80 million funtni ol, to‘purarni bizga ber!
Joriy mavsum Angliya Premer-ligasi chempionligi unvonini himoya qilayotgan “Liverpul” hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida “Bornmut”dan Antuan Semenoni transfer qilmoqchi.
“Bornmut” hujumchisi tezligi, jismoniy kuchi va himoyani yorib o‘tish qobiliyatiga ko‘ra “Enfild” skautlarini hayratga solgan. Manbalarning ma’lum qilishicha, mersisaydliklar bu o‘yinchini olish uchun 80 million funt sterling sarflashga tayyor.
Ta’kidlash joizki, 25 yoshli ganalik hujumchi Premer-ligada juda katta o‘sish ko‘rsatdi: u himoyachilarni engish, yuqori pressing va ko‘p pozitsiyalarda o‘ynash qobiliyati bilan ajralib turadi.
“Liverpul” uni transfer qilish imkoniyatni yo‘qotmaslik uchun allaqachon “Bornmut” bilan aloqaga chiqqan. “Bornmut” esa, o‘z yulduz hujumchisini osongina qo‘yib yubormoqchi emas. Ular faqat yuqori narxda sotishga rozi bo‘ladi.
Semenoning o‘zi hozircha xotirjam, klubda o‘zini yaxshi his qilyapti. “Liverpul” darajasidagi klub taklifini rad etish qiyin bo‘lishi mumkin.
“Liverpul” rahbariyati bosh murabbiy Arne Slot oldiga Premer-ligadan tashqari Evropa Chempionlar ligasida ham sovrin uchun kurasha oladigan jamoa shakllantirish vazifasini qo‘ygan. Bu rejani amalga oshirish maqsadida Arne Slot Antuan Semenoga ehtiyoj bor, deb hisoblamoqda.



Fikrlar