
“Loko” safiga Kot-d’Ivuarning eng iste’dodli yoshlaridan deya e’tirof etilayotgan futbolchi kelib qo‘shildi
O‘zbekistonning amaldagi chempioni – “Lokomotiv” ayni damda BAAning Dubay shahridagi mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirmoqda.
“Temiryo‘lchilar” kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazishmoqda. Ertalabgi mashg‘ulot jarayonida asosan jismoniy tayyorgarlikka katta urg‘u berilayotgan bo‘lsa, tushdan keyin esa ko‘proq to‘p bilan muomala qilish mashqlari bajarilmoqda. Shuningdek, yig‘inda yana bir ivuarlik futbolchi qatnashayotganini ta’kidlash joiz. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Kot-d’Ivuarning eng iste’dodli yosh futbolchilaridan biri deya e’tirof etilayotgan Junior Axissan Lendri bugundan “Lokomotiv” mashg‘ulotlariga qo‘shildi. Ushbu 20 yoshli hujumkor yarim himoyachi o‘z mamlakatining yoshlar terma jamoasi bilan Afrika chempionatida g‘olib chiqib, 2013 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham chorak finalga qadar etib borgandi. Bir qator grand jamoalar qiziqishiga sabab bo‘lgan futbolchi o‘tgan yilni Ukrainaning “Dinamo Kiev” jamoasida o‘tkazdi. Ayni damda esa u “Loko” ko‘rigida bo‘lib turibdi.
Fikrlar