
Poytaxtimizda "Happy Caravan-2017" Xalqaro turniri start oldi (foto)
Kecha poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha nufuzli musobaqalar – Jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan – 2017” xalqaro turniri boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqalarda O‘zbekiston, Armaniston, Avstraliya, AQSh, Belarus, Bolgariya, Gruziya, Indoneziya, Ispaniya, Isroil, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Sloveniya, Tailand, Finlyandiya, Shveytsariya, Estoniya, Yaponiya va Qozog‘iston kabi davlatlardan yuz ellikdan ziyod kuchli gimnastikachilar g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
18-19 aprel kunlari “Happy Caravan – 2017” xalqaro turniri, 21-23 aprel kunlari Jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Musobaqaning yakkalik bahslarida Dildora Rahmatova, Nuriniso Usmonova, Taxmina Ikromova, Xurshida Abduraufova, Sevinch Turdieva, Nargiza Jumaniyozova, Diyora Burhonxo‘jaeva, Lola Zokirova, Farzona Usmonova singari gimnastikachilarimiz Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. Guruh bahslarida Shahrizoda Arzimatova, Ekaterina Fetisova, Shahrizoda Qayumova, Dinora Izzatullaeva, Sunajon Sotimboeva, Anastasiya Tixonovadan iborat jamoamiz qatnashmoqda.
Nufuzli turnirning birinchi kunida gimnastikachilar jamoaviy ko‘p kurash bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Diyora Burxonxo‘jaeva xalqada 15.05 ball, Taxmina Ikromova to‘pda 15.15 ball, bulavada 14.35 ball, Sevinch Turdieva tasmada 14.15 ball to‘pladi. Shu tariqa 58.7 ball to‘plagan terma jamoamiz shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Manba:uza.uz
Fikrlar