Xoland “sovuq” rekord o‘rnatdi
Angliya Premer-ligasining oltinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Manchester Siti” o‘z maydonida “Byornli” ustidan 5:1 hisobida zafar quchib, qimmatli uch ochkoga ega bo‘ldi.
“Shaharliklar”ning yirik g‘alabasiga mehmonlar himoyachisi Maksim Estev “yordam” berib yubordi. Frantsiyalik futbolchi “Manchester Siti”ning hujumlarini qaytarishda, ikki marta o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
Bir juft avtogoldan tashqari, bitta gol Mateush Nunesh hisobiga yozilgan bo‘lsa, manchesterliklar to‘purari Erling Xoland o‘yin yakunlanishiga yaqin dubl qayd etdi va jami sakkizta gol bilan liga to‘purarlari poygasida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Bu uchrashuv Erling Xoland uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. 25 yoshli hujumchi Angliya Premer-ligasidagi umumiy gollari sonini 93 taga etkazib oldi. Natijani qayd etish uchun Erlingga 103 ta o‘yin kifoya qildi.
Shu tariqa, Xoland sovuq o‘lka – Norvegiyadan kelgan futbolchilar orasida Angliya chempionatida eng ko‘p to‘p kiritgan o‘yinchiga aylandi.
Avvalgi rekord “Manchester Yunayted” yulduzi Ule Gunnar Sulsherga tegishli bo‘lib, u jami 235 ta bahsda o‘z hisobiga 91 ta gol yozdirib qo‘ygandi.



Fikrlar