
Xalkdan Neymargacha: faoliyatini ko‘cha futbolidan boshlagan 5 nafar futbolchi
Ko‘cha futbolida hech qanaqa qonun-qoidalar yo‘q. Shunchaki koptogi bor do‘stingiz bo‘lsa kifoya, qolgani o‘z-o‘zidan boshlanib ketadi. Balki, ko‘cha futbolida to‘p tepayotgan vaqtingizdagi sheriklaringiz ichidan birortasi balki kelajakdagi mashhur futbolchi bo‘lib etishar. Juda ko‘plab superyulduzlar ko‘cha futbolida to‘p tepishgan va haligacha ko‘pchiligi bu o‘yinning ashaddiy muxlisi hisoblanadi. Biz hozir sizga professional faoliyatini boshlashdan oldin ko‘chada to‘p tepgan 5 nafar futbolchilar haqida ma’lumot beramiz.
N’Golo Kante (Frantsiya, “Chelsi”)
Kante professional faoliyatini 21 yoshida boshlagan. Bir necha mavsum Frantsiyaning ikkinchi ligasida to‘p surgan. 24 yoshida esa “Kann” jamoasiga o‘tgach, faoliyatida jiddiy qadamni bosdi. Uning harakatlarni Angliya jamoalari kuzata boshladi va yakunda “Lester” futbolchini qo‘lga kiritdi. “Tulkilar” safidagi sensatsion chempionlikdan so‘ng, “Chelsi” frantsiyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi. Londonliklar safiga o‘tishidan 3 yil avval ham Kante hattoki, Frantsiyaning ikkinchi divizionida to‘p surardi.
U faoliyatini Parij ko‘chalarida boshlagan. Havaskorlar chempionatida qatnashardi. Shunchaki do‘stlari bilan ko‘chada to‘p tepib yurardi. Qisqa vaqt ichida shuncha yutuqqa erishgan futbolchi haligacha kamtarligini saqlab qoladi. Ba’zan uning uyiga muxlislari tashrif buyuradi. Kante ular bilan bajonidil pleysteyshn o‘ynaydi.
Neymar (Braziliya, “PSJ”)
“Maktabdan qaytishim bilan, sport formamni kiyardim va ko‘chaga futbol o‘ynagani chiqib ketardim. Tungacha futbol o‘ynardim. O‘sha paytlar bundan muhimroq narsa yo‘q edi men uchun” – deydi Neymar. Ammo murabbiylari uning ko‘chada futbol o‘ynashini istashmas edi. Sababi, Neymar u erda jarohat olishi mumkin edi. Ammo bu sabab Neymarni to‘xtatib qololmasdi. U ko‘cha futbolida o‘z mahoratini oshirganini tan oladi. Braziliyalik futbolchi haligacha ko‘chada o‘z do‘stlari bilan to‘p tepib turadi.
Aleksis Sanches (Chili, “Inter”)
Sanches Evropadagi faoliyatini Italiyaning “Udineze” jamoasida boshlagan. Keyin “Barselona”ga o‘tgan. Undan so‘ng “Arsenal”da foliyatini davom ettirdi. Janubiy Amerikalik futbolchi yoshligida o‘z do‘stlari bilan ko‘chada futbol o‘ynagan vaqtlarida “olmaxon” degan nom qo‘yishganini yodga oladi. Bunga sabab Sanches doimo harakatda va futbolga chanqoqligi tufayli do‘stlarini yig‘uvchi bo‘lgan. Sanches ham aynan ko‘cha futboli sabab ancha tajriba to‘plaganini tan oladi.
Krishtianu Ronaldu (Portugaliya, “Yuventus”)
Dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan Ronaldu o‘ faoliyatini Madeyra ko‘chalarida to‘p tepishdan boshlagan. Krishtianu do‘stlari bilan futzal o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Portugaliyalik futbolchi kichik maydonda to‘p tepishi to‘pni nazorat qilishni, raqibni birga-bir vaziyatda aldab o‘tish usullarini o‘rgatganini aytib o‘tadi. U haligacha ko‘cha futboliga qiziqadi. Madridda ham pensionerlar bilan, ko‘chada to‘p tepadigan notanishlar bilan futbol o‘ynardi.
Xalk (Braziliya, “Shanxay Shenxua”)
Xalk ham Ronaldu singari yoshligida futzal o‘ynagan. Ammo portugaliyalik futbolchidan farqli ravishda katta futbolda stabil o‘yin ko‘rsata olmadi. 17 yoshida professional shartnomasini imzolagan Xalk, darhol Yaponiya klubiga o‘tib ketgan. Yaponiyada 4 yil to‘p surgan futbolchi “Portu” safida ko‘zga ko‘rinishni boshladi. Uning yutug‘i uzoqda kuchli zarba bera oladi va ba’zan shu zarbalari golga aylanadi. Hozirda Xitoyda to‘p surayotgan futbolchi hali ham uzoqdan kuchli zarbalar bilan chiroyli gollar uradi.
Fikrlar