
“Metallurg”: Joriy mavsumda nimalar amalga oshirildi va yangi mavsumga qanday rejalar qo‘yildi?
Dekabr oyining dastlabki kunidan e’tiboran “Metallurg” futbolchilari va murabbiylari 2018 yil hisobidan ta’tilga chiqib ketishdi. Bugun esa Bekobodda “Metallurg” futbol klubi rahbariyatining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2019 yil rejalari ko‘rib chiqildi.
2018 yilgi mamlakat milliy chempionati – Pepsi Superligasiga tayyorgarlik ko‘rish, yuqori saviyada ishtirok etishni ta’minlash maqsadida mavsum davomida “Metallurg” PFK tomonidan katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi musobaqalarni o‘tkazish Reglamenti talablari asosida birinchi navbatda “Metallurg” markaziy stadionini chempionat o‘yinlariga munosib tarzda tayyorlash vazifasiga jiddiy e’tibor qaratildi. Stadion o‘rindiqlari, futbolchilarning kiyinish, yuvinish xonalari, hakamlar xonasi, nazoratchi hakam, komissar xonalari joriy va kapital ta’mirdan chiqarildi. 2018 yilgi mavsumda VIP va CIP tribunalari qurib foydalanishga topshirildi. Stadionga muxlislarni jalb etish, ularga kerakli qulayliklar, shart-sharoitlarni yaratib berish borasida ham O‘FA vakillari bilan hamkorlikda katta hajmdagi ishlar bajarildi.
46-sonli buyruq asosida “Metallurg” futbol klubining 2018 yilgi mavsumda ishtirok etishi bo‘yicha xarajatlar smetasi tasdiqlandi.
“Metallurg” markaziy stadioni joriy va kapital ta’mirdan chiqarildi. Hakamlar, nazoratchi hakam, komissar xonalari, futbolchilarning kiyinish, yuvinish xonalari mavsumga shay holatga keltirildi.
Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport majmuasi futzal bo‘yicha mamlakat milliy chempionati musobaqalarni o‘tkazish Reglamenti talablari asosida to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi. Kiyinish, yuvinish xonalari kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
Nufuzli mehmonlar uchun, raqib jamoa rahbarlari uchun 25 o‘rindiqli VIP lojalari barpo etildi va kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun 40 o‘rindiqli qo‘shimcha maxsus oynavand inshoot qurib foydalanishga topshirildi. Kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
Nazoratchi hakam va komissar uchun alohida xona qurildi va kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
Televidenie va radio sharhlovchilari uchun alohida maydonning barcha hududi yaqqol ko‘rinib turadigan oynavand kommentator xonasi foydalanishga topshirildi va kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
“Metallurg” markaziy stadionining hakamlar, nazoratchi hakam, VIP lojasi, OAV xodimlari xonasi Wi-Fi internet tizimi bilan ta’minlandi.
“Metallurg” markaziy stadionida mezbon va mehmon jamoalar zahira o‘yinchilari hamda murabbiylari o‘rindiqlari Reglament asosida yangidan barpo etildi.
“Metallurg” futbol klubini qo‘llab quvvatlovchi fan-klub a’zolarining mavsum oldi yig‘ilishi tashkil etildi. Fan klub a’zolariga maxsus kiyimlar, klub atributikalari (sharf, bosh kiyim, futbolkalar) tarqatildi. Baraban, bayroqlar bilan ta’minlandi.
“Metallurg” yoshlar jamoasi, “Metallurg-vumen” ayollar jamoasi, “Metallurg” futbol klubi tayyorlov guruhlari jamoalarining O‘zbekiston chempionati, birinchiliklaridagi ishtirokini ta’minlash maqsadida “Metallurg” stadioni (sobiq A.Anoxin nomidagi) joriy ta’mirdan chiqarildi va foydalanishga topshirildi.
“Metallurg” markaziy stadioniga muxlislar kirishini tartibga solish maqsadida turniketlar o‘rnatildi va turli ob-havo sharoitida muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida kirish yo‘lagi usti yopildi. Shuningdek, stadion hududining bir necha nuqtalariga xavfsizlik kameralari o‘rnatildi.
Stadionga tomoshabinlar tashrifini oshirish maqsadida Bekobod shahri, Bekobod tumani hokimiligi bilan korxona, tashkilotlarga xatlar tashkil etildi, “O‘zbekiston” metallurgiya kombinati ishchilari uchun yillik abonomentlar ishlab chiqildi, Yoshlar Ittifoqi ko‘magida tuman va shahar kollejlarida tahsil oluvchi talabalarning stadionga bepul kirishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2018 yilgi mavsum davomida “Metallurg” stadioniga muxlislarni jalb etish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston XVII milliy chempionatining ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rildi. “Ziyoda” to‘yxonasida futbol ishqibozlari hamda faxriylari uchun 1000 kishilik bayram dasturxoni tuzatildi, muxlislarga 100 kg osh tarqatildi. “O‘zbekiston” metallurgiya kombinati madaniyat saroyi estrada xonandalari, raqs dastalaridan tortib mamlakatimizning mashhur dastalarigacha mavsum davomida bekobodlik muxlislar xizmatida bo‘ldi. Jumladan, VIA “Maroqand”, “Ummon” guruhlari, metallurglar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda esa zamonamizning eng taniqli estrada yulduzlarining Bekobodga kelishi mahalliy aholi tomonidan katta xursandchilik bilan qarshi olindi.
Natijada bu yil rekord miqdirida ishqibozlar tashrifi kuzatildi. Jumladan, XVII milliy chempionatning Bekobod shahridagi Pepsi Superliga uchrashuvlarini 98556 nafar ishqiboz bevosita stadionda turib kuzatib bordi. Bu avvalgi yillarga nisbatan 3-4 barobar ko‘p tomoshabin kelganligini anglatadi. Metallurglar shahri – Bekobodda jami 90 mingdan ziyodroq aholi istiqomat qilishini inobatga oladigan bo‘lsak ularning teng yarmini xotin-qizlar tashkil etadi. 45 ming aholining esa yarmidan ko‘prog‘i bolalar va qariyalardir. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, har bir o‘yinga 7-10 ming atrofida tomoshabinlarning “Metallurg” ishtirokidagi o‘yinlariga kelishi Bekobod shahri uchun 90-100 foizlik tashrif sifatida baholanishi lozim.
“Metallurg” futbol klubi qoshida 2016 yildan “Metallurg tarixi” muzeyi faoliyat yuritib keladi. 2018 yilgi mavsum mobaynida deyarli har haftada 2-3 martadan muzeyga tomoshabinlarning tashrifi uyushtirib turildi. Ular orasida futbol klubi tarbiyalanuvchilarining jamoaviy ekskursiyalari alohida o‘rin tutadi. Bundan tashqari boshqa viloyatlar, qo‘shni Tojikiston Respublikasidan ham muxlislar va mehmonlarning stadionga, muzeyga ekskursiyalari bir necha marta kuzatildi.
Ayni paytda ta’kidlab o‘tganimizdek jamoa futbolchilari va murabbiylari ta’tilga chiqarildi. O‘z o‘rnida “Metallurg” PFK futbolchilar va murabbiylari bilan oylik maoshlari hamda mukofot pullari borasida to‘liq hisob kitob qilganligini ta’kidlamoqchimiz. Moliyaviy jihatdan klub qarzdorlikka ega emas. Yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni shu yilning dekabr oyi oxirgi o‘n kunligida boshlanadi. Jamoamizga oid eng so‘nggi yangiliklarni rasmiy ijtimoiy kanallarimiz orqali kuzatib borsangiz ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.
"Metallurg" matbuot xizmati.
Fikrlar