"Yangi mavsumda ajoyib ko‘rinishdagi "Xorazm"ni ko‘rasizlar" yoxud Sanjar Shoahmedov nima uchun bu jamoani tanladi?

  • 22 fevral, 14:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan “Xorazm” ham Turkiyaning Antaliya shahridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettiryapti.

Tecno

Ligada munosib ishtirok etish hamda tarkibni kuchaytirish uchun tajribali o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolanyapti. Ularning orasida 34 yoshli Sanjar Shoahmedov bor.

O‘tgan yili “Dinamo” sharafini himoya qilgan futbolchi yangi mavsumda “Xorazm” libosida o‘yinlarni o‘tkazadi.

Jamoa Antaliyadagi yig‘inini davom ettirmoqda va Shoahmedov urganchliklar safiga o‘tgani yuzasidan Sports.uz jurnalistining savollariga javob berdi.

- “Xorazm” klubiga o‘tishingizda asosiy rolni kim o‘ynaydi va nima sabab bo‘ldi?

- “Xorazm”ga o‘tishimni sababiga kelsak, jamoa Superligada ishtirok etishi aniq bo‘lgach, menga taklif bilan chiqishdi, murabbiylar. Ular qo‘ng‘iroq qilishdi. Barchasini kelishib oldik, hammasi joyida bo‘lgani uchun rozi bo‘ldim.

- Bilishimcha, sizga “Buxoro”dan ham qiziqish bor edi. Nega amalga oshmadi?

- Ha, “Buxoro” klubidan taklif bo‘lgan, meni chaqirishgandi. Lekin taqdirim “Xorazm” bilan yozilgan ekan, shu jamoaga o‘tdim.

- “Xorazm” imtiyoz tufayli Superligaga chiqdi. Yangi mavsumda qanday “Xorazm”ni ko‘ramiz?

- To‘g‘ri, imtiyoz tufayli “Xorazm” Superligaga chiqdi. Xudo xohlasa, yangi mavsumda yaxshi jamoa tuzyapmiz va ajoyib ko‘rinishdagi “Xorazm” jamoasini ko‘rasizlar. Tabiiyki, biz ijobiy natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- Jamoaning Antaliyadagi yig‘ini qanday o‘tyapti va nimaga e’tibor qaratilmoqda?

- Albatta, ayni paytda Antaliyada yig‘in o‘tkazyapmiz. Taktik va jismoniy holatimizni yanada yaxshilash ustida ishlayapmiz. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz. Barcha futbolchilar mashg‘ulotlarda bor kuchi bilan ishlashyapti.

- O‘rtoqlik uchrashuvlarida yaxshi saviyadagi raqiblar bilan o‘ynayapsizlar. Bundan qanday foyda olyapsizlar?

- O‘rtoqlik uchrashuvlarida chindan yaxshi raqiblarga qarshi o‘ynayapmiz. Hammasi ajoyib raqiblar. Bu faqat foydaga ishlaydi. Qolaversa, yoshlarimizga ham katta tajriba bo‘lyapti.

- “Xorazm” ilk turni “Sho‘rtan”ga qarshi boshlaydi. Nima deb o‘ylaysiz, qur’a jamoa uchun omadli keldimi?

- Birinchi turni “Sho‘rtan” bilan o‘tkazamiz. Baribir hamma – 15 ta jamoa bilan o‘ynab chiqamiz. U jamoa bunday, unisi, unday, deydigan vaqt ham yo‘q. Hozir hamma klublar kuchaygan. Kuchsizlari yo‘q. Barchasi yaxshi jamoalar. Xudo xohlasa, “Sho‘rtan” bilan yaxshi o‘yin bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!