
Yosh kurashchilarimiz qit’a chempionatida o‘n uchta medal qo‘lga kiritishdi
Bahrayn poytaxti Manama shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘z yakuniga etdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz musobaqani 13 ta medal bilan tugatdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
So‘nggi kun dasturida erkin kurash bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda bronza medali uchun gilamga chiqqan Arslan Rahimov (-61 kg) mo‘g‘ulistonlik Enxbold Enxbatni 8-2, -92 kg vazndagi Ravshanbek Jumaboev esa koreyalik Cha Seo Xyunni 10-2 hisobida taslim etib, sovrindorlar qatoridan joy olishdi. Afsuski, yana ikki vakilimiz mazkur bosqichda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shu tariqa, sport kurashlari bo‘yicha yoshlar terma jamoamiz musobaqani 2 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza medallari bilan yakunladi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi va jamoamizni ushbu natija bilan tabriklab qoladi.
Fikrlar