
Xavi Sardor Rashidovga qo‘ng‘iroq qildi va...
Maqoladagi sarlavha darhol e’tiboringizni tortdi-a? Bu erda yolg‘on yoki aldov yo‘q, barchasi haqiqat. Qatarda faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Sardor Rashidov o‘sha barchamizga ma’lum-u, mashhur bo‘lgan Xavining e’tiborini o‘ziga qaratdi.
Avvalo legionerimiz bilan bog‘liq vaziyatga chuqurroq kirib boradigan bo‘lsak, yaxshi bilasiz, ayni paytda Qatar yulduzlar ligasida to‘p surayotgan yagona hamyurtimiz hisoblanadi. 2019 yildan beri “Qatar SK” sharafini himoya qilib kelyapti. O‘tgan vaqt davomida Rashidov ushbu jamoa safida 16 ta uchrashuvda 5 ta gol urdi. Yaqinda esa Qatar yulduzlar ligasida yangi mavsumga start berildi. Dastlabki uchta turda esa, “Qatar SK” ikkita mag‘lubiyat va bir g‘alaba qozongan holda 8-o‘rinni egallab turibdi. Rashidov shubhasiz jamoasining asosiy ijrochilaridan biriga aylangan.
Yaqinda xabar berganimizdek, Sardorning ushbu klub bilan tuzgan shartnomasi tugagandi, ammo “Qatar SK” rahbariyati hamyurtimiz bilan muzokara olib borgan holda yangi shartnoma imzolagandi. Natijada hamyurtimiz yangi mavsumni ham yana “Qatar SK” safida boshlagandi. Biroq endilikda vaziyat o‘zgarishi kutilmoqda.
Gap shundaki, Qatarning eng mashhur, kuchli va sovrindor klubi hisoblangan “Al Sadd” tomonidan Rashidovga jiddiy qiziqish bo‘lmoqda. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, klub bosh murabbiyi Xavi o‘zbekistonlik pleymeykerni o‘z jamoasida ko‘rishni juda-juda xohlamoqda. Shu maqsadda u hamyurtimizga qo‘ng‘iroq qilgan va futbolchimizni “Al Sadd”da ko‘rmoqchi ekanligini bildirgan holda taklif bilan chiqqan.
Bir qarashda bu legionerimiz uchun juda yaxshi chorlov. Chunki Xavidek mutaxassis unga bejizga qiziqmagan. Qolaversa, u Qatar chempionatida futbolchi sifatida faoliyat olib borganida ham bir necha bor Rashidov bilan to‘qnash kelgan va uning o‘yinlarini juda yaxshi eslab qolgan. Shu sababli Xavi yangi shakllantirayotgan jamoasida Sardor Rashidov rejasining bir qismiga aylanishini istamoqda. Hattoki, ispaniyalik murabbiy legionerimizga qo‘ng‘iroq qilishdan tashqari unga iliq fikrlar bitilgan sms ham yozgan. Bu borada Rashidovning o‘zi sports.uz saytiga ma’lum qildi va chindan ham “Al Sadd”dan taklif bo‘layotganini tasdiqladi.
Xabaringiz bo‘lsa, Xavi yaqinda o‘z jamoasiga ispaniyalik yana bir taniqli futbolchi – Santi Kasorlani ham olib kelgandi. Individual jihatdan ham katta tajribaga ega bo‘lgan va har qanday jamoa o‘yinini kuchaytirishga qodir bo‘lgan Rashidovni aynan Kasorla bilan bir jamoada ko‘rishni istayotgani, jamoasining hujumlarida rang-baranglikni yaratish uchun ikkisining o‘yini balki Xavini jiddiy qiziqtirib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Aks holda u futbolchimizga jiddiy qiziqish bildirarmidi?
Umuman olganda, Xavi Qatarga ko‘chib o‘tganidan beri Osiyo futboli va shu jumladan O‘zbekiston haqida ham etarli ma’lumotlarga ega bo‘lib bormoqda. Chunki u bir necha bor klublarimizga qarshi ham o‘ynagan. Ilgari esa uning “Paxtakor” etakchisi Jaloliddin Masharipovga qiziqish bildirgani haqidagi xabarlar ham tarqalgandi. Ammo “Paxtakor” rasmiylari “Al Sadd”dan rasmiy taklif bo‘lmagani haqida aytishgandi. Lekin Sardor Rashidovga taklif bilan chiqqani ishonchli. Buni legionerimiz ham tasdiqlagani haqida boya aytdik.
Xo‘sh, endi voqealar rivoji qanday tus oladi? “Qatar SK” futbolchimizni qo‘yib yuboradimi? Unutmaslik kerakki, bunday etakchi ularning o‘zlariga ham kerak. Bu yog‘i esa muzokaralarning qanday kechishiga bog‘liq. Buning ustiga “Al Sadd” ayni paytda markazlashgan holda o‘tkazilayotgan Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokini davom ettirmoqda. Bizga ma’lum bo‘lishicha, OChLdagi o‘yinlarini o‘tkazib bo‘lishgach, Rashidov masalasi hal etilishi kutilmoqda. Darvoqe, yana bir gap: bizning futbolchimizga qiziqish bildirayotgan bu birgina “Al Sadd” emas. Bundan tashqari, yana boshqa chempionatlardan takliflar ham borligi ayon bo‘lib bormoqda. Asosiysi, Sardorni o‘z safida ko‘rishni istayotganlar ko‘p.
Rashidovning faoliyatida esa Qatardagi ishtiroki katta ahamiyat kasb etadi. Bu erga u ilk bor 2015 yili kelgan va o‘shanda “Al Jaish” jamoasining a’zosiga aylangan holda ushbu klubda frantsiyalik Sabri Lyamushi qo‘li ostida bir-biridan ajoyib va unutilmas o‘yinlarni o‘tkazganini futbolchimiz shirin xotiralar bilan eslaydi. “Al Jaish” safida ikki yil davomida 48 ta o‘yinda maydonga tushib raqiblar darvozasiga 23 ta gol urgandi. Shundan keyin uning “sovchi”lari yanada ko‘payib ketgandi va qator takliflar orasidan u BAAning “Al Jazira” klubini tanlagandi. Bunga sabab “Al Jazira”ning klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishi Sardorni jiddiy qiziqtirib qo‘ygandi. Holbuki, o‘sha paytda BAAning yana bir etakchi jamoasi – “Al Ayn” tomonidan ham taklif bo‘lgandi. Lekin futbolchimizning “Al Jazira”dagi faoliyati o‘zi istagandek chiqmadi. Bunga sabab murabbiy bilan bog‘liq edi. Xullas, keyin futbolchimiz Toshkentga qaytib "Lokomotiv”da o‘ynab turdi. So‘ngra transfer oynasi ochilgan paytda Portugaliyaning “Nasonal” jamoasi bilan kelishuvga erishdi. Bu ham o‘ziga yarasha muhim voqelik edi. Sardor Portugaliya chempionatida o‘ynagan ilk o‘zbek futbolchisiga aylangandi. 7 ta uchrashuvda 3 ta gol urgan futbolchimiz u erning tashqi muhiti sababli o‘zini noqulay his qildi. Shundan so‘ng u yana Qatarga qaytishga qaror qilgan. Qolgani esa endi o‘zingizga ma’lum. Biz futbolchimiz bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar