“Zenit” O‘runov transferiga qanday munosabat bildirdi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Oston O‘runovga Rossiya Premer-ligasining bir necha klublari, xususan, ko‘p karra chempion “Zenit” qiziqayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, O‘runovning O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi yorqin o‘yinlari uni transfer bozoriga ta’sir o‘tkaza boshladi. Ayniqsa, noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarida jahon chempionatining to‘rt ishtirokchisi o‘rtasida o‘tkazilgan Al-Ain Cup 2025 xalqaro turnirida Ostonning Misr terma jamoasiga qarshi o‘yini muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi.
O‘sha bahsda ikkita to‘p kiritgan 24 yoshli o‘yinchiga Italiyaning “Yuventus” jamoasi qiziqish bildirgani transfermarkt portalida ham qayd etildi.
Mana endi O‘runov bir necha klublar transfer nishonida ekani haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda. Bu masalaga “Zenit” klubi munosabat ham ma’lum bo‘ldi. Bu masalaga euro-football nashri jurnalistlari oydinlik kiritdi.
- Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi “Spartak Moskva”ning sobiq yarim himoyachisi Oston O‘runovga qiziqish bildirayotgani yo‘q. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, bu klub qishki transferlar oynasi davrida markaziy yarim himoyachi qidiryapti. Tanlov imtiyozi asosan janubiy amerikalik va mahalliy o‘yinchilarga qaratiladi, - deyiladi euro-football nashri xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov Eron chempionatiga yo‘l olishdan avval Rossiya Premer-ligasidagi murakkab davrni boshdan kechirdi. “Paxtakor” tarbiyalagan futbolchi O‘zbekiston Superligasida “Navbahor” va “Lokomotiv”dagi muvaffaqiyatli o‘yinlaridan keyin 2020 yilning boshida Rossiya chempionati vakili “Ufa” safiga ko‘chib o‘tgandi.
Ushbu jamoada yarim mavsum to‘p tepib, yuqori salohiyatini namoyish qilgan legionerimizga Premer-liganing barcha etakchi klublari og‘iz soldi. Ayrim sabablarga ko‘ra, Oston “Spartak” variantini tanladi. Taqdir taqozosi bilan bu tanlov zato bo‘lib chiqdi.
“Spartak”da mahorati qadrlanmagan futbolchimiz keyinchalik “Ufa” va “Ural”da to‘p tepib, yuqori darajaga ko‘tarila olmadi. 2023 yilning boshida O‘zbekistonga qaytgan Oston bir mavsum “Navbahor”da o‘ynadi va keyin Eronning eng qudratli klubi “Persepolis”ga ko‘chib o‘tdi.
Ayni paytda “Persepolis” rahbariyati Oston O‘runovni qo‘yib yuborishga tayyor emas. Klub xo‘jayinlari 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin legionerning transfer summasi yanada ko‘tarilishiga umid qilmoqda.
Fors klubi bilan 2027 yilning yarmigacha davom etadigan shartnomaga ega O‘runovning bugungi kundagi transfer summasi ikki million evroni tashkil qiladi.
Oston O‘runov “Navbahor” safida ikki marotaba O‘zbekiston chempionati bronza medali sovrindori, “Lokomotiv” tarkibida esa, kumush medal egasi hisoblanadi. Shuningdek, “Persepolis” tarkibida Eron chempioni bo‘lgan.
Hujumkor futbolchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida xalqaro miqyosda 39 ta uchrashuvda ishtirok etib, bu o‘yinlarda Maldiv orollari, Kamerun, Tojikiston, Vetnam, Eron, Gonkong, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Misr terma jamoalari darvozasiga jami 10 ta to‘p kiritgan.
Alamli mag‘lubiyatdan keyin Husanovning o‘yini qanday baholandi?
O‘zbek to‘purari legionerga aylanishni rad etdi
Shomurodov “yondiryapti”: Bu gal Onananing darvozasini “teshib” qo‘ydi!
Kim kuchli? Husanovni qozoq futbolchisi bilan taqqoslashdi
Shomurodov jamoani yakka o‘zi elkasida ko‘tarib kelyapti...
Yana qancha gol kerak? Shomurodov endi haqiqiy to‘purarligini isbotlayapti...



Fikrlar