
"Yunayted"da yangi era! Jamoani tark etayotganlar va kelayotganlar oshkor qilindi
Yangi era! "Manchester Yunayted"da katta o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kutilmoqda. Yangi murabbbiy Erik ten Xag va uning o‘yin uslubiga mos keluvchi futbolchilar "qizil iblislar" tarkibida jam bo‘lishi kutilmoqda. Uning taktikasiga tushmaydigan o‘yinchilar ketishi kerak. Yo‘q, bu jarayon boshlanib ham bo‘ldi.
Edinson Kavani: 2020 yildan beri "qizil iblislar" libosida 59 ta o‘yinda ishtirok etib, 19 ta gol urishga erishgan forvard manunialiklar safini tark etib ulgurdi. Urugvaylikka ayni vaqtda "Fiorentina" hamda Meksikaning "Toluka" klubi da’vogarlik qilmoqda.
Nemanya Matich: U allaqachon Joze Mourino boshqarayotgan "Roma" bilan shartnoma imzolab ulgurgan. Serb MYu safida 5 mavsum to‘p tepdi. Juda yaxshi emas-ku, ammo yomon ham emas. Mankunialiklar safida u qisman o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etdi. Endi uni Rimda sarguzashtlar kutmoqda. Aytgancha, u "bo‘rilar" bilan 2023 yilga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekkan.
Xuan Mata: Ispaniyalik yarim himoyachining ham Manchester klubi bilan hamkorligi 8 yillik faoliyatdan so‘ng yakuniga etdi. 285 uchrashuv, 51 ta gol va to‘rtta sovrin. 2016 yilda Xuan Angliya kubogini, bir yildan so‘ng Evropa ligasi va liga kubogini, so‘ngra mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Jessi Lingard: U ham klubni tark etadi. Jessi 2001 yili 8 yoshida ushbu klub safiga kelib qo‘shilgan. Katta jamoada u 2015 yilda debyut qilgan. 232 ta uchrashuv va 35 ta gol.
Antoni Marsyal borasida hozircha rasmiy xabarlar yo‘q. Biroq mish-mishlar etarlicha. 2021/2022 yilgi mavsumning ikkinchi qismida u "Sevilya" safiga borib qo‘shildi. U Ispaniyada ham kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi. 9 bellashuv va 1 assist. "The Telegraph" nashrining xabar berishicha, ayni vaqtda "qizil iblislar" uni sotishga tayyor. Antoni transferidan tushgan pulni mankunialiklar yangi hujumchi sotib olishga sarflaydi.
Eng shov-shuvli ketish Pogbaga tegishli bo‘lsa kerak. U "qizil iblislar"ni qattiq zarba bilan tark etmoqda. Sababi. Pol klub unga hatto yangi shartnoma taklif qilmaganidan xafa bo‘ldi.
"Futbolchi o‘zini klub uchun muhim his qilishi kerak. Agar shunday bo‘lmasa, hammasi tugadi. Men jarohatdan endi tiklanayotgan edim. Ular menga yordam berishmadi va kelajagim haqida qayg‘urishmadi. Shunday qilib, men Frantsiya terma jamoasiga borishga majbur bo‘ldim. U erda o‘zimga bo‘lgan ishonchni tikladim", - dedi yarim himoyaichi "Amazon Prime"dagi "The Pogmentary" hujjatli filmida.
Frantsuz 2016 yilda "Yuventus"dan MYuga 105 million evro evaziga ko‘chib o‘tgandi. Klub bilan u Evropa ligasi va Angliya kubogini yutishga muvaffaq bo‘ldi. Qaytganidan so‘ng u "qizil iblislar" safida 154 ta uchrashuvda maydonga tushib, 29 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Pogba MYuda o‘zining eng yuqori darajasiga chiqishi va haqiqiy etakchi bo‘lishi kutilgandi. Biroq u ko‘p bora jarohat olib, klub uchun "bosh og‘riq" bo‘ldi, xolos.
"La Gazetta dello Sport" nashrining xabariga ko‘ra, u "Yuventus"da erkin agent sifatida borib qo‘shiladi. Xuddi shu voqea 2012 yilda ham sodir bo‘lgandi.
Yangilarda nima gaplar?
"Sky Sports" nashrining xabar berishicha, MYuni Pogba, Matich hamda Mata tark etganidan so‘ng klub kamida bitta bitta yarim himoyachi bilan shartnoma imzolashi kerak.
Ayni vaqtda asosiy maqsad - Frenki De Yong. "Barselona" bilan muzokaralar davom etmoqda. Tomonlar tez orada kelishuvga erishishi kutilmoqda. Fabritsio Romanoning xabar berishicha, MYuning niderlandiyalik uchun ilk taklifi 60+10 million evro bo‘lgan. Bu miqdor "Barselona"ni qoniqtirmadi. Ular kamida 85 million evro olishni istamoqda. Xavi Frenkini jamoada saqlab qolishni istaydi. Shunday bo‘lsa-da moliyaviy muammolar bunga to‘siq bo‘lmoqda.
"Sky Sports" yana ko‘plab insayd xabarlar bermoqda. Unga ko‘ra, "qizil iblislar" De Yongdan tashqari hujumning istalgan qismida o‘ynay oladigan futbolchi xarid qilish haqida o‘ylamoqda. Asosiy variant - "Ayaks" vingeri Antoni. 22 yoshli braziliyalik Ten Xag bilan ishlab ulgurgan. O‘tgan mavsum u jami 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol hamda 10 ta assist muallifiga aylangan. Taxminiy transfer summasi 60 million evro bo‘lishi kutilmoqda.
"Benfika" hujumchisi Darvin Nunes varianti ham bor edi, ammo u allaqachon "Liverpul" bilan shartnoma imzolab bo‘ldi. Haqiqat shundaki, urugvaylikning transfer summasi MYuni qo‘rqitib qo‘ydi. (75+25 million evro) Shu tufayli klub hech qanday rasmiy taklif bilan chiqmadi.
Himoyachilardan Yurrien Timber varianti ham mavjud. Tan Xag qo‘l ostida u Niderlandiya chempionatida 2020 yilda debyut qildi va shu vaqtdan buyon o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsata oldi. Amsterdamliklar o‘z futbolchisi uchun 50 million evro so‘ramoqda. Shuningdek, mudofaani kuchaytirish uchun Pau Torres varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.
"Sky Sports" nashri bergan xabarga ko‘ra, MYu uchun himoyani kuchaytirish ustuvor vazifa emas. Ular yarim himoya va hujumga asosiy e’tiborini qaratgan.
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar