"Xo‘jand" ustozi: "O‘zbekiston chempionatida mahoratli o‘yinchilar ko‘p, ammo imkoni yo‘q, sababi..."

  • 26 yanvar, 2023, 10:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Farg‘onada tashkil qilinayotgan an’anaviy “Hokim Kubogi” turnirida ilk bor Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasi ham qatnashmoqda.

Tecno

O‘z mamlakatining etakchilaridan biri bo‘lgan ushbu klubning Farg‘onadagi musobaqada qatnashishi uning nufuzini oshirishiga xizmat qilsa ajab emas.

“Xo‘jand” bosh murabbiyi Rustam Xodjaev Sports.uz bir qator masalalarda o‘z fikrlarini bildirdi.  

Turnirga taklif haqida

- Ha, bu biz uchun syurpriz bo‘lmadi. Turnirga taklif qilishdi. Jamoamiz uchun ushbu musobaqa yangi mavsum oldidan tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Lekin hozir bizda vaziyat biroz qiyinroq. Sababi ob-havo injiqliklari bois tayyorgarlikni kech boshladik. Shuning uchun hozir turnirga to‘liq tarkib bilan kela olmadik. Legionerlarimizni viza bilan bog‘liq muammolari borligi uchun hali olishmadi. Bir qancha futbolchilarimiz U-20 terma jamoasi bilan Turkiya yig‘inida yurishibdi. Bundan fojea yasamaymiz. Sababini aytib o‘tdim, bu biz uchun mavsumga tayyorgarlik hisoblanadi. Barchasi reja bo‘yicha bo‘ldi. Turnirga taklif qilishgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Muhimi, qanday saviyadagi jamoalar borligiga e’tibor berdik. Ushbu musobaqa orqali yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.

rustam3_1

“Hokim Kubogi”dagi musobaqada vazifa qanday?

- Yana aytib o‘taman, bu mavsumga tayyorgarlik. Lekin biz har bitta o‘yinga ijobiy natija uchun maydonga tushamiz. Har bir bahsdagi natija bizni maqsadlarimiz sari etaklaydi. Omadimiz kelib turnirda g‘alaba qozonsak xursand bo‘lamiz. Vazifamiz shunchaki yaxshi tayyorgarlik ko‘rish. Lekin natija uchun maydonga tushamiz.

Raqiblar haqida  

- “Hokim Kubogi”da oldin bo‘lmaganman. “Xo‘jand” jamoasi ham hech qachon qatnashmagan. Biz bu erga birinchi bor tashrif buyurdik. Raqiblar haqida to‘liq bilmayman. Biroq asosan yoshlar tarkibi ekan. O‘rinbosarlar, farm-klub... Bu ham qiziqarli, ko‘ramiz. O‘zbekistonlik yosh futbolchilarni kuzatish imkoniyatimiz bor. Albatta, o‘z yigitlarimizning ham imkoniyatlarini yana bir bor ko‘rib olamiz. Qaysi jamoa bilan o‘ynashning farqi yo‘q. Turnirni boshidan kuzatib boryapmiz. Hamma jamoalarga chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib, asosiysi jarohatlarsiz saviyali o‘tkazishlarini tilab, barchaga omad yor bo‘lishini istab qolaman.

rustam2_1

Tarkibda qanday o‘zgarishlar?

- Tarkib bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, Samandar Ochilov jamoamizni tark etdi. Eshitishimcha, u Hindiston chempionatiga yo‘l oldi. Firdavs Abdusalomov tarkibda qoldi. Ikki markaziy himoyachilarimiz ham jamoani tark etishdi. Biz ularning o‘rnini to‘ldirish harakatidamiz. Asosiy ko‘plab o‘yinchilarimiz qoldi. Yoniga boshqa futbolchilarni chaqirib, ketganlar o‘rnini to‘ldiramiz. O‘tgan mavsum oxirida bir qator o‘yinchilar qolishdi. Sababi vazifa bajarilib bo‘lingandi, tabiiyki, tarkibni kuchaytiramiz. O‘zbek legionerlari bilanmi yoki boshqa davlatdanmi yo mahalliy o‘yinchilardanmi, xullas imkoniyatimizga qaraymiz.

“Xo‘jand” ustozi o‘zini O‘zbekiston chempionatida sinab ko‘rishga tayyormi?

- Kim ham saviya jihatidan rivojlangan chempionatda ishlashni xohlamaydi?! Hozir men Tojikistonning yaxshi bir jamoasini boshqaryapman. Bu esa men uchun o‘sishimga yordam beradi. Tajribali murabbiylar bilan ishlash ham asqotadi. Buning uchun “Xo‘jand” jamoasi rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman.

rustam1_1

Yurtimizdan o‘yinchilarni taklif qilmoqchimi?

- O‘zbekiston chempionatidan istalgan futbolchilar bor, juda ko‘p mahoratli o‘yinchilar. Ammo imkoni yo‘q. Sababi ular o‘z klublarida o‘ynashmoqda. Ro‘yxatimda bir necha futbolchilar bor. Lekin nomlarini ayta olmayman. O‘zbek klublari va futbolchilarining agentlari bilan yaxshi aloqadamiz. Mavjud imkoniyatga qarab o‘yinchilarni taklif qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!