
"Yomon mavsumlardan birini o‘tkazdim" yoxud Dilshod Saitovning keyingi rejasi qanday?
Ikki mavsumni “Paxtakor” safida o‘tkazgan 25 yoshli himoyachi Dilshod Saitov ham boshqalar qatori hozirda ta’tilda.
Uning uchun yakuniga etgan chempionat ko‘ngildagidek o‘tmadi. Boisi, jarohati sababli ko‘plab uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi.
Ushbu yilda Saitov “Paxtakor” tarkibida hammasi bo‘lib 11 ta o‘yinda ishtirok etdi va 1 ta golli pasni uzatdi.
Uning keyingi rejasi qanday? Sports.uz jurnalisti futbolchi bilan bog‘landi.
- Dilshodbek, “Paxtakor”dagi bu yilgi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz? Jarohatdan keyin yana tarkibga qaytganingizni ko‘rdik. Hozir qanday holatdasiz?
- “Paxtakor” klubidagi bu yilgi mavsumim haqida gapiradigan bo‘lsam, yomon mavsumlardan birini o‘tkazdim, deb ayta olaman. Jarohatlar va o‘yin amaliyoti yo‘qligi ta’sir qildi.
- “Sherlar” safida ikki yilni o‘tkazdingiz. “Paxtakor”dagi faoliyatingiz o‘zingiz istagan darajada o‘tdimi?
- “Paxtakor”ga o‘tganimdan afsuslanmayman. Chempion bo‘ldim. O‘zimga kerakli yangiliklarni topdim. To‘g‘ri, o‘z darajamni to‘liq ko‘rsata olmagan bo‘lsam ham o‘zimga kerakli yutuqlarni qo‘lga kiritdim.
- Sobiq klubingiz “Nasaf”ning chempionligiga munosabatingiz qanday? Kutganmidingiz?
- “Nasaf”ni chempion bo‘lgani bilan tabriklayman. Buni qashqadaryoliklar anchadan beri kutishgandi.
- “Paxtakor”ga portugaliyalik yangi bosh murabbiy keldi. U bilan gaplashdingizmi? Umuman, klubdagi ushbu o‘zgarishga munosabatingiz qanaqa?
- Yangi murabbiy bilan hali ko‘rishmadik. Uning kelgani yangi g‘oyalar bilan O‘zbekiston futboliga foydasi tegadi, degan umiddaman.
- Jamoadagi taqdiringiz nima bo‘lyapti? “Paxtakor”dagi faoliyatim tugadi, deb ayta olasizmi?
- Jamoa bilan yana bir yillik shartnomam mavjud.
- Dilshod, oldingizda qanday variantlar bor?
- Mavsum yakunida har bir futbolchida yangi takliflar paydo bo‘ladi. Aytib o‘tganimdek, jamoam bilan amalda shartnomam bor.
- Mavsum yakunlangach, bir qator futbolchilar xordiq chiqarish uchun turli mamlakatlarga yo‘l olishgan, siz esa AQShga. Buning sababi nimada?
- AQShga borganimni sababi, futboldan tashqari kelajagim ishlari bo‘yicha borganman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar