
Xorijdagi takliflarga ahamiyat bermayman, chiroyli gollar urishga qiziqaman - BATEning qahramoniga aylangan Shahboz Umarov Sports.uzga yana nimalar dedi?
Kecha Belarus chempionatida navbatdagi tur doirasida bellashgan BATE “Gomel”ni qabul qildi. Gollarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
E’tiborlisi shundaki, hamyurtimiz Shahboz Umarov zaxiradan maydonga tushiboq, ikki daqiqa ichida ikkita gol urdi. Gollari esa bir-biridan chiroyli chiqdi. Bugun BATEdagi legionerimiz sports.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
- Shahboz, “Gomel”ga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushib o‘yin suratini o‘zgartirib yubordingiz. Ikki daqiqa ichida ikkita gol! Buni qanday uddaladingiz? O‘zingiz ham kutmaganmidingiz?
- Lekin gol urishimga ishongandim. Tan olaman, ikki daqiqa ichida ikkita gol uraman, deb kutmagandim.
- Ayniqsa, birinchi golingiz juda chiroyli chiqdi. O‘tgan yili BATE darvozasiga jarima zarbasidan kiritgan golingiz bilan solishtirganda qay birini ustun qo‘yasiz?
- Kiritgan ikkala golimning ham o‘ziga yarasha chiroyi bor. Shuning uchun birortasini ajratib ko‘rsatishim qiyin.
- Maydonga tushayotganingizda murabbiyning sizga ko‘rsatmasi qanday bo‘lgan?
- Maydonga tushishimdan avval, gol urishim kerakligini va jamoani oldinga tortishim muhim ekan haqida uqtirgan. Iloji boricha ko‘rsatmalarni bajarishga harakat qildim.
- Gollaringizni atayin chiroyli urishga harakat qilasizmi yoki bu tasodifmi?
- Yo‘q, tasodif demagan bo‘lardim. Rosti, chiroyli gollar urishga juda qiziqaman, shuning uchun bo‘lsa kerak.
- Muxlislar o‘rtasida tashkil etilgan so‘rovnomada BATE safida kiritgan ilk golingiz mart oyida eng chiroylisi deya tan olindi. Bu safargisi ham shunday bo‘lishiga umid qilyapsizmi?
- Bunga ishonaman, albatta. Chempionatning dastlabki turida urgan golim chiroyli kombinatsiya evaziga birinchi o‘ringa qo‘yildi. Kechagi golim esa o‘zining chiroyi bilan yuz berdi.
- Belarus matbuotida sizga e’tibor qanday? Masalan, kechagi o‘yindan keyin...
- E’tibor juda yaxshi. Mendan jurnalistlar ko‘p intervyu olishyapti.
- Darvoqe, imijingizni o‘zgartiribsizmi?
- O‘zgarmagan, o‘sha-o‘sha (kuladi).
- Bilamizki, sizni terma jamoada to‘p surishga ishtiyoqingiz baland. Kechagi kiritgan gollaringizni Vadim Abramov ko‘rgan, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta.
- Demoqchimanki, uning sizni termaga chaqirishiga qanchalik ishonasiz?
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, hozir bu haqida umuman o‘ylamayapman. Chunki men hali o‘z ustimda juda ko‘p ishlashim kerakligini bilaman. Terma jamoada to‘p surish – bu katta maqsadlar va faqat g‘alaba degani. U erda kuchli futbolchilar yig‘ilgan. Shuning uchun avvalo o‘z ustimda ishlab, mahoratimni yanada oshirishim kerak.
- BATEdagi yaqin do‘stingiz kim?
- Sizga ochig‘ini aytsam, klubdagi barcha futbolchilar bilan juda yaxshi munosabatdaman. Ko‘proq jamoaning etakchilari bilan ham aloqalarim zo‘r. Bu erda o‘zimni qulay his qilyapman. Qolaversa, jamoadagi sharoitlar ham zo‘r. Mashg‘ulotlarni bazada olib boramiz. Hammasi yaxshi.
- Bu yil to‘purarlik asosiy maqsadingizmi?
- Ha. To‘purarlik bilan birga assistentlik qilish ham asosiy vazifalarimga kiradi.
- Eshitishimcha, sizning xizmatingizga xorijdan qiziqishlar paydo bo‘lyapti ekan. Sir bo‘lmasa, qaysi klublardan chorlovlar mavjud?
- Bunga ahamiyat bermayman. Bunday masalalar bilan shug‘ullanadigan odamlar bor. Men esa faqat maydonga chiqib o‘z ishimni bajarishga harakat qilaman.
- Umuman aytganda, qaysi chempionatga ketishni istaysiz?
- Hozir eng kuchli chempionat – bu Italiya.
- “Shaxtyor”ga o‘tgan Shahzod Ubaydullaev u erga moslashishida yordam berganingiz haqida aytgandi. Uning o‘z klubidagi imkoniyati va kelajagi xususida nima deya olasiz?
- U juda yaxshi va tezkor futbolchi. Albatta, hozirda Ubaydullaev maydonda kam ko‘rinyapti. Agar unga imkoniyat berilsa, albatta maydonni golsiz tark etmaydigan hujumchi. U mening yaqin do‘stim. Doim bir-birimizga yordam beryapmiz.
Fikrlar