Yaxshiboevning “Dinamo Kiev”ga transferi nega amalga oshmadi?

  • 5 dekabr, 2020, 21:57
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Jasur Yaxshiboev Belarus futbolida yarq etib porladi. Murakkab xarakteri ta’sirida Shota Arveladze bilan til topisha olmay, “Paxtakor”da o‘zini ko‘rsatishga imkon olmagan futbolchi joriy yilning boshida xorij chempionatiga ketishga qaror qilgandi. Bu tavakkal oxir-oqibat o‘zini oqladi.

Tecno

“Energetik-BGU”dan qo‘nim topgan futbolchimiz birinchi uchrashuvdayoq muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushdi. U o‘rtamiyona jamoa safidagi debyut o‘yinida chempionlik bo‘yicha Belarus rekordchisi hisoblangan BATE darvozasini ikki marotaba aniq nishonga olib, amalda “talabalar” g‘alabasini ta’minladi.

5f21a33dd11ebbc548f3d0485c984

Jasur Yaxshiboev o‘sha o‘yinda BATE himoyachilarini istagancha aldab o‘tdi. Bu tipdagi futbolcht Belarus oliy ligasi uchun yangilik bo‘ldi. Belarus futbol federatsiyasi o‘zining rasmiy yutub-kanaliga bu uchrashuvning videosharhini joylashi bilan uni 110 mingdan ziyod odam tomosha qildi. Bunga asosiy sabab esa, hech kim tanimagan futbolchi o‘z o‘yin uslubi va gollari bilan darhol yulduzga aylangani bo‘ldi.

“Energetik-BGU” Jasur yordamida birinchi davrani kuchli jamoalar qatorida yakunladi. “Talabalar” safida 14 ta o‘yinda to‘qqizta gol urgan futbolchi katta klublardan taklif ola boshladi. Birinchilardan bo‘lib BATE va Kievning “Dinamo” jamoasi og‘iz soldi.

Belaruslik jurnalist Vladislav Taturning  by.tribuna.com saytiga yozishicha, BATE Yaxshiboevning agentlari yangi jamoalar taklif qilgan sharoit va summalardan ikki barobar ko‘pini so‘ragan va pulni oldindan berishni talab qilgan.

Agentlar “Dinamo Kiev” taklifiga javoban ham yuqori talablarni ilgari surgani va buning oqibatida kievliklar hozircha bu transferni to‘xtatib turishga qaror qilgani aytilmoqda.

Boshqa manbalarda esa, “Dinamo” mutasaddilari kelasi yil yozgacha Jasurning o‘yinini kuzatib borishi haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi.

O‘tgan yozda o‘zbek futbolchisining “Shaxtyor”ga o‘tgani, Belarusning moddiy tomondan eng baquvvat klubi Yaxshiboevning agentlari ilgari surgan talablarni qabul qilganini bildiradi. Shu o‘rinda, Vladislav Tatur o‘zbek legioneri yangi jamoada o‘z o‘rnini topolmaganini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida “Rux”ga qarshi o‘yindan so‘ng, Jasurning jamoa etakchilaridan biri bilan chiqisha olmay qolgani keltirilmoqda.

Shundan keyin, Jasur “Shaxtyor”da hech kim bilan do‘stlashmadi, jamoadoshlari bilan muloqot qilmadi. Mashg‘ulotlarda bor kuchini bermadi. Hatto, hal qiluvchi so‘nggi o‘yin oldidan ham bir nechta mashg‘ulotni besabab o‘tkazib yubordi. Chempionlik qo‘lga kiritilgach, Jasur “Shaxtyor” futbolchilarining muloqot chatidan chiqib ketdi va jamoa bilan xayrlashmasdan, Minsk shahriga ketib qoldi. Taqdirlash marosimiga kelmadi va o‘ziga tegishli bo‘lgan oltin medalni ham olmadi.

Nima bo‘lganidan qat’i nazar, Jasur Yaxshiboev Belarus futboli tarixiga o‘z nomini muhrlay oldi. U mamlakat chempionligiga erishish barobarida, chempionatning eng yaxshi futbolchisi reytingida g‘olib chiqdi, gol+pas tizimida 22 ochko jamg‘arib, oliy liganing eng foydali o‘yinchisi bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi.

b4ed433e011eba815c9044e658274

Yaqinlashib kelayotgan qishki transferlar mavsumi Jasur Yaxshiboev uchun eng murakkab va o‘ta mas’uliyatli davr bo‘ladi. Chunki u o‘ziga yangi jamoa topishi lozim. Hammasi uning transfer huquqini “Paxtakor”dan sotib olgani aytilgan agentlar qo‘lida. Jasurga turli jamoalardan taklif bo‘lishi aniq.  Ko‘p narsa agentlarning maqsadi, istagi, muzokara olib borish mahoratiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.  

Yaxshiboev “Shaxtyor”dan ketadi!

“Yaxshiboev qanday futbolchi ekanini tushunganim yo‘q!”

Chempion Yaxshiboev - mavsumning eng yaxshi futbolchisi!

Jasur Yaxshiboev, chempionlik muborak!

Yaxshiboev Shatskixning o‘rnini bosa oladimi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Liverpool fan
04/12/2020 18:54
Пенальтини бермаганди була батэ билан уйинда