
“Manchester Yunayted” birdaniga uch nafar mashhur himoyachilarni sotib oladi
“Manchester Yunayted” yozgi transferlar davrida tarkibida jiddiy o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmoqda.
Manchesterliklar himoya chizig‘ini ham tubdan yangilamoqchi. Rafael Varan klubni tark etdi. Harri Maguayr va Viktor Lendelyofning “Old Trafford”dagi kelajagi katta so‘roq ostida turibdi.
“Manchester Yunayted” bosh murabbiy Erik ten Xag markaziy himoyachilardan faqatgina Lisandro Martinesga ishonch bildirishini aytdi. Biroq bu himoyachi jarohatga moyil bo‘lgani uchun o‘tgan mavsumda ko‘p o‘yinlarda ishtirok eta olmadi.
Sky Sports nashrining yozishicha, klub birdaniga uch nafar markaziy himoyachi sotib olib, muammoli pozitsiyani to‘liq yopishni rejalashtirmoqda.
Manchesterliklar “Bavariya”dan Matteys de Ligtni transfer qilishga yaqin turibdi. 24 yoshli himoyachining o‘zi ham “Ayaks”da birga ishlagan ustozi Erik ten Xag qshl ostida to‘p tepishga qiziqmoqda.
Klub mutasaddilari parallel ravishda 22 yoshli himoyachi Jarred Brantueyt transferi bo‘yicha “Eerton” bilan muzokarani davom ettirmoqda. “Yunayted” vakillarini dastlabki ikki urinishi rad etildi va klub uchinchi taklifni tayyorlayapti.
“Manchester Yunayted” uchinchi nishon – Leni Yoro uchun kurashni davom ettirmoqda. “Lill” 18 yoshli himoyachisini “Real”ga emas, madridliklardan ko‘p pul to‘lashga tayyor turgan “MAnchester Yunayted”ga jo‘natmoqchi. Angliya grand yosh o‘yinchi uchun 42 million funt o‘tkazib berishni rejalashtirmoqda.
Fikrlar