
"Yangi Zelandiyani hisobdan chiqarmagan bo‘lardim, Gvatemalani bilmayman" yoxud terma jamoamiz mundialda sovrindorlar qatoridan joy oladimi? Mutaxassis javob berdi
20 maydan 11 iyunga qadar Argentinada U20 jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda Osiyo chempioni sifatida O‘zbekiston terma jamoamiz ham ishtirok etadi va kuni kecha vakillarimiz mundial uchun jo‘nab ketdilar.
Barchamizni U20 terma jamoamizdan umidimiz katta. Guruhimizni bilasiz, “A” guruhida Argentina, Yangi Zelandiya va Gvatemala raqibimizga aylanishgan.
Taniqli mutaxassislardan biri Ja’far Irismetov terma jamoamiz tarkibi, raqiblar va mundialdagi imkoniyatimiz xususida o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Tarkib masalasi bo‘yicha bosh murabbiy Ravshan Haydarovning o‘zi hal qiladi, - deya gap boshladi, Ja’far Tursunboevich. - Menimcha, munosib o‘yinchilarni olgan, deb o‘ylayman. Eng kuchli yigitlar. Faqat achinarlisi Shaxriyor Jabborovning ro‘yxatdan tushib qolgani. U juda kerakli o‘yinchi edi. Qolganlari hammasi yaxshi. Hozirgi kundagi eng kuchli futbolchilar. Rustam Turdimurodovning qo‘shilganidan xursandman. “Paxtakor”da o‘zim uni kuzatganman. Potentsiali yuqori futbolchi. Biroq hujum chizig‘imizda kuchli hujumchilar kamroq. Asosan o‘rtada o‘ynaydigan yaxshi saviyali futbolchilar bor. Umuman olganda, Haydarov o‘zi yaxshi bilgan o‘yinchilarni olgan. Umid qilamanki, yigitlarimiz munosib o‘yin ko‘rsatishadi, deb hisoblayman.
O‘zbekistonda o‘ynaganimiz bilan u erdagi o‘yinlarni taqqoslash qiyin bo‘ladi. Osiyo chempionatida bir bosh baland sakrashdi. Chunki u erdagilar raqiblar kuchli edi. Endi jahon chempionatida guruhimizdagi jamoalarga kelsak, Argentina, Yangi Zelandiya va Gvatemala bilan o‘ynaymiz. Ularni bo‘sh deb hisoblash kerak emas. Jahon chempionatiga chiqishdimi, hammasi munosib. Yangi Zelandiya menimcha ko‘proq Angliya futboliga tayanib o‘ynaydi, deb o‘ylayman. O‘yinchilari baquvvat, standartlarga e’tibor qaratishadi. Gvatemalani to‘g‘risi ko‘rmaganman, futbolini bilmayman, hech nimasidan xabarim yo‘q. Shuning uchun biror nima deyishim qiyin. Lekin ular jahon chempionatidami, demak nimanidir hisobiga chiqishgan. Argentina o‘zi chiqolmagan, mundialga. Faqat mundialni o‘zida qabul qilayotgani uchun qatnashish imkoniyati paydo bo‘ldi. Har qanday holatda ham baribir Argentina. Buning ustiga akalari jahon chempioni bo‘lishganidan keyin ular ham harakat qilishadi. Yigitlarimiz guruhdan chiqishadi, u yog‘i lotereya, kimga tushishiga bog‘liq. Yangi Zelandiyani hisobdan chiqarib yubormagan bo‘lardim. Agar Gvatemala haqida bilganimda ular haqida ham nimadir ayta olardim. Nazarimda, O‘zbekiston, Argentina va Yangi Zelandiya o‘rtasida guruhdan chiqish uchun jiddiy kurash kechadi. Qolgani yigitlarimizni, Ravshan Haydarovni mahoratiga bog‘liq.
Aytilganidek, jahon chempionatiga chiqib, muzqaymoq eb keladigan bo‘lib qolmaylik. Nimagadir erishib qaytishlarini istaymiz. Tarkibdagi ko‘p o‘yinchilarni yaxshi bilaman, potentsiali kuchli yigitlar. Masalan, Abbos Fayzullaev.
Albatta, terma jamoamiz jahon chempionatida sovrinli o‘rinlar uchun kurashishsa xursand bo‘lardim. Vakillarimizni guruhdan chiqishiga ishonaman. Qolgani kimlar raqib bo‘lishiga bog‘liq. Yigitlarimiz o‘zimizda o‘tgan Osiyo chempionatida stadion to‘la muxlislar qarshisida o‘ynashdi, qo‘llab-quvvatlash ham kuchli bo‘ldi. Jahon chempionatida boshqacha bo‘ladi. Bunday paytda murabbiylarimizni mahorati birinchi o‘ringa chiqadi. Ravshan aka xalqaro turnirlarni yutgan mutaxassis. Shuning uchun murabbiyimizda tajriba bor. Xudo xohlasa, terma jamoamiz mundialda uzoqroqqacha boradi va sovrinli o‘rinlarni olib keladi, deb umid qilamiz”, - deya munosabat bildirdi, Irismetov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar