
Xaridor Shomurodovni olish bo‘yicha aniq reja tuzib qo‘ydi
2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kurashayotgan va bu hozircha mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaxshi imkoniyat hosil qilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va asosiy to‘purari Eldor Shomurodov oldida katta masala turibdi.
“Kalyari” o‘zbek futbolchisi bilan rasman xayrlashdi va endi 29 yoshli forvardimiz o‘ziga yangi ish joyi topishi talab etiladi. Chunki kelasi mavsum milliy terma jamoamiz jahon chempionati yo‘lidagi asosiy bosqichni bosib o‘tishi kerak. Shomurodov esa, jamoa etakchisi sifatida yaxshigina o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi talab etiladi.
A Seriyadagi joyini saqlab qolgan “Kalyari” klubi sport direktori Nereo Bonato ma’lum muddat “Roma” rahbariyati bilan Eldor Shomurodov transferi uchun talab qilingan 9 million evro miqdoridagi badal pulini pasaytirishni so‘rab, muzokara olib bordi. Biroq ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi va Shomurodov Rimga qaytadigan bo‘ldi.
Sardiniya klubi faoliyatini yoritayotgan cagliarinews24.com sayti eksperti Emanuele Olla bu masalani quyidagi tahlil qildi.
- “Kalyari” rimliklar talab qilayotgan summani katta ekanidan kelib chiqib, Eldor Shomurodov transferini amalga oshirmaslikka qaror qildi va “Roma” bilan muloqotlarni vaqtinchalik to‘xtatdi.
Shunday qilib, o‘zbek futbolchisi “Roma” safiga qaytadi. Lekin jomadonini qo‘ldan qo‘ymaydi. Chunki poytaxt klubi Shomurodovni transferga qo‘yishi kutilmoqda. “Kalyari” anu shu paytni poylayapti. Agar Eldorga aniq xaridor chiqmasa, sardiniyaliklar bu futbolchini so‘rab, “Roma” bilan muzokaralarni tiklashni rejalashtirmoqda.
Chunki bu holatda “Roma” hujumchini sotib yuborish uchun transfer shartlarini o‘zgartirishga va pasaytirishga majbur bo‘ladi, - deb yozdi Emanuele Olla.
O‘z navbatida, “Roma” mutasaddilari ham boshqa klublarda o‘ynab, ijaradan qaytgan futbolchilarning kelajagi borasida ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda.
Italiyalik futbol eksperti Luka Di Leonardoning yozishicha, “Roma” yangi xaridlarni amalga oshirishi uchun bir necha futbolchilarni sotib yuborishi va ma’lum miqdorda mablag‘ jamg‘arishi talab etiladi. Xususan, Eldor Shomurodov uchun 18 million evro atrofida xarajat qilgan rimliklar o‘zbek futbolchisi transferi orqali sarflangan mablag‘ning imkon qadar ko‘proq qismini qaytarishga urinyapti.
- Besh nafar futbolchi Trigoriyaga qaytadigan bo‘ldi, lekin ular “Roma”da qolmaydi. Gap Eldor Shomurodov, Marash Kumbulla, Ola Solbakken, Ebrima Darboe va Davide Mastrantonio haqida ketmoqda.
Bu o‘yinchilarning hech biri klub rahbariyatining ham, murabbiylar shtabining ham kelasi mavsum rejalariga kiritilmagan. “Roma” sport direktori Floran Gisolfi endi yaqin bir necha hafta ichida ularga yangi ish joyi topishga harakat qiladi, - deb yozdi Il Romanista gazetasi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Italiyada 2020 yilning oktyabridan beri o‘ynamoqda. Tajribali hujumchimiz “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” safida A Seriya doirasida jami 102 ta uchrashuvda qatnashib, 15 ta gol va 9 ta assist qayd etgan. Bugungi kunda hamyurtimizning transfer narxi 5 million evroni tashkil qilmoqda.
Tezkor: “Vilyarreal” Fayzullaev transferiga munosabat bildirdi!
Fayzullaev qo‘ldan chiqyapti yoxud Abbosbek va “Vilyarreal” masalasiga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?
Fikrlar