
Xushxabar! O‘zbekistonlik sportchi 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga ilk yo‘llanmani qo‘lga kiritdi
Tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Komiljon To‘xtaev 2022 yilda Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Sportchimiz tog‘ chang‘isining slalom va gigant slalom yo‘nalishlarida o‘tkazilgan saralash bahslarida jamg‘arilgan ochkolariga ko‘ra qishki Olimpiya o‘yinlari normativini bajardi va 2022 yili Pekin mezbonligida o‘tadigan musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash kerak, To‘xtaevning Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishida O‘zbekiston chang‘i federatsiyasi tomonidan sportchining xalqaro musobaqalardagi ishtirokini saralash davridan boshlab strategik jihatdan to‘g‘ri rejalashtirilganligi hamda “Yangiobod” turistik bazasi tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilayotgani muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, sportchilarimizning Evropada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etishi va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki Turizm va sport vazirligi tomonidan moliyalashtirildi. Terma jamoamiz a’zolarining o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari Italiya, Avstriya va Rossiya Federatsiyasida tashkil etildi.
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston hozircha tog‘ chang‘i sporti bo‘yicha atigi 2ta yo‘llanmaga (bittadan erkak va ayol) da’vogarlik qilishi mumkin.
Saralash davri 2019 yil 1 iyuldan boshlangan bo‘lib, 2022 yil 16 yanvargacha davom etadi. Demak, hamyurtlarimizda 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga yana bitta yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, XXIV qishki Olimpiya o‘yinlari Xitoyning Pekin shahrida 2022 yilning 8-20 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. 2018 yilda o‘tkazilgan so‘nggi qishki olimpiadada O‘zbekiston sharafini chang‘ichi Komiljon To‘xtaev hamda figurali uchish yo‘nalishida Misha Ge himoya qilgan edi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar