
Xoland qoladi! "Borussiya" uni sotmasligini ma’lum qildi
Jahon futbolining yangi yulduzi bo‘lishi kutilayotgan Erling Xoland bir necha jamoalar o‘rtasida talash bo‘lmoqda. Unga Evropa taxti uchun kurash olib borayotgan "Barselona", "Real", "Manchester Siti" kabi grandlar og‘iz solmoqda.
Biroq "Borussiya" Dortmund uni hali-beri boshqa jamoaga qo‘yib yubormoqchi emas. Mashhur jurnalist Fabritsio Romanoning xabar berishicha, klub o‘z hujumchisini yana bir mavsum o‘z safida olib qolmoqchi. Rahbariyat hozir uning transferidan kelib tushadigan 150 mln evrodan ko‘ra, uradigan gollarini afzal ko‘rmoqda.
Dortmundliklar sport direktori Mixael Tsork Xolandning agenti Mino Rayola bilan bog‘lanib, futbolchining kelajagi to‘g‘risida gaplashgan. "Ha, biz kecha Rayola bilan suhbatlashdik. Biz o‘zimizning niyatlarimizni juda aniq bayon etdik",- dedi Tsork "Sky Deutschland" efirida.
Avvalroq, Erling Xolandning otasi va Mino Rayola "Barselona" prezidenti Laporta bilan uchrashish uchun Kataloniyaga borgani haqida xabar berilgandi.
Fikrlar