
Javlon Guseynov: Har qanday futbolchi ham o‘z kuchini legioner sifatida sinab ko‘rishni istaydi
Ortda qolgan mavsum yakunlariga ko‘ra Birinchi Ligaga yo‘l olgan “Andijon” jamoasini bir qator mahoratli futbolchilar tark etishmoqda. Andijonliklar safida ancha mazmunli o‘yin namoyish etgan himoyachi Javlon Guseynov ham endi faoliyatini boshqa jamoada davom ettiradi.
Tajribali o‘yinchi Tailandning “Chainat Xornbill” klubi safiga borib qo‘shildi. U qay tariqa ushbu jamoaga borgani va o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘yayotgani borasida SPORTS.uz internet axborot portaliga intervyu berdi.
- Javlon, “Chainat Xornbill” jamoasi safiga borib qo‘shilishingiz qanday amalga oshdi?
- Aslida har qanday futbolchi ham legioner sifatida o‘z kuchini sinab ko‘rishni istaydi. Men ham shu boisdan xorijda to‘p tepishni xohladim. Umuman olganda, o‘tgan yiliyoq bu niyatimni amalga oshirish imkoni bor edi. Biroq o‘shanda “Andijon”da qolishni afzal bilgandim. Ammo jamoa Oliy Liga-2016 yakunlariga ko‘ra elitadan pastga tushib ketdi.
- “Andijon” Birinchi Ligaga tushib ketgach, o‘zimizning jamoalardan takliflar bo‘lmadimi?
- O‘zimizning jamoalardan ham bir nechta chorlov bo‘lgandi. Ammo ko‘pgina takliflar men “Chainat Xornbill” bilan kelishib qo‘ygach kela boshladi. Yakunda esa men aynan “Chainat”ni tanladim. Endilikda ushbu jamoa muvaffaqiyatlariga xissa qo‘shishga urinaman.
- “Chainat Xornbill” jamoasi bu yil Tailand yuqori divizionidan tushib ketibdi…
- Ha, shunday. Ammo jamoada infratuzilma yomon emas va yaxshigina mahoratga ega futbolchilar jamlangan. Mana hozirda davom etayotgan yig‘in davomida amin bo‘lyapmanki, jamoa oldiga kelasi yili albatta yuqori divizionga qaytish vazifasi qo‘yilgan. Jamoaga yaqinda germaniyalik mutaxassis bosh murabbiy etib tayinlandi. Endilikda tarkib ham shunga monand ravishda kuchaytirilmoqda.
- Til borasida muammo yo‘qmi? Tarjimon xizmatidan foydalanyapsizmi?
- Yo‘q! Bunday muammo yo‘q! Bilasizmi, yoshlikdan ota-onam ingliz tili to‘garagiga yuborishardi. Shu boisdan inglizchada yaxshi gaplasha olaman. Shuning uchun jamoadoshlarim va murabbiylar bilan muomala borasida hech qanday qiyinchilikka duch kelayotganim yo‘q, - deydi futbolchi SPORTS.uz internet axborot portaliga.
Fikrlar