
Zoran Marushich: "Rubin"ga qarshi o‘yin bizda ham a’lo darajadagi saviya borligini ko‘rsatdi"
“Neftchi” klubi yanvar oyining boshlaridan buyon Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. Qolaversa, bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlarida ham qatnashishyapti.
Tarkibni bilasiz, kuchli futbolchilardan tashkil topyapti. Yaxshi saviyadagi legionerlar ham qo‘shilgan. O‘tgan yili “Nasaf” bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan serbiyalik hujumchi Zoran Marushich bu yil “Neftchi” sharafini himoya qiladi. Uning jamoaga qo‘shilishi hujum chizig‘ini kuchaytirishiga xizmat qilishi tabiiy.
Kuni kecha farg‘onaliklar Turkiyada Rossiya premer-ligasi vakili Qozonning “Rubin” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi va unda “Neftchi” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Marushich esa ushbu o‘yin va yig‘in xususida Sports.uz jurnalistiga kichik intervyu berdi.
- Zoran, “Rubin” klubiga qarshi o‘yin qanday kechdi?
- “Rubin”ga qarshi o‘yin – bunday sifatli jamoalar bilan bemalol bellasha olishimizni ko‘rsatib berdi. Bizda ham juda a’lo darajadagi saviya bor va buni chempionatda namoyish etamiz.
- O‘zingizni “Neftchi”ga to‘liq moslashib bo‘ldim deb hisoblaysizmi yoki bu jarayon davom etyaptimi?
- Klubda ilgari o‘zim bilan birga to‘p surgan ko‘plab o‘yinchilar bor. Ularning deyarli yarmidan ko‘pi meni yaxshi do‘stlarim hisoblanishadi. Ular tufayli yangi jamoaga moslashishim juda tez yuz bermoqda.
- “Neftchi”da nomdor va yulduzli futbolchilar yig‘ildi. Bu siz o‘ynagan jamoalar orasida eng kuchlisimi?
- Jamoa yaxshi futbolchilardan tashkil topgan. Men bemalol bizning klubni o‘zim to‘p surgan klublar orasida eng yaxshisi deb ayta olaman.
- Bu mavsumda jamoani chempionlikdan boshqasi mutlaqo qoniqtirmaydi. Shunday ekan, chempion bo‘lishga va’da bera olasizmi?
- Sizga buni va’da bera olmayman. Ammo shuni va’da berishim mumkinki, biz jamoa sifatida chempionlarga aylana olishimiz mumkin. Shu sababdan ham biz birlashdik va shu maqsadga erishishni istaymiz.
- Bu yil nechta gol urishni mo‘ljallab turibsiz?
- Imkon qadar ko‘proq gollar urish payida bo‘laman. Har doim shunday o‘ylaganman. Bu safar ham shundayligicha qolaveradi.
Fikrlar