Xayrulla Hamidov Jahon chempionatida O‘zbekistonning eng xavfli raqibini aytdi
AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi Jahon chempionatining guruh bosqichi uchun qur’a tashlandi. O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhidan joy oldi va Portugaliya, Kolumbiya hamda Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya jamoalari bilan bahs olib boradi.
Taniqli futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov Sports.uz saytiga bergan intervyusida Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoaning guruhdagi asosiy raqibi Kolumbiya ekanligini ta’kidladi.
"Mening xavotirim Portugaliya emas. Xavotirim 1-turda bo‘lib o‘tadigan Kolumbiyaga qarshi uchrashuv. Sababi — o‘yin Meksikada bo‘ladi va stadionning 95 foizi kolumbiyalik muxlislar bilan to‘ladi. Fabio Kannavaro birinchi o‘yindagina katta sinovga duch kelmoqda. Kolumbiya Portugaliya terma jamoasini ham yutishi mumkin, chunki tarkibi yaxshi shakllangan. Biz Ronaldu bilan va Ronaldusiz Portugaliyani aytamiz-ku, lekin ularda bu narsa yo‘q. Kolumbiyaning hujum chizig‘ida pressingda ayni paytda jahonning eng kuchli futbolchilaridan biri Luis Dias o‘ynamoqda. Xames Rodriges esa faqat Jahon chempionatida “choy qaynatadigan jin”. Turnirda qandaydir super gollar urib qo‘yishi mumkin va Luis Suares degan tinimsiz gol uradigan hujumchisi bor. Shuningdek, tarkibda Jon Duran ham bor. Ularning hujum uchligining o‘zi qo‘rqinchli. Shuning uchun Kolumbiya bilan o‘yinimiz eng xavflisi bo‘ladi",- dedi sharhlovchi.



Fikrlar