
«Liverpul»ga «ko‘z tegdimi»?
«Byornli» jamoasi «Liverpul»ni «Enfild»da mag‘lub etdi va chinakam sensatsiyani amalga oshirdi. E’tiborlisi shundaki, «Liverpul» qatorasiga 5 ta uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmayapti. Yurgen Klopp shogirdlariga nima bo‘ldi? Nahotki, «mersisaydliklar» chempionlik uchun kurashdan chiqib ketdi? Bugun shu savollarga javob izlashga urinib ko‘ramiz.
Faqat faktlar
- G‘alabasiz ceriyadagi o‘yinlar soni 5 taga etdi. Barchasi «Vest Bromvich»ga qarshi (1:1) uchrashuvdan boshlandi. So‘nggi bor, «qizillar» 19 dekabr sanasida g‘alaba qozongan edi. «Kristal Pelas»ni yirik (7:0) natijasi bilan dog‘da qoldirgan jamoa qatorasiga 5 ta uchrashuvda 3 ochko ishlay olmayapti.
- Bundan tashqari, klub 4 ta o‘yindan beri gol kiritishni uddalay olmayapti. «Nyukasl», «Sautgempton», «MYu» va «Byornli»ga qarshi uchrashuvlarda hujum chizig‘i oqsadi. Boshqacharoq qilib aytsak, «Liverpul» 438 daqiqadan beri gol kiritgani yo‘q.
2.1 438 daqiqa ichida Enfild egalari raqiblar darvozasiga 87 bor zarba yo‘llagan. Kiritilgan gollar yo‘q. Bu jamoaning Yurgen Klopp qo‘l ostidagi eng yomon natijasi bo‘lib turibdi.
2.2 Bunday omadsiz seriyani so‘nggi bor «qizillar» 2000 yilda namoyish etgandi. Klopp esa, bundan 14 yil ilgari «Maynts»da faoliyat olib borgan chog‘larda 4 ta uchrashuvda gol kirita olmagan.
- Afsuski, jamoa «Enfild»dagi 68 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga yakun yasadi. «Liverpul» deyarli 4 yildan beri APL bahslarida o‘z uyida hech kimdan mag‘lub bo‘lmagan edi. «Byornli»dan avval, «Kristal Pelas» 2017 yilda «Enfild»da g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Klopp Joze Mourinoning rekordini yangilay olmadi. Portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostida «Chelsi» o‘z uyidagi 86 ta o‘yinda (APL bahslarida) mag‘lubiyatga uchramagan. Aynan shu rekord ingliz klublari uchun etib bo‘lmas cho‘qqiga aylanib bormoqda.
- Shon Daych APL tarixidagi bu natijani qayd etgan ilk murabbiyga aylandi. Daych o‘z jamoasi bilan 2017 yilda amaldagi chempion «Chelsi»ni «Stemford Bridj»da mag‘lub etgan edi. Endi Yurgen Kloppning «Liverpul»ini «Enfild»da dog‘da qoldirdi. Daych amaldagi chempionlarni o‘z uyida taslim etish borasida benazir!
- «Liverpul» ortda qolgan 19 ta tur davomida atigi 34 ochko jamg‘ardi. Bu 2015/16 yilgi mavsumdan beri qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich sanaladi. 2015/16 yilgi APL bahslarida, klub birinchi davra yakunida 30 ochko jamg‘argan edi. Yakunda, turnir jadvalida bor-yo‘g‘i 8-o‘rinda qolib ketishgan.
Yurgen Klopp mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ko‘pincha vaziyatga yumor bilan yondashuvchi murabbiy sira o‘ziga o‘xshamadi. Uning so‘zlaridan norozi kayfiyatda ekanligini shundoq ko‘rinib turgan edi.
«Biz bugun imkonsiz ishni amalga oshirdik. Sababi, «Byornli»ga o‘z uyimizda mag‘lubiyatga uchrashimiz fantastika edi. Biz buni uddaladik! Albatta, bu mening aybim. Mening vazifam futbolchilarimni o‘yinga ruhan va jismonan yaxshi tayyorlash. Bu safar buni udday olmaganga o‘xshayman. Biz o‘yin davomida to‘pni nazorat qildik. Vaziyatlar yaratdik. Hozirgi holatimiz krizis emas. Har qanday grand jamoa ham ochko yo‘qotadi. Boz ustiga, bugun «Byornli» bizga qarshi super motivatsiya bilan to‘p surdi».
Endi nima bo‘ladi?
Yurgen Klopp va Shon Daych o‘rtasidagi qarama-qarshilik sal bo‘lmasa, janjalga aylanib ketishi mumkin edi. Murabbiylar o‘yin davomida bir-birga luqma tashlagan bo‘lsa, birinchi taym so‘nggida sal qolsa, katta janjalni boshlab yuborishi mumkin edi. Yurgen kiyinish xonasiga kirib ketayotgan hamkasbini quvib etdi va baland ovozda e’tiroz bildirdi. Qiziqqon Daych ham qarzdor bo‘lib qolishni istamadi. Ular o‘rtasidagi janjalga nima sabab bo‘lgani noma’lum. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida avvaliga Daych bu haqida so‘zlashni istamadi. Klopp esa, «Daych aytmagan bo‘lsa, mendan hech narsa so‘ramanglar» qabilida javob berdi. Umuman olganda, Yurgenning janjallarga moyil ekanligi hech kimga sir emas. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha kuni Kloppda ilk bor chorasizlik alomatlari ko‘ringandek tuyuldi. Doimo agressiv futbol namoyish etuvchi, yuzidan tabassum arimaydigan Kloppning ko‘zlarida xavotir borligi bilinib qoldi. Balki, APL chempionligi uchun kurash deyarli imkonsiz ahvolga kelib qolgani yoki tinimsiz jarohatlar sababli, Yurgen ortga chekinishga majbur bo‘layotgandir?! Chekinishga o‘rganmagan murabbiy bu ketishda depressiyaga tushib qolishi ham hech gap emas.
Boz ustiga, oldinda ularni chinakam sinovlar kutib turibdi. Yurgen Klopp shogirdlari yakshanba kuni Angliya kubogi doirasida «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushadi. Keyingi haftaning o‘rtasida esa, ularni Joze Mourinoning «Tottenxem»i kutib turibdi. Aynan shu uchrashuvlardan birida «Liverpul» o‘z omadsiz seriyasiga yakun yasashi lozim. Bu oson bo‘lmaydi, biroq amaldagi chempion bor kuchini ishga solishi turgan gap. Endi ortga yo‘l yo‘q.
Fikrlar