"Xo‘jand" bosh murabbiyi: "Neftchi" futbolchilari bizning sharoitimizga kelishmaydi"

  • 18 iyul, 2024, 10:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Farg‘onada “Neftchi” xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng “Xo‘jand” bosh murabbiyi Rustam Xodjaev Sports.uz saytiga intervyu berdi.

Tecno

- Rustam aka, "Neftchi"ga qarshi o‘yin jamoangizga qanday foyda keltirdi?

- Albatta, futbolchilarimizni yana bir bor tekshirib oldik. Lekin bu o‘yinda asosiy tarkibdan 6 nafar o‘yinchilarimiz kelmadilar. Kimdir kasal, kimnidir uyida muammolari bor edi. Shu bois bu uchrashuvda tarkibimiz kuchli bo‘lmadi. Ammo biz uchun foydasi bor. Mashg‘ulotlardagi ishlanmalarimizni o‘yinda bajardik. O‘yindagi maqsadimizni ko‘rib olyapmiz. Kamchiliklarimizni ham tekshirib boryapmiz.

- "Neftchi" birinchi davrada kuchli uchlikka kira olmadi. Sizningcha, bu klubni potentsialini qanday baholaysiz?

- Birinchi davra oldidan ham “Neftchi” bilan o‘ynagandik. O‘shanda ham jamoa o‘yini yaxshi edi. Bu safar ham jamoa ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. O‘zbek klublari kim bilan qanday o‘ynashni biladi. Rasmiy uchrashuvlarda jamoa yanada boshqacharoq o‘ynaydi. “Neftchi”ning birinchi davradagi natijasi nima uchun yaxshi bo‘lmaganini bilmayman. Avvalo, buning sababini bilish uchun jamoa ichida bo‘lish kerak. Har bir klubni o‘ziga yarasha kamchiligi bo‘ladi. Biz esa o‘z kamchiliklarimizga qaraymiz.

- "Neftchi" tarkibidagi qaysi futbolchini “Xo‘jand” jamoasida ko‘rishni xohlaysiz?

- “Neftchi” futbolchilari bizning sharoitimizga kelishmaydi. Lekin u erda yaxshi o‘yinchilar ko‘p. Imkoniyat bo‘lganida albatta “Xo‘jand” jamoasiga taklif qilgan bo‘lardik. Ammo biz o‘sha futbolchilarni ololmaymiz. Nomlarini ayta olmayman.

- Vitaliy Levchenko bilan yaxshi munosabatdasiz. Uni Tojikiston terma jamoasiga taklif qilishayotgani haqida eshityapmiz. Shu rostmi? Siz ham eshitgandirsiz.

- To‘g‘ri, Vitaliy Levchenko bilan yaxshi munosabatimiz bor. Ilgari terma jamoada birga faoliyat olib borganmiz. O‘yin bahonasida u bilan ancha gaplashib turdik. Biroq uni terma jamoadagi masalasi bo‘yicha gaplashganimiz yo‘q. Uni rostdan termaga chaqirishganmi-yo‘qmi, bilmayman.

- Yaqinda "Navbahor" bilan o‘ynadinglar. Bugun "Neftchi" bilan. Sizningcha, kim kuchli: "Neftchi"mi yoki "Navbahor"?!

- “Navbahor” kuchlimi yoki “Neftchi”mi aniq ayta olmayman. Namangandagi uchrashuvda barcha asosiy futbolchilarimiz bor edi. Yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatishgandi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, “Neftchi”ga qarshi bellashuvda 6 nafar etakchi futbolchilarimiz o‘ynay olmadilar. “Neftchi” ham, “Navbahor” ham yaxshi o‘yin ko‘rsatadilar. Ular kuchli raqiblar.

- Oxirgi savol: "Xo‘jand"gi keyingi o‘yini kim bilan va tarkibda kanday o‘zgarishlar bor?

- Keyingi o‘yinimiz 21 iyul kuni Tojikistonda “Buxoro” bilan bo‘lib o‘tadi. Tarkibda yana qanday o‘zgarishlar bo‘lishini ko‘ramiz. Lekin albatta o‘zgarishlar bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!