
"Yoshlarning o‘yini yoqdi, ular bizni asabiylashtirishdi" yoxud Kanchelskis va Ismoilov o‘yindan so‘ng nimalar dedi?
Oldin xabar berib o‘tganimizdek, Andijonda “Hokim Kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoalar uchun ayni muddao.
Kecha “Andijon” U21 “Bobur Arena”da Andrey Kanchelskis boshqaruvidagi Qirg‘izistonning “Muras Yunayted” jamoasi bilan bellashdi va unda mehmonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu o‘yindan so‘ng ikkala jamoa ustozlari fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.
Abdurashid Ismoilov: “Tarkibning 80 foizini aniqlab bo‘ldim”
- Abdurashid Muxtorovich, avvalo o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Bu o‘yinda asosan yigitlarni tayyorgarligi, kamchilik va yutuqlari borasida ko‘proq e’tibor berdim. Jamoa yangitdan shakllanyapti. Chempionatning birinchi o‘yinini safarda OKMKga qarshi o‘tkazamiz. Asosiy e’tiborimizni shunga ham qaratyapmiz. Yaqin kelajakda yosh, iqtidorli futbolchilarni iloji boricha asosiy jamoaga tayyorlab berishimiz kerak. Bosh murabbiy bilan muloqotda bo‘lib, hamkorlikda ish olib borilyapti. Muhimi, iste’dodlarni asosiy jamoaga etkazib berish. Shoshilmagan holda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini reja asosida olib bormoqdaman. “Muras Yunayted”ga qarshi asosiy maydonda o‘ynaganimiz sababli ko‘p narsaga guvoh bo‘ldim. Jamoani yutuq hamda kamchiliklarini ko‘rdim va o‘yinda shunga e’tibor qaratdim. Raqib jamoa ham Qirg‘iziston chempionatida etakchilardan hisoblanadi. Shuning uchun bu uchrashuv biz uchun foydali bo‘ldi.
- Tarkibni necha foizga aniqlab oldim, deb o‘ylaysiz?
- O‘rinbosarlar tarkibimizni 80 foizga aniqlab bo‘ldim.
- Futbolchilarni qilayotgan mehnati sizni qoniqtiryaptimi?
- Qandaydir kamchiliklar bo‘ldi. Ammo men qo‘l qovushtirib o‘tirganim yo‘q. Tajribamdan kelib chiqib, kamchiliklarni bartaraf qilib, bor e’tiborimizni mashg‘ulotlarga qaratdik. Oxirgi 10 kun davomida kunora o‘ynab, mashg‘ulotlarda texnik-taktik va jismoniy tayyorgarligiga e’tibor berdim. Endi yaqinlashayotgan chempionat bahslariga qizg‘in hozirlikni davom ettiramiz. Turnirdagi oxirgi uchrashuv bizga ancha dalda bo‘ldi va minus tomonlarimizni plyusga aylantirishga harakat qilamiz.
Andrey Kanchelskis: “Asosiysi, hech kim jarohat olmadi”
- Andrey Antanasovich, g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- Rahmat.
- Uchrashuv haqida nimalarni ayta olasiz?
- Sifatli maydonda o‘yinni tashkil qilib berishgani uchun rahmat. Ungacha bunday maydonda o‘ynamagan edik. Maydon qoyilmaqom darajada. “Navbahor”da ishlaganimda biz bu erga kelgandik. Tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman. O‘yin yaxshi o‘tdi, yuqori saviyada bo‘ldi. Kuchli jamoa g‘alaba qozondi. Natijadan qoniqdim. Gol o‘tkazib yuborgan vaziyatda biroz o‘yinni bo‘shashtirib yubordik. Har qanday holatda ham g‘alaba yoqimli. Ikkala jamoani chiroyli o‘yin ko‘rsatishgani uchun tabriklayman. Asosiysi, hech kim jarohat olmadi.
- “Andijon” yoshlari sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Biz chempionatga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mavsum 29 mart kuni start oladi. O‘yinlarda yigitlarni tekshirib olyapmiz. Asosiy tarkibni ham aniqlab olmoqdamiz. Sizning jamoangiz o‘yini ham menga yoqdi. Yosh jamoa, o‘zini ko‘rsatayotgan yosh, yaxshi futbolchilar bor ekan. Ular bu o‘yin orqali bizni biroz asabiylashtirishdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda. Umumiy olganda, yaxshi yoshlardan yig‘ilgan jamoa ekan. Ularga chempionatda omad tilayman.
Fikrlar