
Temirtas Jusupov: Hasanboyga uch marotaba yutqazganman, lekin bu galgi jangga jiddiy tayyorlandim
Bugun The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalarining VII mavsumida ishtirok etayotgan "Uzbek Tigers" jamoasi "S" guruhi peshqadami "Astana Arlans Kazakhstan" bokschilari bilan kuch sinashadi.
Uchrashuvda 49 kilogramm vazn toifasida olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatovga qarshi ringga chiqadigan Osiyo chempioni Temirtas Jusupov bo‘lajak bahs haqida SPORTS.uz axborot portaliga intervyu berdi.
- Temirtas, O‘zbekistonga xush kelibsiz...
- Rahmat. Yurtingizga ilgari ham kelganman. Bu erdagi musobaqalarda qatnashish menga juda yoqadi. Toshkent shahrini aylandik. Har kelganimda poytaxtingiz yangicha chiroy ochganini ko‘raman. Toshkent gullab-yashnamoqda. O‘zbek xalqi mehmondo‘st, bahrikeng va e’tiborli ekani menga yoqadi.
- Tayyorgarlik qanday bo‘ldi?
- Men kimga qarshi jang qilayotganimni yaxshi bilaman. Hasanboy Do‘smatov Olimpiya o‘yinlari chempioni, eng kuchli texnika sohibiga beriladigan Vel Barker kubogi sohibi. Albatta, tayyorgarlik ham shunga yarasha kuchli bo‘ldi. Murabbiylarim bilan ushbu jangga payxta tayyorlandik.
- Hasanboy bilan bir necha bor kuch sinashgan ekansiz. Bu galgi jang siz uchun qanday ahamiyatga ega?
- Avvalgi janglarning barchasida Hasanboyga imkoniyatni boy berganman. Lekin bu gal tayyorgarligim har qachongidan yaxshi. Hech kim ringga yutqazaman deb tushmaydi. Hammasi ringda ma’lum bo‘ladi. Bir narsani aniq bilaman. Hasanboy bilan ringga chiqsam, ko‘p narsa o‘rganaman va bu menga juda katta tajriba bo‘ladi.
- Temirtas, suhbat uchun rahmat.
Fikrlar