“Xalqaro avtomobilsiz kun” doirasida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi

  • 22 sentabr, 2021, 09:36
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Velosport
BEPUL PROPAN

Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, aholining keng qatlami, ayniqsa yoshlar, ayollar va keksalarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, ommaviy sportni inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy salomatlik asosi ekanini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 22 sentyabr – O‘zbekistonda “Avtomobilsiz kun” deb e’lon qilindi.

Ushbu kun doirasida yurtimizda ham bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Chunonchi, bugun “Xalqaro avtomobilsiz kun” doirasida “Bilim va faol harakatlarni kengaytirish orqali O‘zbekistonda global yo‘l harakati xafsizligini takomillashtirish” mavzusida gibrid shaklida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

"Zoom" platformasi orqali tashkil etilgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov, BMTning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maxsus vakili, Xalqaro avtomobil federatsiyasi prezidenti Jan Todt, O‘zbekiston Milliy avtomobil klubi jamoatchilik birlashmasi prezidenti Elbek Shukurov, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianna Kuppens xonim va boshqalar ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerak, Barqaror harakatlanish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan shu kunga qadar 5ta qonun qabul qilindi yoki qayta ko‘rib chiqildi, 7ta Prezident qarori, 50dan ortiq hukumat qarorlari hamda yo‘l harakati xavfsizligi va yo‘l politsiyasi xodimlari xizmatiga tegishli 70dan ortiq idoralararo normativ hujjatlar qabul qilindi.

So‘nggi vaqtlarda yurtboshimiz boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar sabab odamlarning sport bilan shug‘ullanishga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Turli marafonlar va musobaqalarning o‘tkazilishi hamda ularga bo‘lgan qiziqishning kuchayib borayotganligi shundan dalolat beradi.

- “Xalqaro avtomobilsiz kun” munosabati bilan davlat idoralari va mahalliy organlari rahbarlarini shaxsiy namuna ko‘rsatib, 22 sentyabr “Xalqaro avtomobilsiz kun” tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqiraman. Shu bilan birga, ilm-fan, madaniyat va sport sohalari xodimlari hamda OAV vakillarini, qolaversa barcha yurtdoshlarimizni shu kuni ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etishga hamda bir kun davomida avtomobil o‘rniga velosipeddan foydalanish yoki piyoda harakatlanishga chorlab qolaman. Avtomobilsiz kun aktsiyasi doirasida #carfreeday_uzbekistan, #shaxsiynamunakursat, #avtomobilsizbirkun xeshteglaridan foydalanib, yana-da keng aholini qamrab olishni taklif etaman. Zero bu kabi tadbirlarni o‘tkazish mamlakatimizda yo‘l xarakati xafsizligini yana-da takomillashtirish, shahar aholisi o‘rtasida ekologik madaniyat hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni maqsad qilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham o‘z tavsiyalarida jismoniy faollikni oshirish infetsion, yurak-qon tomir, saraton va qandli diabet kasalliklar profilaktikasida muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi. Shunday ekan, fikrimcha, ayni damda dunyoda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatda bunday aktsiyaning o‘tkazilishi ayni muddaodir”, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

Xalqaro davra suhbatida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan har bir spiker bugungi kunda atrof-muhit va havoning ifloslanishi, insoniyatning tabiatga bo‘layotgan shavqatsiz munosabati natijasida kishilik jamiyati salomatligi jiddiy xavf ostida qolayotganini alohida ta’kidlab, barcha yurtdoshlarimiz va mehmonlarni “Avtomobilsiz kun” tadbirida faol ishtirok etishga chaqirishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, jahon bo‘ylab “Avtomobilsiz kun” aktsiyasi har yili 22 sentyabrda o‘tkazilib, insonlarni bir kun davomida avtomobilsiz yurishga chaqiradi. Tarixga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “Avtomobilsiz kun” g‘oyasi 1995 yilda Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan hamda qisqa muddatda butun dunyoda keng ommalashgan. 2000 yildan beri 22 sentyabr “Butunjahon avtomobilsiz kuni” sifatida nishonlanadi. Hozir dunyodagi 3 000ta shaharda istiqomat qiluvchi 100 milliondan ortiq aholi “Xalqaro avtomobilsiz kun”ni keng nishonlaydi.

Poytaxtimiz Toshkentda ham “Avtomobilsiz kun” doirasida qator tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, velosipedni transport sifatida ommalashtirish, shahar aholisi o‘rtasida ekologik madaniyatni targ‘ib etish maqsadida "Tungi velosayr" festivali tashkil etiladi.

Festival doirasida Toshkent shahrining tungi go‘zalligi, madaniy xususiyatlari keng targ‘ib qilinib, aholining turli qatlamlari ishtirokida velosayr, skeytlarda, samokatlarda va roliklarda uchish, shuningdek, mohir velosipedchilar tomonidan aholiga velomahorat darslarini namoyish etish o‘rin olgan.

Turizm va sport vazirligi matbuot matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!