
"1-2 tasidan tashqari qolgan klublarimizda umuman tizim yo‘q. Kun o‘tsa, shunga ham xursand": Nikimbaev bilan katta intervyu (2-qism)
- O‘zPFLning reglamenti va ularning amalda ishlamayotgani haqida kanalingizga ketma-ket postlar yozdingiz? Diyor Imomxo‘jaev esa bunga javoban "X" sahifasida "Alisher akamni yana tushiga kiribman. Hech narsani (aslida biroz qo‘polroq so‘z ishlatilgan) bilmaydigan va faqat uni kuzatadiganlarni aldab o‘tiribdi, deya fikr bildirdi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Diyorning "X" sahifasidagi postiga izoh berishning o‘zi noto‘g‘ri. Odam shunaqa gapirgandan keyin nima deyish mumkin? Bu uning tarbiyasi va saviyasi. Biroq o‘sha postning izohlaridagi savollarga shunaqa javob berdiki, u baribir reglamentlarni bilmas ekan. U aytdiki, klublar futbolchilarni xohlagan sonida, xohlagan vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin deyapti. Biroq FIFA reglamentida futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish faqat reglamentda yozilgan davrda mumkin, deb yozilgan. Menimcha, u reglamentlarni o‘qib chiqishi kerak.
- Klublarimizning boqimandaligi haqida ko‘p gapiramiz. Ustiga-ustak, qaysidir jamoa chempion bo‘lishni istab qolsa, byudjetni ayamay, legionerlarni tarkibga qo‘shib oladi yoki Superliganing eng yaxshilarini o‘z tarkibiga yig‘ib oladi. E’tibor bersangiz, vaqti-vaqti u yoki bu klubning tarkibi tezda kuchayib ketadi. Maqsadiga etsa yoki eta olmasa, yana pozitsiyasini o‘zgartiradi. Buni men sun’iy hashamat, deb atagan bo‘lardim. Sizning bu haqda fikringiz qanday?
- To‘g‘ri aytyapsiz. Aksar klublarimizda aniq qandaydir sistema yo‘q. Tizim borlari esa 1-2 ta bo‘lishi mumkin. Qolganlari katta byudjet sarflab, futbolchilarni olib kelyapti. Keyin esa o‘sha o‘yinchilarga maosh to‘lay olmay, tekinga ketishiga ruxsat berilyapti. Shunday holat vujudga keldiki, moliyaviy tomondan muammosi bo‘lmagan, yuqori o‘rinlar uchun kurashmagan bo‘lsa-da, barqaror moliyalashtirilgan "Metallurg" ham yo‘q bo‘lib qolyapti. Bundan oldin "Turon" ham yo‘q bo‘lib qoldi va yana bir qancha shu kabi holatlar vujudga keldi. Mana, "Metallurg" ligada ishtirok etmasligi ma’lum bo‘lgach, "Olimpik"dan voz kechdi. Keyin esa 15 yillik tanaffusdan so‘ng "Xorazm" qaytarildi. Biroq "Xorazm" qancha vaqtga etadi, degan savol bor? Umid qilamizki, ko‘p muddat ligada qoladi, lekin ko‘zim etmayapti. O‘tgan mavsum Pro ligada 6-o‘rinni olgan jamoa dabdurustdan Superligada paydo bo‘lib qoldi va ularga biroz qiyin bo‘ladi, chamamda. Muammo shundaki, klublarimizga futbolning keragi yo‘q. Rahbarlar qancha pul bersa, o‘shanga yarashadi. Xo‘jayinlar ko‘proq pul ajratsa, maqsad biroz kattalashadi, miqdor kamaygan paytda esa ligada jon saqlash uchun harakat qiladi. Shuning uchun, O‘zbekistonda futbol biznesi rivojlanmasa, hammasi odatdagidek davom etaveradi va bundan ham ko‘p muammolarga duch kelishimiz mumkin.
- Klublarimiz hamon boqimanda ekanligini inobatga olsak, asosiy urg‘uni yosh futbolchilarimizning etishib chiqishiga qaratishimiz, ularga ko‘proq imkoniyat berishimiz, akademiyalardan muntazam foydalanishimiz kerak. Biroq aksar klublarimiz akademiyalaridan ko‘p ham foydalanmaydi. Jumladan, so‘nggi paytlar ko‘p muhokama qilinayotgan "Neftchi" ham tarkibiga 16 nafar futbolchini qo‘shib olgan va ularning ichida eng yoshi Ibrohimhalil Yo‘ldoshev (23 yosh). Liga shu jarayonni nazorat qilish uchun qat’iy qoidalar joriy qilish o‘rniga, klublarimizning istaklariga imkon qadar moslashayotgandek, aksar hollarda ularning xohishi bilan ish ko‘rayotgandek tuyuladi, ba’zan. Sizning bu haqda fikringiz qiziq?
- Klublar olayotgan pullarini akademiyalarga sarflashmaydi. Ularga bugun va faqat natija kerak. Kim klubda ishlasa, u murabbiy, xoh biror lavozimdagi shaxs bo‘lsin, maqsad faqat natija. Ertangi kun ular uchun muhim emas. Aniq ayta olamanki, klublarimizda strategiya yo‘q. Balki "Nasaf" va "Paxtakor"da bo‘lishi mumkin. Biroq qolgan klublar "kun o‘tdi, shunga ham shukr" deyishyapti. Yosh futbolchilarga imkon berish o‘rniga, yoshi katta legioner yoki mahalliy futbolchilar jamoalarda yig‘ilib qolmoqda, 4-5 nafar futbolchi yig‘ilib olib, bir klubda o‘ynab, keyingi mavsum hammasi boshqa klubga ko‘chib o‘tyapti. Agar klublarga futbol odamlari, bugundan ko‘ra ko‘proq ertani o‘ylaydiganlar kelmasa, hammasi shu ahvolda qoladi.
- Limitdan tashqari futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jumlasi va bu amaliyot sizni hayron qoldirgani haqida yozdingiz va "Neftchi" misolida reglamentga mutlaq nomutanosib ish tutilayotganini aytdingiz. Bu vaziyat uchun O‘zPFL qanday kontr argument berishi mumkinligi sizni qiziqtirmadimi?
- Albatta, meni qiziqtiradi. Nima asosda bu ishlar qilinyapti, degan savolni ham berdim yozgan postimda, ammo savolga javob olmayapmiz. To‘g‘ri, Diyor "X" sahifasida to‘liq emas, qisqaroq qilib yozdi. Nima emishki, xohlagan vaqtida, xohlagancha miqdorda futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin ekan. Biroq limitdan tashqari tushunchasi qanaqa ekanligi haqida to‘liq tushuntirish berilmadi. Eng qizig‘i, savolni men beryapman, ammo o‘zim o‘zbek futboli ichida ishlamayman. Menga javob bermaslikka haqqi bor va talab qilmayapman ham. Lekin futbolimizni ichidagilar, klublarda ishlayotganlar shunaqa savollarni bermayapti. Ularga qiziq emas ekan. Aytganimdek, kun o‘tsa, shunga ham shukr deyishyapti. Hammasi bir-biriga bog‘liq, aslida. Ertaga futbolimiz nima bo‘ladi? Reglamentda nima yozilgan? Bu o‘zi to‘g‘rimi? Qizig‘i yo‘q ularga. Shuningdek litsenziyalashtirish masalasi ham muammolardan biridir. 19 ta OFK litsenziya aprel va mayda berilyapti. Biroq mavsum martda boshlanmoqda. Qanday qilib bir yil oldin litsenziya olish mumkin? "Xorazm" o‘tgan yili mayda litsenziya olgan bo‘lsa, bu yil yanvarda vaziyatni yana tasdiqlash kerak bo‘lib qoldi. Hayron qolaman, nahotki bularning barchasi bitta faqat menga qiziq?
- Diyor Imomxo‘jaev 2020 yilda Alisher aka O‘zPFLni tanqid qiladi, lekin O‘FAni tanqid qilmaydi, degandi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Men O‘FAni ham tanqid qilganman, agar kanalimni kuzatgan bo‘lsangiz. Biroq asosiy savol boshqacha bo‘lishi kerak. Men uning gaplarini tanqidga javob bermasdan, aravani quruq olib qochish deb baholagan bo‘lardim. Tanqid o‘rinlimi, yo‘qmi, degan savol bo‘lishi kerak. Agar chindan ham o‘rinli bo‘lsa, O‘FAni tanqid qilamanmi, OFK tanqid qilamanmi, farqi nima? Diyordan avval Farhod Magomedov davrida ham, boshqalarning davrida ham tanqid qilganman. Bunaqa gaplar tanqidga qarshi argument keltirolmay, undan qochish sanaladi.
- Echim har doim va har qanday vaziyatga nisbatan bo‘ladi. Klublarimiz va O‘zPFLni ko‘p tanqid qiluvchi kam sonli insonlardan biri sifatida ularning har ikkisiga birdek mos tushuvchi qanday maslahat va takliflar bera olasiz?
- Echim, maslahat va taklif bitta. Birinchi navbatda, o‘zimizni aldashni to‘xtatishimiz kerak. Shuningdek, mustaqil audit chaqirtirib, reglamentlar FIFAga mos keladimi yoki yo‘q, shuni tekshirish kerak. Bundan tashqari, futbolimiz qaerga qarab ketyapti? Nima bo‘ladi? Hammasini moliyaviy tomondan tahlil qilish lozim. Klublar qancha pul olyapti? Nimaga sarflayapti? Bularning barchasini tahlil qilish orqali muammolarni bartaraf etish mumkin. Mayli, klublarning smetasi to‘liq ochiqlanmasin, yopiq majlis bo‘lsin, lekin baribir qandaydir yig‘ilish, ichki majlis bo‘lishi, klublar va O‘zPFL o‘rtasida ko‘proq muloqot o‘tkazilishi kerak.
Karim Xudayqulov suhbatlashdi
Fikrlar
диёр жуда ёш, тажрибасиз ва тепадагиларга шундай тажрибасиз кугирчоклар керак. шундай экан, диёр уз-узига савол берсин "нима килдим? кандай силжишга эришдим? нега узбек футболини кутара олмаяпман?" виждонан жавоб бера олмаса, яхшиси бошка иш килиб, оиласини халол боксин! хеч нима килолмай олган маоши эса ХАРОМ