Otabek Valijonov, Andrey Vlasichev, Aziz G‘ulomxo‘jaev, Artyom Nikitenko, Oybek Nurboev, Alibobo Rahmatullaev, Dilshod Umarxonov, Vadim Chemirtan va San’at Shixovdir.
Yaqinlashib kelayotgan 21-bahsda sobiqlar to‘qnashuvi yana ko‘payishi mumkin. AGMK tarkibida o‘tgan mavsumlarda “Buxoro” safida to‘p tepgan San’at Shixov, Sardor Rahmonov, raqib safida esa Azamat Isroilov, Xurshid Xodjaev maydonga tushishi kutilmoqda.
Fikrlar