
Yana legionerga aylangan G‘ofurov: "O‘zimizdan yoqadigan taklif bo‘ldi, ammo biroz kech qolishdi"
Avval xabar berganimizdek, hamyurtimiz Asror G‘ofurov yana legionerga aylandi. U sobiq klubi – Bangladeshning “Bashundxara” jamoasiga qaytdi. Futbolchi deyarli ikki yil mobaynida ushbu jamoada to‘p surgan. O‘tgan yili yozda esa yurtimizga qaytdi va “Qizilqum” sharafini himoya qildi. Joriy yilga kelib Asror yana Bangladeshdagi jamoasiga qaytdi. Shartnoma imzolangach, G‘ofurov Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Asror yana Bangladeshdagi sobiq klubingizga qaytibsiz. Bu transferning amalga oshishida asosiy tashabbuskor kim va siz qanday fikrdasiz?
- To‘g‘ri, yana Bangladeshga, sobiq jamoamga qaytdim. Asosiy tashabbuskorlik jamoadan bo‘ldi. Klub menga yana astoydil qiziqdi. Bangladeshga kelishimni jiddiy xohlashdi.
- “Qizilqum”dagi yarim mavsumlik faoliyatingiz o‘zingizga yoqdimi?
- “Qizilqum”dagi yarim mavsum yaxshi o‘tdi, deb o‘ylayman. Hali O‘zbekiston Superligasida munosib o‘ynay olishimni isbotladim. Bemalol qoniqarli o‘tdi, deb ayta olaman.
- Nega yurtimizda qolmadingiz yoki o‘zingizga yoqadigan taklif bo‘lmadimi?
- O‘zbekistondan takliflar bo‘ldi. O‘zimga yoqadigan taklif ham bor edi. Faqat o‘sha o‘zimga manzur kelgan taklif Bangladesh klubi bilan shartnoma imzolaganimdan keyin bo‘ldi. O‘zbek klubi ozroq kech qoldi.
- Nega 5 oylik shartnoma imzoladingiz? Keyingi rejangiz boshqami?
- 5 oylik shartnoma tuzganimning sababi u erda ikkinchi davra boshlanadi va iyun oyida chempionat tugaydi.
- Bangladeshda sizni qanday qarshi olishdi? O‘tgan vaqt davomida jamoangizda e’tiborli o‘zgarishlar bormi?
- U erda meni juda ochiq yuz bilan kutib olishdi. Meni ko‘rib xursand bo‘lishdi. Haqiqatan o‘zgarishlar katta. Oldin jamoa besh yil davomida chempion bo‘lib kelgan. Hamma g‘alabalarga erishgan. Lekin bu yil ishlari unchalik yaxshi ketmayapti. Hozir chempionatda uchinchi o‘rinda boryapti. Shu bois yordamga keldim, desam ham bo‘ladi.
- Bu faoliyatingizga ortaga tashlangan qadam emasmi?
- To‘g‘risi, hech qachon biror chempionatga o‘tsam, sira orqaga tashlangan qadam deb hisoblamaganman. Chunki har bir qadam o‘ylanib bosilgan qadam bo‘ladi. Orqaga yoki oldinga tashlangan qadamligini u erga borib o‘ynagandan keyin bilasiz. Bangladeshda uch yil o‘ynaganimdan so‘ng O‘zbekiston Superligasiga qaytib o‘zim uchun munosib qatnashdim, deb aytishim mumkin.
Fikrlar