
O‘zbekistonda ilk marotaba "Milliy sport mukofoti-2018" taqdirlash marosimini o‘tkaziladi
Yakuniga etib borayotgae joriy 2018 yil mamlakatimiz sporti uchun muvaffaqiyatli kechdi. Yil davomida o‘zbekistonlik sportchilar Indoneziyada o‘tkazilgan XVIII Osiyo va III ParaOsiyo o‘yinlari, shuningdek, Argentinadagi III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham rekordlarni yangilashdi. Bundan tashqari hamyurtlarimiz turli xalqaro musobaqalarda, reyting turnirlarida, qit’a va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdilar.
Yil yakunlangani sari, har bir sohada erishilgan yutuqlar, kamchiliklar sarhisob qilinadi, eng yaxshilar e’tirof etiladi. Jumladan, sport sohasida ham. Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan ilk marotaba katta masshtabdagi «National Sports awards-2018» (Milliy sport mukofoti-2018) taqdirlash kechasi tashkil etiladi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Unga ko‘ra Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra maxsus komissiyasi ovoz berish natijalarini o‘rganib chiqadi va yakuniy qaror 28 dekabr kuni «Xalqaro anjumanlar saroyi»da o‘tkaziladigan taqdirlash marosimida e’lon qilinadi. O‘sha oqshom umumiy hisobda 18 yo‘nalida yilning eng yaxshilariga mukofotlar topshiriladi.
Fikrlar