Tahlil: Suriya qanday jamoa?

  • 5 sentabr, 2018, 11:05
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, Ektor Kuper boshchiligidagi  O‘zbekiston terma jamoasi 6 sentyabr kuni Suriya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. “Milliy” stadionida o‘tkaziladigan ushbu bahs hozirdan ko‘plab muxlislarda anchayin qiziqish uyg‘otayotgani tayin.

Tecno

Suriya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar tarixiga to‘xtalib o‘tishdan oldin. Suriya terma jamoasi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak.

Suriya futbol asotsiatsiyasi 1936 yilda tashkil topgan. 1937 yildan boshlab FIFA, 1970 yildan boshlab OFK tarkibiga kiritilgan. Asotsiatsiyaning ayni paytdagi prezidenti Ahmad Jabban hisoblanadi. Mamlakat terma jamoasini germaniyalik Bernd Stenj boshqaradi. 70 yoshli mutaxassisga Osiyo futboli begona emas. U 2013–2016 yillar oralig‘ida Singapur terma jamoasini ham boshqargan. 2016 yilning aprel oyida murabbiylik faoliyatini yakunlagach, 2018 yilning yanvaridan Suriya terma jamoasida o‘z faoliyatini qayta tiklagan.

Endi bevosita terma jamoaning o‘ziga to‘xtalib o‘tsak. Suriya terma jamoasi o‘zining dastlabki uchrashuvini 1949 yilning 20 noyabrida Turkiyaga qarshi o‘tkazgan. O‘sha o‘yinda “qasiun burgutlari” 0:7 hisobida imkoniyatni boy berishgan. Ammo bu suriyaliklarning eng yirik mag‘lubiyati emas. Ushbu terma jamoa darvozasiga eng ko‘p golni Gretsiya va Misr terma jamoalari urishga muvaffaq bo‘lishgan. Har ikkala terma jamoaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Suriya o‘z darvozasidan 8 tadan gol olib chiqishga majbur bo‘lgan.  Shuningdek, suriyaliklarning rasmiy o‘yinlardagi  eng yirik g‘alabasi 12:0 bo‘lib, Maldiv va Fillipin terma jamoalari ustidan qozonilgan.

Endi bevosita terma jamoa tarkibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Suriya vakillarining o‘rtacha yoshi 27,8 yoshni tashkil etadi. Jamoa tarkibidagi eng yoshi katta o‘yinchi jamoa sardori Firas Al hatib bo‘lib, 34 yoshli hujumchi 62 ta o‘yinda maydonga tushib, 29 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Terma jamoaning asosini legioner futbolchilar tashkil qiladi. Bernd Stenj terma jamoa safiga jalb etgan 22 nafar futbolchining 18 nafari aynan xorij klublarida to‘p surishadi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, germaniyalik mutaxassis O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalariga qarshi o‘tkaziladigan o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun quyidagi futbolchilarni jalb qilgan.

Darvozabonlar: Ibrohim Alma (“Fulad” Eron), Ahmad Madania, Shaher Al Shokir ( ikkalasi ham “Al Jaish” Suriya).

Himoyachilar: Nadim Sabah (“Tishrin” Suriya), Omar Midani (“Piramids” Misr), Jahed Al Baur (“Al Riffa” Bahrayn), Amro Jenyat (“Al Shabab” Ummon), Huseyn Jvaed (“Al Zavra” Iroq), Gabriel Somi (“Nyu Inglend Revolyushn” AQSh).

Yarim himoyachilar: Mahmud Al Movas (“Umm Salal” Qatar), Hamid Mido (“Al Quvayt” Quvayt), Osama Omari (“Qatar SK” Qatar), Tamer Haj Muhammad (“Ohod” Saudiya Arabistoni), Fahd Yusuf (“Al Sayliya” Qatar), Yusuf Kalfa (“Al Hazim” Saudiya Arabistoni), Ahmad Ashkar Shokir (“Al Jaish” Suriya), Taer Kruma (“Al Suvayq” Ummon), Isro Hamvia (“Al Qodisiya” Quvayt), Aias Aosman (“Dinamo Drezden” Germaniya), Muhammad Osman (“Erakles Almelo” Gollandiya).

Hujumchilar: Mardik Mardikian (“Al Jazira” Iordaniya ), Omar As Soma (“Al Ahli” Saudiya Arabistoni).

E’tiborli jihati shuki, terma jamoa tarkibidagi legioner futbolchilarning asosiy qismi Arab futbolidan u qadar uzoqlashmagan. Ya’ni Muhammad Osman, Aias Aosman va Gabriel Somilarni hisobga olmaganda, boshqa barcha legionerlar Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon, Iroq, Quvayt kabi Arabiston yarim oroli mamlakatlarida to‘p surishadi. Shuningdek, “Fulad” darvozaboni Ibroxim Alma ham Arab ligalarida to‘p surmasa-da, Eron futboli arab futboliga bir muncha yaqinliklarga ega ekanligini hisobga olgan holda, ushbu futbolchini ham yuqoridagilar qatoriga kiritishni ma’qul topdik.

Endi bevosita jamoa o‘yin uslubiga to‘xtaladigan bo‘lsak, jamoa 4-2-3-1 taktikasiga asoslangan holda o‘ynaydi. Jamoaning eng xavfli o‘yinchilaridan biri sifatida Omar Al Soma va Firas Al Xatiblarni keltirib o‘tish mumkin.

Shuningdek, Suriyaning qanotlardan uyushtiriladigan hujumlari ancha xavfdi hisoblanadi.  Ya’ni qanotlardan uyushtiriladigan hujumlar ba’zida qo‘qqisdan markazga ko‘chadi va bunda hujumkor markaziy yarim himoyachi yoki markaziy hujumchi har qanday xavfli vaziyatni golga aylantirishga shay turishadi. Shuningdek, jamoa maydon markazini egallab olgan holda raqib tomon ketma-ket hujum uyushtirishga intiladi. Juda katta tezlikka ega bo‘lgan Firas Al Xatib tomonidan ikkinchi tempda qo‘qqisdan beriladigan zarbalar ko‘pincha raqib darvozasidan o‘rin oladi. Umuman olganda, jamoaning ko‘plab hujumlari ushbu futbolchi orqali tashkillashtiriladi. Shuningdek, “Al Sayliya” yarim himoyachisi Fahd Yusuf ham qanotlarda ancha xavfli hisoblanadi. Bundan tashqari, Mahmud al Movas va Omar Al Somalar oldingi chiziqda ancha xavfli. Ayniqsa, 9-raqamda to‘p suruvchi Omar Al Soma jarima maydoni ichida yuzaga kelgan ko‘pchilik vaziyatlarni golga aylantiradi. Shuningdek, uning uzoqdan yo‘llanadigan zarbalari ham darvozabonlar uchun ancha bosh og‘rig‘i tug‘dirishi tayin. Suriya terma jamoasi irodali jamoalardan hisoblanadi. Biroq ularning ham o‘ziga xos zaif tomonlari mavjud. Xususan, qarshi hujumlar vaqtida jamoa himoyasida yuzaga keladigan pala-partishliklar ko‘pchilik vaziyatlarda gol bilan yakunlanadi.

Endi har ikkala terma jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlar tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari o‘rtasida jami 3 ta o‘yin o‘tkazilgan. Har ikkala terma jamoaning dastlabki o‘yini 1996 yilgi Osiyo Kubogiga to‘g‘ri keladi. BAA mezbonligida o‘tgan musobaqaning guruh bosqichi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda hamyurtlarimiz 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishgandi. “Qasiun burgutlari”ga qarshi o‘tkazilgan ikkinchi bahs 2016 yilning 1 sentyabriga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik muxlislarimizning yodidan hali ko‘tarilib ulgurmagan o‘sha o‘yinda terma jamoamiz 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. (Geynrixning selfisini esladingiz-a?) Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida o‘tgan javob uchrashuvida vakillarimiz xuddi shu hisobda mag‘lub bo‘lishgandi. (Geynrix tushib qolgan selfini ham esladingizmi?)

Umuman olganda, terma jamoamiz Suriyaga qarshi jami 3 ta o‘yinda maydonga tushgan. Ushbu bahslarning 2 tasida raqiblarimizning qo‘li baland kelgan. Toshkentda o‘tkazilgan birgina o‘yinda hamyurtlarimiz g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lishgan. Shuningdek, vakillarimiz Suriyaga qarshi hali biror marotaba o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishmagan. Demak, ushbu bahs Suriya bilan hisob kitobni to‘g‘irlab olish uchun juda yaxshi imkoniyat. Shuningdek, bizni kutib turgan bahsda Misrni 32 yillik tanaffusdan so‘ng Jahon chempionatiga olib chiqqan Ektor Kuper terma jamoamizni ilk marotaba maydonga boshlab tushadi. Shunday ekan, voqealar rivojini kuzatamiz... 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!