Ruslan Chagaev: Ringda raqiblarga rahm qilinmaydi (video)

  • 27 mart, 2018, 13:08
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

SPORTS.uz internet portali o‘zbek bokschilari orasida eng nomdor va o‘z vaqtida super og‘ir vazn toifasining WBA chempionlik kamariga egalik qilib kelgan Ruslan Chagaev bilan suhbatni e’tiboringizga havola etadi.

Tecno

Fakt: Ruslan Chagaev uch karra Olimpiada chempioni kubalik Feliks Savonni xalqaro turnirlarda ikki marta mag‘lub etgan yagona (kubalik bo‘lmagan – SPORTS.uz) xorijlik bokschi. Birinchi marta Ruslan 19 yoshida o‘sha vaqtdagi ikki karra Olimpiada chempionini 14-4 hisobida mag‘lub etib, jahon chempionligini (1997) qo‘lga kiritgan. 1999 yilda Plovdivda (Bolgariya) o‘tkazilgan xalqaro bokschilar kubogida yana Savonni 7-2 hisobida mag‘lub qiladi. Savon esa o‘sha yilgi jahon chempionatida Chagaevdan revansh olishga muvaffaq bo‘lgan.

– Assalomu alaykum. Sportni necha yoshdan boshlagansiz va ilk ustozingiz kim?

– Vaalaykum assalom. Boksga umuman, sportga kirib kelishim biroz kech bo‘lgan desam ham bo‘ladi. Ko‘pchilik 6-7 yoshidan shug‘ullana boshlagan bo‘lsa, men 13 yoshda qadam qo‘yganman. Lekin uni qachon boshlash emas, muhimi qiyinchiliklariga chiqab, davom ettira olish ham zarur. Ilk ustozimga keladigan bo‘lsak, Aleksandr Razmaxov. U murabbiydan juda ko‘p narsani o‘rganganman.

– Sportdagi ilk g‘alabangizni eslay olasizmi va havaskorlar boksidagi natijalaringiz haqida gapirib bersangiz?

1997 yil Budapeshtda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida og‘ir vazn toifasida ilk g‘alabani qo‘lga kiritganman. Bundan tashqari 2001 yilgi dunyo birinchiligida ham zafar quchganman. Ikki marta Osiyo chempioni, bir marta Osiyo o‘yinlarida g‘olib, 2 marta Markaziy Osiyo chempioni ham bo‘lganman, biroq ikki marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan bo‘lsamda, omadsiz yakunlangan. Umuman havaskorlar boksida 85 jangdan 82 tasida raqiblarni mag‘lub qilganman.

Izoh: 1997 yilgi jahon chempionati oldidan Chagaev 2 ta professional jang o‘tkazadi va undan chempionlik tortib olinadi, biroq bu janglar keyinchalik ko‘rgazmali deya baholanadi hamda chempionlik qaytariladi.

– Yoshligingizda ringdan tashqarida ham mushtlashgan holatlar bo‘lganmi?

(Kuladi). Yoshlikda bolalar ba’zan urishib turishadi. Bu menimcha hammada bo‘lsa kerak. Menda ham shunday voqealar bo‘lgan, lekin ularni jiddiy deb bo‘lmaydi.

– Ruhiy tushkunlikka tushgan holatlaringiz ham bo‘lganmi?

Bu ayniqsa sportchilarda ko‘p uchraydi. Sababi yillar davomida mag‘lubiyatga uchramaydi, biroq birgina muhim palladagi mag‘lubiyat qattiq ta’sir qiladi. Buni engish uchun sportchiga kuchli iroda kerak. Menda ham bo‘lgan, ammo ularni osongina engib o‘tishning uddasidan chiqqanman.

– Professional faoliyatingiz qachon boshlagansiz?

– 2001 yilgi jahon chempionatidan (Belfast, Shimoliy Irlandiya) so‘ng professional faoliyatimni boshlashga qaror qildim. Boshlanishi va bundagi juda yaxshi bo‘ldi. 2006 yildan boshlab chempionlik kamarlariga (WBA Inter-Continental va WBO Inter-Continental) ega chiqdim. 2007 yil aprelda esa men uchun unutilmas kunlardan biri bo‘lgan. O‘shanda Nikolay Valuev bilan jang qilib, faoliyatimdagi ilk chempionlik kamari – WBAni qo‘lga kiritganman. Bunga ko‘pchilik ishonmagan edi.


– Siz orzu qilgan chempionlik kamarlari qaysi edi?

– Bokschilar aynan bitta kamarni qo‘lga kiritaman deyishmaydi odatda. Shular singari men ham barcha kamarlarga egalik qilishni xohlaganman, lekin bu juda mushkul ish. Buning uddasidan chiqish hamma bokschilarga ham nasib qilavermaydi.

– Ringdagi raqiblaringizga rahmingiz kelmaganmi?

– Umuman sportda kimdir mag‘lub, kimdir g‘olib bo‘ladi. Agar g‘olib bo‘lmoqchi bo‘lsang, rahm qila olmaysan. Buni ring deb qo‘yibdi.

– Vladimir Klichko va Aleksandr Povetkinga qarshi janglaringiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz...

– Faoliyatimdagi eng og‘ir va muhim janglardan biri. Afsuski ikkisi ham mag‘lubiyat bilan tugagan. Chempionlik janglari edi. Vladimir bilan bo‘lgan jangda oxirigacha davom ettira olmaganman. Jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldim. Raqib yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va kuchli edi. Bundan keyinchalik yana chempionlik janglari bo‘ldi va yana chempion bo‘lish nasib qilgan.

Ma’lumot uchun: Ruslan Chagaev professional faoliyatini 2001 yili sentyabrda boshlagan. U butun faoliyati davomida 38 ta jang o‘tkazib, shulardan 34 tasini g‘alaba (21 nokaut) bilan yakunlagan bo‘lsa, 3 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etgan.

– Mag‘lub bo‘lgan vaqtingizda nimalarni o‘ylardingiz?

– Odatda hech narsani o‘ylaymaslikka harakat qilardim. Faqatgina o‘zimga achinaman. Chunki ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q. Raqib g‘alaba qozongan bo‘lsa, men ham shu ishni qila olishim mumkin ediku.

– Mashhurlik hayotingizni qaysi tarafga o‘zgartirdi?

Men doimo o‘zimni nazorat qilib yuraman va to‘g‘ri yo‘ldan yurishga harakat qilaman. Shuning uchun mashhurlik orqali o‘zgarishni xohlamayman.

– Sportdan nima uchun ketdingiz?

– Hamma narsaning o‘z vaqti bor. Men boks bilan 25 yildan ortiq vaqt davomida shug‘ullanib keldim. Endi boshqalarga yo‘l berishi kerak. Hozirda iqtidorli bokschilarimiz ko‘p. Xudo xohlasa, yaqin vaqtlarda yana o‘zbekistonliklar yana chempionliklarni qo‘lga kiritishadi. Ular qayd etayotgan natijalar shuni ko‘rsatmoqda. Ularga bu yo‘lda chin yurakdan omad tilab qolaman.

Suhbatingiz uchun tashakkur!

Suhbat @uzsport_com (telegram) kanali bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!