
"Ximki"ga tavakkalga ketayotganimni bilardim, "Navbahor"da to‘p surishimni xohlab turishsa, nega yo‘q deyishim kerak?" - Alisher Odilov bilan suhbat
“Navbahor” klubi yangi mavsum uchun selektsiya ishlarini davom ettirishyapti.Tarkibga bir qator futbolchilar qo‘shib olindi. Ularning orasida iqtidorli hujumchi Alisher Odilov ham bor.
“Olimpik” klubidagi va olimpiya terma jamoamizdagi o‘yinlari orqali ko‘zga tashlangan futbolchi o‘tgan yili Rossiyaning “Ximki” klubiga yo‘l olgandi. Biroq u erda futbolchimizga imkoniyat berilmadi. Natijada yangi mavsumda yana yurtimizga qaytdi.
Odilovni o‘z safida ko‘rishni xohlagan jamoalar bisyor edi. Alisher esa “Navbahor” bilan shartnoma imzoladi.
- Alisher, avvalo, "Navbahor" klubiga o‘tishingiz haqida so‘ramoqchiman. Nega aynan ushbu klubni tanladingiz?
- Men viloyat, shahar klublarini ajratmayman. Alloh rizqimni kaysi jamoada bergan bo‘lsa o‘sha erda o‘ynayman. O‘zbekistondan juda ko‘p klublar bor edi. “Navbahor”da o‘ynashimni mendan ham ko‘proq ular xohlashdi. Shunchalik “Navbahor”da to‘p surishimni xohlab turgan bo‘lsa, nega yo‘q deyishim kerak edi? O‘zimni ham faoliyatimni “Navbahor”da olib borish xohishim bor edi.
- "Ximki" klubi bilan transfer masalasini qanday hal qildinglar?
- “Ximki” transferini men hal kilmayman. Hal qiladigan agentim bor. Agentim bilan birgalikda maslahatlashdik.
- Umuman, Rossiyadagi faoliyatingiz ham alohida mavzu desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. "Ximki"da o‘ynamaganingiz boisi, murabbiy sizga ishonch bildirmadi yoki boshqa sababi bormi?
- To‘g‘risini aytsam, nega meni o‘ynatmaganini o‘zim ham tushunmadim. “Ximki” yaxshi jamoa. Lekin hujumda tavakkal qiladigan o‘yinchilar yo‘q edi. Men “Ximki”ni hamma o‘yinlariga tayyor edim. Biroq murabbiy meni maydonga tushirishni istamadi. Rizqim “Ximki”da emas ekan, bu menga juda katta tajriba bo‘ldi.
- Rossiyaga borib shoshildim yoki xato qildim, degan fikr xayolingizga kelmadimi?
- Men tavakkalga ketayotganimi juda yaxshi bilardim. Ammo buni o‘zim xohladim. Legioner bo‘lishni, tavakkal qilishni yaxshi ko‘raman. Ketganimga unchalik afsuslanmadim. Boya aytganimdek, menga bu juda katta tajriba bo‘ldi.
- "Navbahor" klubi yangi tarkib shakllantiryapti va sizga jamoaning bir bo‘lagi sifatida qarashyapti. Lushchan sizdan nimani istayapti va maqsadingiz qanday?
- Jamoaga endi qo‘shildim. “Navbahor”da ko‘p yillardan beri birga o‘ynagan do‘stlarim bor. O‘yinda ham bir-birimizni tushunib o‘ynaymiz. Murabbiy bilan alohida gaplashganim yo‘q. Hozir faqat yig‘in o‘tkazyapmiz. Mendan murabbiy nimani xohlasa shuni ortig‘i bilan bajarib beraman, Xudo xohlasa.
- Yana Rossiyada qolishingiz ham mumkinmidi?
- Unisini faqat Alloh biladi. Yana bir gap: men andijonlikman. 12 viloyat jamoasini hech qachon ajratmayman. Alloh qaysi birida futbol o‘ynashimni yozgan bo‘lsa, shunisida o‘ynayman. Menga sen andijonliksan, “Andijon”da to‘p surishing kerak edi, degan gaplarni ko‘p aytishdi. To‘g‘ri tushuninglar, meni aytganim emas, Allohni aytgani bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
Шунинг учун , уларга жкда катта нархда сотиш керак. Пули куйгач ўйнатишади. Уларнинг футболи ҳам - сиёсат. Сиёсат бўлганда ҳам,- "Великоросс"ларнинг миллий шовинизми.