Yapon futbolini yoqtirib qolgan Doston Tursunov u erdan hali beri ketmoqchi emas!

  • 19 avgust, 2019, 23:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaponiyada chempionatida Fozil Musaevdan tashqari yana bir hamyurtimiz Doston Tursunov ham to‘p surayotganidan xabaringiz bor. Yaponiya birinchi divizioni ishtirokchisi «Renofa Yamaguchi» sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz qisqa fursat ichida o‘z jamoasining asosiy tarkibidan muqim joy egallay olgani quvonarli, albatta. Endilikda Doston Tursunovning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ancha ortdi va u legioner sifatida to‘p surgan holda zimmasidagi mas’uliyatni yanada chuqurroq his qila boshlayapti. Ilk bor xorijda o‘ynayotganiga qaramasdan futbolchi o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Lekin yangi mamlakatga to‘liq moslashib bo‘ldimi? Keyinchalik faoliyatida o‘zgarish qilish niyati yo‘qmi? Umuman olganda, Tursunov bir qator masalalarda o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

Yaponiyaga qanchalik moslasha oldi?

- Xabaringiz bor, Osiyo Kubogidan keyin Yaponiyaga ketdim. To‘g‘risi, Yaponiya chempionati men o‘ylaganimdan ham ko‘ra kuchli ekan. Yaponiyaning «Jey-2» ligasidagi kurash va raqobat juda yuqori. Bu erda 22 ta jamoa ishtirok etadi. Shuning uchun o‘yinlar ko‘p va bu holat futbolchining o‘yin amaliyoti uchun ham nihoyatda muhim ekanligini unutmaslik kerak. Chempionatda 42 ta o‘yin bo‘lsa, bundan tashqari yana Kubok doirasida beshta uchrashuv bo‘ladi va hammasini qo‘shib hisoblaganda 47 ta o‘yin bo‘ladi. Demak, o‘yinlar ancha ko‘pligini bildiradi. Bu esa albatta futbolchilar uchun ham ayni muddaodir. Yaponiya chempionatiga 70 foizga moslashib bo‘ldim. To‘g‘risi, bu erda havo ancha issiq ekan. Yonimizda esa dengiz borligi uchun biroz dim. Shu tomonlama menda biroz qiyinchilik bo‘ldi. Ammo futbol tomonlama ancha o‘sish bor deb o‘ylayman.

Hamyurtimizni u erda nima hayratga solyapti?

- Rosti, meni Yaponiyada hayratga solgan narsalar unchalik ko‘zga tashlanmadi. Men uchun hammasi oddiy. Eng asosiysi, Yaponiya futboli menga nihoyatda yoqdi. Legioner sifatida bu erda futboldan zavq olib o‘ynayapman deb bemalol ayta olaman.

Tursunovga alohida tarjimon biriktirilgan

- Bu erda klub tomonidan menga alohida tarjimon ajratilgan. Qizig‘i, u yaponiyalik bo‘lsa-da, o‘zi o‘zbek tilini biladi. Chunki u O‘zbekistonda uch yil yashagan ekan. Shu bois ayni paytda men bilan birga tarjimonlik qilib yuribdi. Albatta, Yaponiyada yashayotganim sababli o‘zim ham mahalliy tilni o‘rganib borishga harakat qilyapman.

Oldingi o‘ynagan jamoalari va «Mister» haqida

- Ha, men «Neftchi»da ham o‘ynadim. Yashirmayman, mening ko‘tarilishimda «Neftchi» jamoasining hissasi katta bo‘lgan. U erda o‘ynaganimdan keyin «Qo‘qon-1912»ga borganman. U erda bir mavsum davomida deyarli to‘liq o‘ynadim. Adashmasam, 28 ta uchrashuvda maydonga tushdim. Albatta, bu jamoa ham menga katta yordam berdi deb o‘ylayman. Shundan keyin «Metallurg»ga bordim. Bemalol aytishim mumkinki, u erda ham men yaxshigina o‘sishga erishdim. O‘ylaymanki, Bekobod jamoasida yomon taassurot qoldirmadim. Ushbu o‘zim o‘ynagan klublarga shu fursatdan foydalanib o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Olimpiya terma jamoasi bilan Osiyo chempionida qatnashganimizdan keyin faoliyatimda yanada katta o‘zgarishlar yuz berdi. Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper bizning Osiyo chempionatidagi o‘yinlarimizni diqqat bilan kuzatgan ekan. Natijada meni ham Osiyo Kubogiga olib ketdi. «Mister»dan juda minnatdorman. Xudo xohlasa, uning oldida ham yuzim yorug‘ bo‘ladi deb umid qilaman.

Fozil Musaev to‘g‘risida

- Albatta, Fozil Musaev bilan deyarli har kuni gaplashib turaman. Lekin u bilan ko‘rishib turishimiz qiyinroq. Chunki u mendan ancha uzoqda turadi. Aniqrog‘i, uning oldiga borishim uchun 9 soat yo‘l bosishim kerak bo‘ladi. Shu bois Musaev bilan bir oyda bir yoki ikki marta ko‘rishib turamiz xolos.

O‘yinlarga samolyotda borib kelishadi

- Yaponiyada futbol uchun barcha shart-sharoitlar to‘liq darajada bor. Bunday imkoniyatlar yaponlarning barcha klublarida bor. Shu bois ularning istalgan jamoasida hamma narsa muhayyo qilingan. Oddiy o‘yinlarga ham samolyotda borib, samolyotda qaytamiz. Bir tarafdan qaraganda, u erdagi sharoitlarni ko‘rib qoyil qoldim. Hamma jamoalar bir xil darajada o‘z ishiga professional yondashishadi.

Yaponiyadagi yulduzlar xususida

- Ha, bugungi kunda Yaponiya futboliga jahon tan olgan yulduz futbolchilar kelishyapti. Ammo hali ularning birortasini ko‘rganim yo‘q. Chunki bizda vaqt juda ham kam. Dam olishimiz uchun bir kun vaqt beriladi xolos. Unda ham mashg‘ulot va o‘yinlarga tayyorgarlik bilan vaqtimiz o‘tib ketadi.

Yaponiyadagi futbol darajasi to‘g‘risida

- Bilasizmi, men bu erda Yaponiya chempionatlaridagi katta farqni ko‘rmadim. Masalan, Jey-ligada e’tibor, saviya va muhit qanday bo‘lsa, «Jey-2»da ham xuddi shunday. Katta e’tibor beriladi. Shuning uchun yaponlarda o‘sish katta deb hisoblayman.

Qiziq, Tursunovning u erdagi bir kuni qanday o‘tadi?

- Aytishim mumkinki, u erdagi har bir kunim deyarli bir xil o‘tadi. Mashg‘ulotimiz ertalab 10 da bo‘ladi va bu ikki soat davom etadi. Shundan so‘ng tushlik qilamiz. Agar xohlovchilar bo‘lsa, yana tushlikdan keyin mashg‘ulot qilishi mumkin. So‘ng uyga ketamiz. Ertasiga esa ikki mahal shug‘ullanamiz. Mashg‘ulotlarimiz soat 10 da va kunduzi 3 da bo‘ladi. Har doim shunaqa: bugun bir mahal bo‘lsa, ertasiga ikki mahal shug‘ullanamiz

Yana qancha vaqt qolmoqchi?

- Yamaguchida yana ikki yilcha o‘ynash niyatim bor. Boya aytganimdek, Yaponiya futboli menga juda yoqdi. Shu bois bu erda yana ko‘proq o‘ynashni istardim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
19/08/2019 23:49
Сени ӯрнинг биринчи лигасида ессиз
Nodirbek Muminov
19/08/2019 23:36
Зўр Достонни омадини берсин кейинчалик Испанияга Мадридга Рамосни ўрнига олиб кетишади ОМАД!!!